Ma'lumot uchun: (78) 150-11-22

Aloqa markazi:  1233

Andijonda “Intensiv usulda baliq etishtirish bo'yicha Xitoy tajribasi” mavzusida respublika seminari bo'lib o'tmoqda.

Nashr etilgan: 13 iyun, 2019

      Prezidentimizning 2019 yil 16-17 may kunlari Аndijon viloyatiga tashrifi chogʼida viloyatda baliq yetishtirish hajmini koʼpaytirish, baliqchilik sohasini rivojlantirish, mazkur yoʼnalishda ilgʼor xorijiy texnologiya va usullarni keng joriy etish, ilgʼor tajribalarni ommalashtirish hamda aholiga tayyor va yarim tayyor baliq mahsulotlari yetkazib berishga ixtisoslashgan korxonalar faoliyatini yoʼlga qoʼyish boʼyicha bergan topshiriqlaridan kelib chiqib tashkil etilgan seminarda “Oʼzbekbaliqsanoat” uyushmasi, uning hududiy boʼlimlari mutasaddilari, Qoraqolpogʼiston Respublikasi, shuningdek, respublikamiz viloyatlarida faoliyat yuritayotgan hamda xorijiy mamlakatlardan taklif qilingan mutaxassislar, baliqchilik fermer xoʼjaliklari rahbarlari, АTIB “Ipoteka-bank”, “Ipoteka-lizing”, “Ipoteka-sarmoyasi” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari vakillari, tadbirkorlar ishtirok etdi.

 


      Seminarda mamlakatimizda, xususan, Аndijon viloyatida mazkur yoʼnalishda amalga oshirilayotgan ishlar, yutuq va mavjud muammolar atroflicha tahlil qilindi, xorijlik mutaxassislarning baliqchilikni rivojlantirishga oid maʼruzalari tinglandi, ishtirokchilar intensiv usulda baliq yetishtirayotgan qator xoʼjaliklar faoliyati bilan bevosita tanishdi. Intensiv usulda baliq yetishtirishning Xitoy tajribasi haqida maʼlumotlar oldi. 

      Аndijon viloyatida oʼtgan yili 12 ming tonna baliq yetishtirilgan boʼlsa, joriy yilda aholiga 15 ming tonna luqmai halol yetkazib berish belgilangan. Taʼkidlash joizki, viloyatda baliqchilikni rivojlantirish, mazkur yoʼnalishdagi loyihalarni moliyalashtirish boʼyicha “Ipoteka-bank” aktsiyadorlik tijorat ipoteka banki viloyat filiali tomonidan eʼtiborga molik ishlar olib borilmoqda.



      Seminarda Germaniya, Polьsha, Frantsiya, Sloveniya singari xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan mutaxassislarning “Oʼzbekiston baliqchiligi uchun Aller aqua kompaniyasi texnologiyasi asosida oqsilga boy omuxta yem ishlab chiqarishni rivojlantirish”, “Polsha ichki baliqchilik institutida Osyotr baligʼi turini koʼpaytirishda turli tizimlarni qoʼllash usullari”, “Dabe” (Frantsiya) naslchilik xoʼjaligi tajribasi asosida Xon baliq turidan ikra olishni yoʼlga qoʼyish”, “Karp oilasiga mansub baliq turini yetishtirishda presslangan ozuqa yemidan foydalanish” singari qator mavzulardagi maʼruzalari tinglandi. 




      Shu oʼrinda baliqchilik yoʼnalishida Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining hududlarga tashrifi chogʼida oʼtkazilgan majlis bayoniga tushgan loyihalar boʼyicha 2019 yil davomida 208 ta mijozga 642,9 mlrd.soʼm kredit ajratish belgilangan boʼlib, shundan 204 ta loyihaga 603,5 mlrd.soʼm milliy valyutada, 4 ta loyiha 4 629 ming АQSh dollari xorijiy valyutada beriladi.

      Joriy yilning 1 iyun holatiga 322 ta loyihaga 236 mlrd.soʼmga kredit liniyalari ochilib, 164,1 mlrd.soʼm kredit mablagʼlari ajratildi. Bu koʼrsatkich oʼtgan yilning mos davriga nisbatan solishtirilganda 85,6 mlrd.soʼmga yoki 209 foizga koʼp demakdir.




      Seminar bugun oʼz ishini yakunlaydi.