BANK KARTASINI CHIQARISH VA UNGA XIZMAT KO‘RSATISH BO‘YIChA
OMMAVIY OFERTA SHARTNOMASI
Ushbu bilan, “Ipoteka-bank” ATIB (bundan buyon shartnoma matnida “Bank” deb yuritiladi), jismoniy shaxslarga (bundan buyon shartnoma matnida ”Mijoz” deb yuritiladi) bank kartasini ochish va ularga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ommaviy oferta shartnomasini (bundan buyon shartnoma matnida “Shartnoma” deb yuritiladi) tuzishni O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksining 369-moddasiga muvofiq taklif qiladi.
Mijoz tomonidan ushbu shartnomaning 3-bo‘limida ko‘rsatilgan harakatlar amalga oshirilishi, Mijozning mazkur shartnomada ko‘rsatilgan tartibda va hajmda Bank bilan Shartnoma tuzishga rozi bo‘lganligini hamda Shartnoma talablarini e’tirozsiz to‘liq qabul qilganligini bildiradi.
Shartnoma Mijoz bank kartasi ochish uchun Bankka murojaat qilganida bosma shaklda yoki Mijoz Bankning mobil ilovasi orqali masofadan bank kartasi ochish uchun murojaat qilganida elektron shaklda taqdim qilinadi. Mijoz Shartnomani “www.ipotekabank.uz” veb-saytida va Bank mobil ilovasida elektron PDF-fayl ko‘rinishida yuklab olishi mumkin.
I. ASOSIY TUSHUNCHA VA ATAMALAR
1.1. Shartnomada quyidagi asosiy tushuncha va atamalardan foydalaniladi:
Aktsept – Ofertaning to‘liq va so‘zsiz qabul qilinishi. Ofertani aktseptlash shartnoma tuzilganigini vujudga keltiradi va huquqiy ahamiyatga ega.
Bank kartasi – Mijozga to‘lov infratuzilmari orqali to‘lovlarni amalga oshirish yoki naqd pul mablag‘larini olish yoxud valyuta ayirboshlashni amalga oshirish va Bank tomonidan belgilangan boshqa operatsiyalarni bajarish imkonini beruvchi to‘lov vositasidir. Bank kartasi debet, kredit kartasi, shu jumladan virtual (jismonan mavjud bo‘lmagan) karta bo‘lishi mumkin.
Bank kartasining blokirovkasi – Qoidalarga muvofiq bank kartasining nafaol holatga o‘tkazilishi.
Bank karta hisobvarag‘i – bank kartasi orqali pul mablag‘larini tasarruf etish mumkin bo‘lgan bank hisobvarag‘i.
Bank tarifi – Bankning vakolatli organi tomonidan tasdiqlangan, bank kartalari orqali operatsiyalar amalga oshirilganda, bank kartalarini chiqarishda va ularni yangisiga almashtirib berishda va boshqa bank xizmatlarini ko‘rsatishda undiriladigan haq miqdorlarini belgilab berilgan hujjat.
Bankdan tashqari to‘lov tashkiloti – bank hisoblanmaydigan, to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirishga vakolatli bo‘lgan yuridik shaxs (CLICK, RAYME, RAYNET va b.)
Internet to‘lov – Bank karta egasiga internet tarmog‘i orqali elektron to‘lovlarni amalga oshirish imkonini taqdim etish.
Masofaviy xizmat ko‘rsatish tizimi – elektron xizmatlardan foydalanish uchun to‘lov xizmatlaridan foydalanuvchi va ushbu xizmatlarni etkazib beruvchi o‘rtasidagi aloqani ta’minlaydigan telekommunikatsiya vositalari, raqamli va axborot texnologiyalari, dasturiy ta’minot va uskunalar majmui.
Minimal balans qoldig‘i (Sug‘urta depoziti) – Bank karta hisobvarag‘ida saqlanishi majburiy bo‘lgan pul mablag‘larining minimal qoldig‘i.
Oferta – Bank kartasidan foydlanish istagini bildirgan shaxslarga yuborilgan, etarli darajada aniq bo‘lgan va Bank o‘zini taklif yo‘llangan va uni qabul qiladigan shaxs bilan shartnoma tuzgan deb hisoblash niyatini ifoda etadigan taklif.
PIN-kod – Mijozning shaxsiy identifikatsiya raqami bo‘lib, u karta hisobvarag‘idagi pul mablag‘larini boshqarish huquqini hamda mablag‘larni boshqarishga Mijoz tomonidan ruxsat berilganligini tasdiqlaydi.
To‘lov tizimi – to‘lovlarni to‘lov tizimining operatori, to‘lov tizimi ishtirokchilari va (yoki) to‘lov tashkilotlarining to‘lov tizimi operatori tomonidan belgilangan to‘lov tizimining tartib-taomillarini, infratuzilmasini va qoidalarini qo‘llash vositasida xamkorlik qilish yo‘li bilan amalga oshirishni ta’minlaydigan munosabatlar majmuidir.
Ushlab turish (Nold) – Bank kartasi orqali muvofaqqiyatli amalga oshirilgan operatsiya va komissiya summasini muzlatish.
Shaxsga doir malumotlar – muayyan jismoniy shaxsga taalluqli bo‘lgan yoki uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan, elektron tarzda, qog‘ozda va (yoki) boshqa moddiy jismda qayd etilgan axborot;
Shubhali operatsiya – tayyorlash, sodir etish jarayonida bo‘lgan yoki sodir etib bo‘lingan, ichki nazoratni o‘tkazish vaqtida tijorat bankida uning jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va (yoki) ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirish maqsadida amalga oshirilganligiga shubha paydo bo‘lgan operatsiya;
Qoidalar – O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari, shuningdek, Xalqaro va mahalliy to‘lov tizimlari hamda Bank tomonidan o‘rnatilgan bank kartalaridan foydalanish qoidalari. Mijoz ushbu oferta qilingan shartnomani aktseptlash orqali ushbu qoidalar qo‘llanilishiga o‘z roziligini bildiradi.
SMS banking – bank kartasi vositasida amalga oshirilgan to‘lovlarni nazorat qilish tizimi. Online tarzda amalga oshirilgan har bir to‘lov va bank kartasining joriy qoldig‘i bo‘yicha bank kartasi egasining telefoniga SMS xabar keladi.
PAN – (Primary Account Number) To‘lov plastik kartani yuzidagi 16 xonali raqamlar majmuasi.
CVV/CVC – (Card Verification Value/Code) on-line to‘lovlarni amalga oshiruvchi, plastik kartani orqa tomonidagi raqamlar majmuasining oxridagi 3 ta xonali raqamlardan iborat maxsus kod.
Avtoto‘lov xizmati – Tijorat banklari yoki boshqa yuridik shaxslar ajratgan qarz (kredit) yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotilgan tovar (ish, xizmat) uchun to‘lovlarni bank kartasidan avtomatik tarzda davriy ravishda echib borish imkoniga ega bo‘lgan elektron dastur. Bank kartasining saqlovchisi qarz (kredit) yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan tovar (ish, xizmat) olishda tijorat banklari yoki boshqa yuridik shaxslar bilan bitim tuzishda ishtirok etishi va o‘zining shaxsiga doir ma’lumotlarni taqdim qilishi orqali Avtoto‘lov xizmati yordamida tegishli mablag‘lar uning bank karta hisobvarag‘idan davriy ravishda hisobdan chiqarilib borishiga o‘z roziligini bergan hisoblanadi.
II. SHARTNOMANING PREDMETI
2.1. Bank ushbu shartnomaga va Qoidalarga muvofiq Mijozga bank karta hisobvarag‘ini ochib beradi va hisobvaraqdagi mablag‘lardan hisob-kitoblarni amalga oshirishda foydalanish uchun bank kartasi taqdim qiladi hamda bank xizmatlarini ko‘rsatadi. Mijoz bank kartasidan Qoidalarga amal qilgan holda foydalanadi hamda bank tariflariga muvofiq bank xizmatlari haqini to‘laydi.
III. SHARTNOMANI AKTSEPTLASH TARTIBI
3.1. Mijoz ushbu oferta qilingan shartnomani:
a) Bank tomonidan taqdim qilingan bank kartasini chiqarish haqidagi ariza blankasiga shaxsga doir va boshqa ma’lumotlarni kiritish va uni imzolash; yoki
b) Bankning veb-sayti yoki mobil ilovasining bank kartasini chiqarishga masofadan turib ariza berish imkonini beruvchi komandalarini qadamma-qadam bajarish; yohud
v) Bank tomonidan Shartnoma yangi tahrirda oferta qilingan kundan boshlab o‘n kalendarь kunidan so‘ng bank kartasidan foydalanishni davom ettirish orqali aktseptlaydi.
3.2. Mijoz ushbu shartnomaning 3.1-bandida ko‘rsatilgan harakatlarni bajargan paytdan boshlab aktsept olingan va ushbu shartnoma tuzilgan hisoblanadi.
3.3. Bank kartasi amal qilish muddati davomida Bankning mulki hisoblanadi, u amal qilish muddati tugagandan so‘ng yoki almashtirilganda yoxud Bank talabi bo‘yicha qaytarilishi lozim.
3.4. Shartnoma Mijozga bank karta hisobvarag‘i ochilgan Bank filiali joylashgan erda tuzilgan hisoblanadi.
VI. BANK KARTASINI CHIQARISH VA ULARGA XIZMAT KO‘RSATISH SHARTLARI
4.1. Bank ushbu shartnomaning 3.1-bandiga muvofiq Mijozning aktseptini olgan bank ish kunidan keyingi bank ish kunidan kechiktirmay Mijoz nomiga bank karta hisobvarag‘ini ochadi hamda uch kunlik muddatda bank kartasini chiqaradi.
4.2. Chiqarilgan bank kartasi Mijozga yoki uning ishonchli vakiliga, Mijoz identifikatsiya qilinganidan so‘ng Qoidalarda belgilangan tartibda taqdim etiladi.
4.3. Bank kartasi kurьerlik xizmati orqali qo‘shimcha haq evaziga etkazib berilishi ham mumkin. Qo‘shimcha haqning miqdori Bank tariflarida belgilanadi.
4.4. Bank kartasining muddati, bank kartasining old tomonida ko‘rsatiladi (Masalan: 03/24.- 31 mart 2024 yil 23:59 qadar). Ushbu muddat o‘tganidan so‘ng bank kartasi avtomatik ravishda bloklanadi.
4.5. Bank tomonidan bank kartasini chiqarish Qoidalarda belgilangan asoslarga ko‘ra rad qilinishi mumkin.
4.6. Bank kartasi Bank tomonidan Qoidalarda belgilangan hollarda yoki vakolatli organ tashabbusi bilan bloklanishi mumkin.
4.7. Mijoz bevosita Bankka yozma ravishda yoki Bankning masofaviy bank xizmati tizimlari imkoniyatlaridan foydalangan holda xabarnoma yuborish orqali bank kartasi bloklanishini so‘rashi mumkin.
4.8. Bank kartasining PIN-kodi uch marotaba noto‘g‘ri kiritilganida bank kartasi avtomatik ravishda bloklanadi.
4.9. Qoidalarga binoan bank karta hisobvarag‘ida saqlanishi majburiy bo‘lgan pul mablag‘larining minimal qoldig‘i shakllantiriladi.
4.10. “Tijorat banklarida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat” qoidalariga muvofiq Bank kartalari bo‘yicha operatsiyalar to‘xtatib turilishi mumkin.
4.11. Bank kartasi hisobvarag‘idan chiqim qilingan e’tirozli operatsiyalar bo‘yicha Mijoz Bankka yozma e’tiroz taqdim qilishi lozim.
4.12. Bank Mijozning e’tirozlarini tegishli to‘lov tizimining qoidalarida belgilangan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqadi.
V. BANK KARTASIDAGI MABLAG‘LARDAN FOYDALANISH VA HISOBDAN CHIQARISH, TARAFLAR O‘RTASIDA HISOB-KITOBLARNI AMALGA OShIRISH
5.1. Mijoz bank kartasida mavjud mablag‘lardan savdo nuqtalarida o‘rnatilgan to‘lov terminallari, bankomatlar, elektron to‘lov tizimlarining mobil ilovalari (va hokazo) orqali to‘lov summasini ko‘rsatgan holda bank kartasi PIN-kodini yoki SMS xabar orqali kelgan tasdiq kodini tegishli qurilmaga yoki mobil ilovaga kiritish orqali foydalanadi.
Mijozning ruxsati bilan boshqa shaxslar ham bank kartasidan foydalanilishi mumkin. Bank kartasi PIN-kodi yoki Mijozning SMS banking tizimiga ulangan telefon raqamiga SMS xabar orqali kelgan tasdiq kodi Mijoz tomonidan boshqa shaxslarga ma’lum qilinishi Mijozning ruxsati deb hisoblanadi.
5.2. Mijozning majburiyatlari bo‘yicha undiruv Mijozning bank hisobvaraqlariga qaratilganida, Bank tomonidan vakolatli organing tashabbusi bilan Mijozning bank kartasidan undiruv uchun etarli bo‘lgan mablag‘lar qonunchilikda o‘rnatilgan tartibda hisobdan chiqariladi va vakolatli organ tomonidan ko‘rsatilgan hisobvaraqlarga o‘tkazib beriladi.
5.3. Mijoz Avtoto‘lov xizmatidan foydalanuvchi tijorat banklaridan yoki boshqa yuridik shaxslardan olgan qarz (kredit) yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan xarid qilgan tovar (ish, xizmat) uchun to‘lovlar bank kartasidan Avtoto‘lov xizmati orqali Mijozning qo‘shimcha roziligisiz avtomatik (inson omilisiz) hisobdan chiqariladi va tegishli to‘lovni oluvchining hisobiga o‘tkaziladi.
Ushbu qoida Mijoz uchinchi shaxslarning tijorat banklaridan yoki boshqa yuridik shaxslardan olgan qarz (kredit) yoki tovar (ish, xizmat) haqi to‘lanishini birgalikda qarz oluvchi, kafil va hokazo tarzda o‘z zimmasiga olgan bo‘lsa ham qo‘llaniladi.
5.4. Bank va boshqa to‘lov tizimlari xizmat haqlari tegishli xizmat ko‘rsatilgan sanada amalda bo‘lgan Bank tariflarida hamda Qoidalarda belgilangan tartibda va miqdorda Bank karta hisobvarag‘idan aktseptsiz hisobdan chiqariladi. Mijoz ko‘rsatilgan xizmatlar haqini boshqa hisobvaraqlardagi mablag‘lardan naqd yoki naqd pulsiz shaklda ham amalga oshirishi mumkin.
Bank kartasini ochish uchun undiriladigan to‘lovlar Mijoz xohishiga ko‘ra bank kassasiga naqd va naqdsiz ko‘rinishda oldindan to‘lanishi yoki bank karta hisobvarag‘iga dastlabki kelib tushgan pul mablag‘idan bank tarifi bo‘yicha avtomatik tarzda undirib olinishi mumkin.
5.5. Bank tariflariga Bank tomonidan o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin. Bank tariflariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar haqida Bank Mijozni, o‘zgartirishlar kuchga kirishidan o‘n kun oldin bankning internet tarmog‘idagi www.ipotekabank.uz veb saytida e’lon joylashtirish va Mijozning SMS banking tizimiga ulangan telefon raqamiga SMS xabar yuborish orqali xabardor qiladi.
Mijozning Bankka bog‘liq bo‘lmagan (telefon raqamining ish faoliyatida emasligi va hokazo) sabablarga ko‘ra Bank tariflariga o‘zgartirishlar kiritilganligidan xabarsiz qolishi, Bankka o‘zgargan tariflar bo‘yicha xizmat haqi undirish uchun to‘sqinlik qilmaydi. Mijozning o‘zgargan tariflar bo‘yicha bank xizmatlaridan foydalaninishi Mijozning Bank tariflariga kiritilgan o‘zgartirishlarga rozi ekanligini bildiradi.
6. BANKNING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI
6.1. Bank quyidagi huquqlarga ega:
6.1.1. Mijozga Tijorat banklarida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat qoidalariga muvofiq mijozni o‘rnatilgan tartibda identifikatsiyalagan holda bank kartalarini foydalanishga taqdim etish;
6.1.2. Bank tariflarini mustaqil belgilash, bank kartasini chiqarish va unga xizmat ko‘rsatganlik uchun xizmat xaqini Bank tariflariga muvofiq undirish;
6.1.3. Mijozning bank karta hisobvarag‘iga kelib tushgan mablag‘larning asosliligini amaldagi qonunchilik talablaridan kelib chiqib o‘rganish, zarur hollarda o‘tkazilayotgan amaliyotlar haqidagi qo‘shimcha ma’lumotlar olish uchun Mijozga murojaat qilish;
6.1.4. Mijozning shaxsiga oid ma’lumotlarni qayta ishlash;
6.1.5. Ushbu shartnomaning 5.2. va 5.3-bandlarida ko‘rsatib o‘tilgan to‘lovlarni Mijozning roziligini olmasdan amalga oshirish;
6.1.6. Bank Mijozdan olingan axborotlar (hujjatlar) ishonchliligiga shubhalar vujudga kelganida tegishli tashkilotlarga murojaat qilish;
6.1.7. Taqdim qilingan hujjatlar nusxalarining to‘g‘riligiga gumon yoki boshqa zarurat paydo bo‘lgan taqdirda, hujjatlarning asl nusxalarini taqdim qilinishini talab qilish;
6.1.8. Bank Mijoz tomonidan identifikatsiyalash uchun zarur bo‘lgan hujjatlar taqdim etilmaganda, atayin noto‘g‘ri bo‘lgan hujjatlar taqdim etilganda yoki qonun hujjatlariga va ushbu shartnomaga muvofiq Mijozdan so‘ralgan hujjatlarni taqdim etilmaganida hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda bank kartasi ochishni yoki bank kartasi bo‘yicha operatsiyalarni bajarishni rad etish (Bank karta hisobvarag‘iga pul mablag‘larini kiritish operatsiyalari bundan mustasno);
6.1.9. Bank karta hisobvarag‘i orqali shubhali operatsiya o‘tkazilganligi aniqlanganida, o‘tkazilgan operatsiyaning qonuniyligi to‘g‘risida Mijozdan yozma tushuntirish xati olinguniga qadar Bank Mijozga xizmat ko‘rsatishni to‘xtatib turish, shubhali operatsiya o‘tkazilishi natijasida bank karta hisobvarag‘ida shakllangan mablag‘lar chiqim qilinishini cheklash, doimiy ro‘yxatdan o‘tgan manzil bo‘yicha Mijozni o‘rganish, shu jumladan, bevosita shartnomada ko‘rsatilgan shaxs tomonidan operatsiyaning o‘tkazilayotganligini o‘rganish;
6.1.10. Mijozning masofaviy bank xizmatlaridan Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish maqsadida foydalanilganligi haqida asosli shubhalar mavjud bo‘lganda, bank kartasi orqali operatsiyalar o‘tkazishni vaqtincha to‘xtatib qo‘yish hamda bank kartasini muomaladan chiqarish;
6.1.11. Bank kartasi yoki uning rekvizitlaridan noqonuniy foydalanishni tasdiqlovchi holatlar mavjudligida hamda ushbu shartnomada va qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda bank kartasi orqali operatsiyalar o‘tkazishni vaqtincha to‘xtatib qo‘yish hamda bank kartasini muomaladan chiqarish;
6.1.12. Mijozning SMS banking tizimiga ulangan telefon raqamiga ko‘rsatilayotgan bank xizmatlari, ularning shartlariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar va Bank Mijozni xabardor qilishni lozim topgan boshqa ma’lumotlarni SMS xabar ko‘rinishida yuborish;
6.1.13. Mijozni kamida o‘n kalendarь kuni oldin ushbu shartnomada belgilangan tartibda xabardor qilish orqali bank tariflariga o‘zgartirish kiritish;
6.1.14. Shartnomaga o‘zgartirish kiritishni yoki Shartnomani yangi tahrirda tuzishni oferta qilish;
6.1.15. Bank qonun hujjatlariga va ushbu shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
6.2. Bankning majburiyatlari:
6.2.1. Bank kartasini ushbu shartnomada belgilangan tartibda va muddatda chiqarish;
6.2.2. Bank kartalari orqali o‘tkazilgan operatsiyalar bo‘yicha hisob-kitoblarni o‘z vaqtida va to‘g‘ri amalga oshirish;
6.2.3. Mijoz so‘rovi asosida bank kartasidan foydalanish qoidalari hamda ular orqali amaliyotlarni amalga oshirish bo‘yicha Bank va Mijozning javobgarlik chegarasi to‘g‘risida axborot berish;
6.2.4. Mijozning bank karta hisobvarag‘ini to‘ldirish uchun kelib tushgan pul mablag‘larini uch bank ish kunidan kechiktirmasdan bank karta hisobvarag‘iga kiritib qo‘yish. Agar pul mablag‘larini bank karta hisobvarag‘iga o‘tkazish dam olish yoki bayram kunlariga to‘g‘ri kelsa pul mablag‘larini o‘tkazish dam olish yoki bayram kunlaridan keyingi ish kunida amalga oshiriladi;
6.2.5. Mijozdan bank kartasi yo‘qolganligi yoki o‘g‘irlanganligi to‘g‘risida xabarnoma olinganda, bank kartasi orqali operatsiyalarni o‘tkazishni vaqtincha to‘xtatib qo‘yish hamda bank kartasini muomaladan chiqarish choralarini ko‘rish;
6.2.6. Bank karta hisobvarag‘i yopilganda, keyingi operatsiya kunidan kechiktirilmagan holda karta hisobvarag‘ida mavjud pul mablag‘larini Mijoz ko‘rsatgan to‘lov rekvizitlari bo‘yicha o‘tkazib berish.
6.2.7. Bank tariflariga kiritilgan o‘zgartirishlar to‘g‘risida, bunday o‘zgartirishlarni amalga kiritishdan avval kamida o‘n kalendarь kuni oldin Bankning “www.ipotekabank.uz” veb-saytida e’lon joylashtirish hamda Mijozni ushbu shartnomada belgilangan tartibda xabardor qilish;
6.2.8. Bank kartasini amal qilish muddatidan avval to‘xtatish to‘g‘risida Mijozni kamida o‘n kalendarь kuni oldin ushbu shartnomada belgilangan tartibda xabardor qilish;
6.2.9. Mijoz talabiga binoan uning bank kartasidan foydalanish bilan bog‘liq tegishli hujjatlarni va axborotni ushbu shartnomada belgilangan tartibda taqdim etish (Bank tariflarida bunday hujjatlarni va axborotni taqdim qilganlik haq undirilishi nazarda tutilishi mumkin).
7. MIJOZNING HUQUQ VA MAJBURIYaTLARI
7.1. Mijozning huquqlari:
7.1.1. Bank karta hisobvarag‘ini naqd va naqdsiz mablag‘lar bilan to‘ldirish;
7.1.2. Qoidalari va ushbu shartnomada ko‘zda tutilgan shartlar va tartibga asosan bank kartasi orqali operatsiyalarni amalga oshirish;
7.1.3. Bankdan bank kartasidan foydalanish qoidalari hamda ular orqali operatsiyalarni amalga oshirish bo‘yicha Mijoz va Bankning javobgarlik chegarasi to‘g‘risidagi to‘liq axborotni olish;
7.1.4. Bankdan bank kartasi orqali amalga oshirilgan barcha operatsiyalar to‘g‘risida to‘liq axborot olish va operatsiyalarning to‘g‘riligini tekshirish;
7.1.5. Bank karta hisobvarag‘ini tasarruf etish imkoniyatini beruvchi qo‘shimcha bank kartalarini chiqarish va rasmiylashtirishni Bankdan so‘rash;
7.1.6. Bank kartasidan unda ko‘rsatilgan muddat davomida foydalanish;
7.1.7. O‘z javobgarligi ostida boshqa shaxslarga bank kartasidan foydalanish va bank karta hisobvarag‘ida mablag‘larni tasarruf qilish imkonini berish;
7.1.8. Bank karta hisobvarag‘ini kelgusida yopish sharti bilan bank kartalaridan foydalanishni rad etish;
7.1.9. O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan boshqa huquqlardan foydalanish.
7.2. Mijoz majburiyatlari:
7.2.1. Bank kartasidan foydalanishdan avval ushbu shartnoma va Qoidalar bilan tanishib chiqish hamda ushbu shartnoma va Qoidalar talablariga so‘zsiz rioya qilish;
7.2.2. Bank kartasini ushbu shartnomaga muvofiq olganidan so‘ng unga o‘zining PIN-kodini o‘rnatish;
7.2.3. SMS banking tizimiga ulangan telefon raqami ish holatida bo‘lishini va ushbu telefon raqamiga yuborilayotgan SMS xabarlar bevosita Mijozning o‘zi tomonidan o‘qilishini ta’minlash;
7.2.4. Bank kartasiga o‘rnatilgan PIN-kodni yoki Mijozning SMS banking tizimiga ulangan telefon raqamiga SMS xabar orqali kelgan tasdiq kodini boshqa shaxslarga ma’lum qilganlik yohud boshqacha usulda bank karta hisobvarag‘idagi mablag‘larni tasarruf qilish imkonini boshqa shaxslarga berganlik oqibatlari uchun shaxsan javob berish;
7.2.5. Bank karta hisobvarag‘idagi mablag‘lardan hisobvaraqda turgan summalar doirasida foydalanilish;
7.2.6. Qoidalarda va mazkur shartnomada nazarda tutilgan holatlarda, Bankning so‘roviga ko‘ra, bank karta hisobvarag‘i orqali o‘tkazilayotgan amaliyotlar haqidagi qo‘shimcha ma’lumotlarni va yozma tushuntirishlarni taqdim qilish;
7.2.7. Bank kartasi yo‘qotilgan, o‘g‘irlangan yoki beruxsat foydalanilgan holatlarda bank kartasi orqali operatsiyalarni o‘tkazishni vaqtincha to‘xtatib qo‘yish uchun darhol Bankka murojaat qilish yoki ushbu amaliyotni Bankning mobil ilovasi orqali mustaqil amalga oshirish;
7.2.8. Mijozni identifikatsiyalash uchun zarur bo‘lgan xujjatlar (masalan, shaxsni tasdiqlovchi xujjat va undagi ma’lumotlar) o‘zgarganda mazkur xujjatlar nushalarini uch bank ish kuni mobaynida Bankka taqdim etilish;
7.2.9. Bank kartasi orqali bajarilgan amaliyotlar uchun bank xizmatlari haqini Bank tariflarida nazarda tutilgan tartibda va miqdorda to‘lanishini ta’minlash.
VIII. TARAFLARNING JAVOBGARLIGI
8.1. Mijoz quyidagi holatlarda javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi:
- Bank karta hisobvarag‘i orqali amalga oshirilgan operatsiyalarning qonuniyligi va bankka taqdim etilgan ma’lumotlar va hujjatlarning to‘g‘riligi uchun;
- Bank karta hisobvarag‘idan noto‘g‘ri foydalanishi yoki noqonuniy harakatlari natijasida Bankka etkazilgan zararlarni to‘liq qoplanishi uchun;
- Bank kartasi yo‘qolganligi yoki o‘g‘irlanganligi to‘g‘risida Bankni ushbu shartnomada belgilangan tartibda xabardor qilmaganligi oqibatida, bank kartasi orqali amaliyotlar amalga oshirilganligi uchun;
- Bank kartasi PIN-kodini yoki Mijozning SMS banking tizimiga ulangan telefon raqamiga SMS xabar orqali kelgan tasdiq kodini boshqa shaxslarga berganlik oqibatlari uchun.
8.2. Elektron to‘lovlarni amalga oshirishning qonun hujjatlarida belgilangan muddatlari Bank tomonidan buzilgan taqdirda, u Mijozga kechiktirilgan har bir kun uchun kechiktirilgan elektron to‘lov summasining 0,1 foizi miqdorida, lekin kechiktirilgan elektron to‘lov summasining 10 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda penya to‘laydi.
8.3. Bank quyidagi holatlarda Mijoz oldida javobgar hisoblanmaydi:
- Mijoz ushbu shartnomada belgilanagan qoida va tartiblarni buzgan bo‘lsa;
- Mijoz tomonidan noqonuniy harakatlar sodir qilingan holatda;
- Bank kartasining yo‘qolganligi yoki undan ruxsatsiz foydalanilganligi fakti haqida Mijoz tomonidan Bank xabardor qilinmaganbda;
- Bank kartasiga bog‘liq ma’lumotlar (PIN-kod, SMS xabar orqali kelgan kod va boshqalar) Mijoz tomonidan uchinchi tarafga ma’lum qilinganda;
- To‘lov tizimlarida uzilishlar ro‘y berganida;
- Bank kartasi vositasida xarid qilingan (shu jumladan, onlayn) tovar (ish, xizmat) sifatsizligi yoki tovar (ish, xizmat) sotuvchisi Mijoz oldidagi majburiyatlarini bajarmaganligi uchun;
- To‘lov tizimlarining xizmatlaridan foydalanganlik uchun tegishli to‘lov tizimi o‘z tarifiga muvofiq undirgan to‘lovlar uchun.
IX. FORS-MAJOR HOLATLARI
9.1. Tomonlar ushbu shartnoma bo‘yicha majburiyatlarning qisman yoki to‘liq bajarilmaganligi uchun, agar ushbu vaziyat shartnoma tuzilgandan keyin, Tomonlar oldindan ko‘ra olmagan, oqilona choralar bilan bartaraf etish mumkin bo‘lmagan favqulodda tusdagi hodisalar natijasida vujudga kelgan engib bo‘lmaydigan kuch holatlarining oqibatlari hisoblansa, javobgarlikdan ozod etiladi.
9.2. Fors-major holatlariga Tomonlarning irodasi va faoliyatlariga bog‘liq bo‘lmagan tabiat hodisalari (zilzila, ko‘chki, bo‘ron, qurg‘oqchilik va boshqalar) yoki ijtimoiy-iqtisodiy holatlar (urush holati, qamal, ommaviy tartibsizliklar, davlat manfaatlarini ko‘zlab import va eksportni taqiqlash va boshqalar) sababli yuzaga kelgan sharoitlar kiradi.
9.3. Fors-major holatlariga asoslanadigan Tomon boshqa Tomonni bunday holatlar boshlanganligi to‘g‘risida yozma ravishda zudlik bilan xabardor qilishi va bunday holatlarning boshlanishi faktini tasdiqlovchi tegishli organ tomonidan berilgan hujjatni taqdim etilishi lozim. Majburiyatni bajarishni imkoni bo‘lmaganligini isbotlash fors-major holatlari yuz berganligiga asoslanayotgan Tomon zimmasiga yuklatiladi.
9.4. Agar shartnomaning ushbu bo‘limida ko‘rsatilgan fors-major holatlari uch oydan ko‘p vaqt davom etsa, u holda har qaysi Tomon boshqa Tomonni xabardor qilgan holda ushbu shartnomani bir tomonlama tartibda bekor qilish huquqiga ega. Bunda Tomonlar belgilangan tartibda ushbu shartnoma bo‘yicha majburiyatlarning bajarilmay qolgan qismi bo‘yicha uzil-kesil hisob-kitobni amalga oshirishlari shart.
X. SHAXSGA DOIR MAʹLUMOTLARGA ISHLOV BERISH
10.1. Qarz oluvchi ushbu shartnomani imzolash orqali Bankka Qarz oluvchining shaxsiga oid ma’lumotlarga ishlov berishga o‘z roziligini beradi.
10.2. Bank Qarz oluvchining shaxsiga oid ma’lumotlariga quyidagi maqsadlarda ishlov beradi va ishlov berishi mumkin:
- ushbu shartnoma bo‘yicha Bankning huquqlarini amalga oshirishda va majburiyatlarini ijro qilishda;
- Qarz oluvchi huquq va majburiyatlarini lozim darajada amalga oshirilishini ta’minlashda;
- Qarz oluvchi to‘g‘risidagi axborotni to‘lov tizimlari, kredit byurosi, garov reestri, skoring kompaniyasi, mobil aloqa operatori, sug‘urta kompaniyasi va zaruratga ko‘ra bank kartasi orqali to‘lovlarni amalga oshirish va Mijozga bank xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida ishtirok etuvchi boshqa shaxslar bilan almashishda;
- muayyan bank xizmatining samaradorligini baholash uchun marketing izlanishlarini o‘tkazish, tahliliy yoki statistik ma’lumotlarni tayyorlash va umumlashtirishda;
- Bank boshqaruv organlari, nazorat organlari, auditor yoki potentsial investorlar uchun Bankning faoliyati va moliyaviy holatiga oid hisobotlarni tayyorlashda;
- Mijoz haqidagi ma’lumotlarni verifikatsiya qilish, shu jumladan, firibgarlik holatlariga yo‘l qo‘yilmasligi, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish maqsadida;
- yangi bank xizmatlarini taklif etish maqsadida.
- yuqoridagi maqsadlarni amalga oshiish uchun shaxsga oid ma’lumotlar aks etgan hujjatlarni ma’lumot almashinish uchun aloqa (pochta) xizmati ko‘rsatuvchi tashkilotlarga taqdim qilish, elektron axborot almashinish dasturlari bazalariga joylashtirishda.
XI. SHARTNOMAGA O‘ZGARTIRISH VA QO‘SHIMCHALARNI KIRITISH
11.1. Bank Mijozni bu haqda kamida o‘n kalendarь kuni oldin xabardor qilib, Shartnomaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishi mumkin. Shartnomaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar Bank tomonidan Shartnomani yangi tahrirda tuzish yo‘li bilan ham kiritilishi mumkin.
11.2. Bank Shartnomaga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni (Shartnomaning yangi tahririni) “www.ipotekabank.uz” veb-saytida va Bank mobil ilovasiga joylashtirish orqali oferta qiladi va bu haqda Mijozni ushbu shartnomaning 15.3-bandida belgilangan tartibda xabardor qiladi.
11.3. Shartnomaga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar (Shartnomaning yangi tahriri) Shartnomaning 11.2-bandiga muvofiq oferta qilingan sanadan o‘n kalendarь kuni o‘tgach tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar (Shartnomaning yangi tahriri) kuchga kiradi hamda ushbu kundan Shartnomaning (yoki Shartnomaning o‘zgartirish kiritilgan bandining) eski tahriri o‘z kuchini yo‘qotadi.
11.4. Shartnomaga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar (Shartnomaning yangi tahriri) Shartnomaning 11.3-bandiga muvofiq kuchga kirgan sanadan so‘ng, Mijoz bank kartasidan foydalanishni davom ettirish orqali tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalarni (Shartnomaning yangi tahririni) aktseptlaydi.
11.5. Mijoz Shartnomaga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga (Shartnomaning yangi tahririga) rozi bo‘lmasa, bank kartasidan foydalanishni to‘xtatish hamda ushbu shartnomada va Qoidalarda belgilangan tartibda bank karta hisobvarag‘ini yopish va Shartnomadan voz kechish huquqiga ega.
XII. SHARTNOMADAN VOZ KECHISH SHARTLARI
12.1. Bank Mijozni o‘n kalendarь kuni oldin ushbu shartnomaning 15.3-bandida belgilangan tartibda xabardor qilish orqali Shartnomadan bir tomonlama haqsiz va biror-bir qo‘shimcha majburiyatsiz voz kechishi mumkin.
12.2. Mijoz bank karta hisobvarag‘ini kelgusida yopish sharti bilan bank kartalaridan foydalanishni rad etish orqali Shartnomadan haqsiz voz kechishi mumkin.
12.3. Tarafning shartnomadan voz kechishi bank karta hisobvarag‘inining Qoidalarda belgilangan tartibda yopilishiga va Taraflar o‘rtasida to‘liq hisob-kitib amalga oshirilishiga olib keladi.
Hisob-kitob natijasiga ko‘ra, bank karta hisobvarag‘idagi qoldiq manfiy bo‘lsa, keyingi operatsiya kunidan kechiktirilmagan holda karta hisobvarag‘ida mavjud pul mablag‘larini Mijoz ko‘rsatgan to‘lov rekvizitlari bo‘yicha o‘tkazib berish. Bank karta hisobvarag‘idagi qoldiq musbat bo‘lsa, Mijoz vujudga kelgan qarzdorlikni uch bank ish kunida Bankka to‘liq to‘lab beradi.
XIII. SHARTNOMA TUZILGAN TIL HAQIDA MAʹLUMOT
13.1. Shartnoma davlat tilida oferta qilinadi. Mijozga qulaylik yaratish maqsadida Shartnomaning boshqa til(lar)ga tarjima qilingan matni Shartnoma bilan birga joylashtirilishi (e’lon qilinishi, mijozga taqdim qilinishi) mumkin. Ushbu matn informatsion harakterga ega bo‘ladi, Shartnoma qoidalari va Shartnomaning boshqa tildagi tarjima matni o‘rtasida o‘zaro ziddiyat aniqlansa, davlat tilidagi shartnoma qoidalari ustuvor hisoblanadi.
XIV. NIZOLARNI HAL ETISH
14.1. Tomonlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar va/yoki ushbu shartnomada nazarda tutilmagan boshqa nizoli vaziyatlar yuzaga kelganda, Tomonlar O‘zbekistan Respublikasining amaldagi konun hujjatlariga amal kilgan holda barcha kelishmovchiliklarni muzokara yo‘li bilan hal etadilar.
14.2. Tomonlar o‘rtasida yuzaga kelgan nizo va kelishmovchiliklar muzokara yo‘li bilan hal qilinmagan taqdirda, ular O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq, ushbu shartnoma asosida bank kartasini chiqargan Bank filiali yoki boshqa bo‘linmasi faoliyat ko‘rsatuvchi hududdagi sudga (Kelishilgan sudlovga tegishlilik) murojaat qilish orqali hal etiladi.
XV. SHARTNOMANING BOSHQA SHARTLARI
15.1. Mazkur shartnomaning amal qilish muddati cheklanmagan.
15.2. Xech bir taraf ushbu shartnomaning qog‘oz ko‘rinishini saqlashga va imzolashga majbur emas. Shartnomaning amaldagi tahriri Bankning “www.ipotekabank.uz” veb-sayti yoki mobil ilovasidan PDF-fayl ko‘rinishida yuklab olinishi mumkin.
15.3. Bank Shartnoma doirasida barcha xabarnomalarni Mijozning SMS banking tizimiga ulangan telefon raqamiga SMS xabarnoma ko‘rinishida yuboradi.
15.4. Mazkur shartnomada ko‘zda tutilmagan, u bilan bog‘liq bo‘lgan barcha munosabatlar O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi bilan tartibga solinadi.
XVI. BANK REKVIZITLARI
16.1. Bank quyidagi rekvizitlarga ega:
a) joylashgan manzili: Toshkent shahri, Shaxrisabz ko‘chasi 30-uy;
b) soliq to‘lovchining shaxsiy raqami: 202858483;
v) litsenziya: 74-sonli, 25.12.2021 yilda Markaziy bank tomonidan berilgan;
g) veb-sayt: www.ipotekabank.uz.