uz
Internet banking

Qonuniy tarzda tashkillashtirilgan mehnat migrasiyasiga ko'mak!

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “O'zbekiston Respublikasi fuqarolarining vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga transportda chiqish vaqtida xavfsizligini ta'minlash chora-tadbirlari to'g’risida” 2018 yil 5 martdagi PQ-3584-sonli qarori ijrosini ta'minlash maqsadida “Ipoteka-bank” aksiyadorlik tijorat ipoteka banki tomonidan bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, bank tomonidan O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, mazkur vazirlikning Tashqi mehnat migrasiyasi masalalari agentligi hamda Rossiya Federasiyasining Sankt-Peterburg shahridagi “Трудовые резервы Евразии” mas'uliyati cheklangan jamiyati bilan hamkorlik yo'lga qo'yildi.

Shuningdek, “Ipoteka-bank” tashqi mehnat migrasiyasi masalalarida xorijiy tijorat banklari bilan hamkorlik munosabatlarini tashkillashtirmoqda.

Ta'kidlash joizki, joriy yilning mart oyida “Ipoteka-bank” tomonidan horijga vaqtinchalik mehnat faoliyatini yuritish maqsadida qonuniy tarzda ketish istagini bildirgan fuqarolarni kreditlash mexanizmi ishlab chiqilib, amaliyotga joriy qilindi.

Ushbu loyiha bo'yicha ajratiladigan kreditlar qonuniy tarzda horijga vaqtinchalik mehnat faoliyatini yuritish maqsadida ketuvchi fuqarolarning quyidagi xarajatlarini to'lash uchun ajratiladi:

Birinchidan, yo'l-transport xarajatlari, Tashqi mehnat migrasiyasi masalalari agentligi tomonidan tashkil qilinadigan tibbiy ko'rik, qisqa muddatli o'quv kurslari uchun ajratiladi. Bunda kredit mablag’laridan pul o'tkazish yo'li bilan Tashqi mehnat migrasiyasi masalalari agentligi hisobvarag’iga yoki boshqa tegishli tashkilot hisobvarag’iga o'tkazib beriladi.

Ikkinchidan, fuqaroning chet davlatda ishga joylashish bilan bog’liq bo'lgan ishlash uchun xorijiy mamlakatning qonun hujjatlariga muvofiq tegishli ruxsatnoma, tibbiy ko'rik, dastlabki uy-joy ijara to'lovi va boshqa xarajatlarni (xorijiy valyutada) to'lash uchun xalqaro to'lov kartasiga o'tkaziladi.

“Ipoteka-bank” tomonidan qonuniy tarzda xorijga vaqtinchalik mehnat faoliyatini yuritish maqsadida ketuvchi fuqarolarga imtiyozli kreditlar ariza berilgan sanadagi O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankining kursi bo'yicha 1000 AQSH dollari ekvivalentigacha bo'lgan miqdorda milliy valyutada ajratiladi.

Kredit bo'yicha yillik foiz to'lovlari O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalash stavkasi miqdorida belgilangan. Hozirgi kunda bu yillik 14 foizni tashkil qilmoqda.

Mazkur kredit 12 oydan ko'p bo'lmagan muddatga berilib, fuqaro tomonidan dastlabki 3 oy muddat ichida imtiyozli ravishda faqat kredit bo'yicha foizlar to'lanishi lozim.

Misol uchun, 1000 AQSH dollari ekvivalentida kredit olgan fuqaro birinchi uch oy davomida har oy 11,7 AQSH dollari ekvivalentida kredit bo'yicha foiz to'lovlarini amalga oshirishi kerak.

Keyingi 9 oy davomida qarzdor tomonidan har oyda 117,7 AQSH dollari ekvivalentida kredit va u bo'yicha foiz to'lovlarini qaytarishi lozim.

Kredit bo'yicha to'lovlar qarz olgan fuqaroning respublikamizga horijdan yuborgan daromadlari hisobidan oila a'zolari tomonidan amalga oshiriladi.

Alohida ta'kidlash kerakki, ushbu kredit vaqtinchalik mehnat faoliyatini yuritish maqsadida xorijga aynan qonuniy tartibda tashkillashtirilgan mehnat migrasiyasi orqali ketadigan fuqarolarga berilishi ko'zda tutilgan.

Ushbu kredit turini olish istagini bildirgan fuqarolar bankning joylardagi filiallariga quyidagi hujjatlarni taqdim etishlari lozim:

  • ariza;
  • qarz oluvchi va birgalikda qarz oluvchi/to'lovchi pasporti;
  • kredit ta'minoti bo'yicha taqdim etiladigan hujjatlar
  • Tashqi mehnat migrasiyasi masalalari agentligi bilan tuzilgan shartnomasidan nusha.

Back to the list