Ma'lumot uchun: (78) 150-11-22

Aloqa markazi:  1233

«Fitch Ratings» xalqaro reyting agentligi «Ipoteka-bank» ATIB faoliyatini «ВВ-» reytingi bilan baholadi

Nashr etilgan: 23 iyul, 2019

      2019 yil 19 iyulda «Fitch Ratings» xalqaro reyting agentligi «Ipoteka-bank» aksiyadorlik tijorat ipoteka bankiga «BB-» darajasida xorijiy va milliy valyutalardagi uzoq muddatli emitent defolt reytingi (IDR) berdi. Emitent defolt reytingi (IDR) istiqboli «Barqaror». Bundan tashqari, agentlik bankni «b» barqarorlik reytingi darajasida baholadi.

      «Ipoteka-bank» ATIBga berilgan uzoq muddatli emitent defolt reytinglari «Fitch Ratings» agenligi fikrini aks ettirib, zarurat tug‘ilganda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanish ehtimoli borligini bildiradi.

      «Ipoteka-bank» ATIB O‘zbekiston bank sektorida to‘rtinchi yirik bank bo’lib, 2019 yilning birinchi yarim yilligida bank sektoridagi jami aktivlar va depozitlar bo’yicha 9 foiz ulushga, kreditlar bo’yicha 10 foiz ulushga ega bo‘ldi.

      Bank respublikaning barcha mintaqalarini qamrab olgan keng filiallar va bo‘linmalar tarmog‘i orqali ko’p turdagi bank xizmatlarini ko’rsatadi.

      «Ipoteka-bank» ATIB O‘zbekistonning ipoteka kreditlash bozorida 20 foiz ulushga ega bo‘lib, salmoqli mijozlar bazasiga ega. Bank imtiyozli shartlar asosida ipoteka kreditlarini taqdim etuvchi arzon uy-joy qurilishi dasturlarining asosiy operatori hisoblanadi.

      2018 yil hisobotlariga asosan, «Ipoteka-bank» ATIB maqbul daromadlilik darajasiga ega bo’lib, o‘rtacha aktivlar va kapitalga nisbatan sof foyda darajasi, mos ravishda 1,1% va 12,3% ni tashkil etdi. Rentabellik ko’rsatkichlari boshqa banklar bilan taqqoslanganda ijobiy ko‘rinadi.

      2018 yil 20 dekabrda xalqaro reyting agentligi «Fitch Ratings» O‘zbekiston Respublikasining xorijiy va milliy valyutalardagi uzoq muddatli emitent defolt reytingi (IDR) ni «BB-» darajasida baholagan edi. Emitentning defolt reytingi istiqboli «barqaror» ko‘rinishida tasdiqlangan.