uz
Internet banking

Yosh gandbolchilarimiz Jahon kubogiga sazovor bo'ldilar.

Joriy yilning 5 - 11 iyul kunlari Italiyaning Teramo shahrida Xalqaro gandbol federatsiyasi taqvimiga kiruvchi 46 - Xalqaro «Interamnia» jahon kubogi musobaqasi o'z yakuniga etdi. Turli yosh toifalari o'rtasida o'tkazilgan musobaqada jahonning 34 ta mamlakatidan 123 ta jamoa ishtirok etdi. Musobaqada yurtimiz sharafini 2000 yillarda tug’ilgan sportchilardan tashkil topgan O'zbekiston terma jamoasi himoya qildi. Yosh gandbolchilarimiz o'tkazilgan etti uchrashuvning barchasida zafar quchib, oltin medallarga va Jahon kubogiga munosib deb topildi.

17 iyul kuni «Ipoteka-bank» ATIB bosh ofisida musobaqa qatnashchilari va murabbiylarini taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi.

Tadbirda «Ipoteka-bank» ATIB rahbariyati va xodimlari, Jismoniy tarbiya va sport vaziriligi birinchi o'rinbosari, Gandbol federaciyasi vakillari, yosh musobaqachilar va ularning ota-onalari shuningdek ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Tadbirni Ipoteka-bank Bosharuvi Raisi, Gandbol federatsiyasi Prezidenti Omon Musaev tabrik so'zi bilan ochib berdi. O'z ma'ruzasida muhtaram Prezidentimiz tomonidan yurtimizda sportning barcha turlarini tizimli ravishda rivojlantirilayotganiga, yosh avlodni shakllantirishda sportning o'rnini, yoshlarimiz orasidan etishib chiqayotgan iqtidorli sportchilarni qo'llab-quvvatlanayotganini alohida e'tirof etdi. Ushbu ishlarning samarasini birgina gandbol sport turini o'zidanoq qo'lga kiritilgan qator yutuqlarda ko'rishimiz mumkin deya yig’ilganlarga gandbol federatsiyasi rahbari sifatida qo'lga kiritilayotgan natijalar bilan tanishtirib o'tdi.

Asosiy hamkor sifatida bank tomonidan keyingi yillarda mazkur sport turini rivojlanishi yo'lida ajratilayotgan mablag’lar evaziga sportchilar uchun munosib shart-sharoitlar yaratib berildi. 2016 yil O'zbekiston Osiyo Gandbol federatsiyasi tomonidan “Eng faol federatsiya” nominaciyasiga sazovor bo'lishdi.

Yosh gandbolchilarni Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o'rinbosari Oybek Qosimov tabriklar ekan, sportchilarimizni ulkan muvafaqqiyatlar tark etmasligini va kelajakda bundanda yuqori marralarni zabt etishi kerakligini ta'kidlab o'tdi.

Tadbir doirasida so'zga chiqqan gandbolchilar, murabbiylar va ota-onalar cheksiz quvonch va o'zgacha g’urur iftixor bilan yurtimizda sportga qaratilayotgan e'tibor va qo'lga kiritilayotgan ulkan yutuqlar xususida to'lqinlanib gapirib berdilar.

Tadbir so'nggida sportchilarga Ipoteka-bank bank tomonidan esdalik sovg’alari topshirildi.

Ipoteka-bank jamoasi yosh gandbolchilarimizni mazkur muvafaqqiyati bilan qutlab kelgusi faoliyatida ulkan zafarlar tilaydi!!

Back to the list