Sifatli xizmat uzluksiz yaratiladi
Bank faoliyati
15.06.2026
5 daqiqa o‘qish

Sifatli xizmat uzluksiz yaratiladi

32
Venera Erzina
Ipoteka bank OTP Group Chief HR Officer

Har bir bankda korporativ qadriyatlar tizimi mavjud bo‘lib, ular taqdimotlar, ichki resurslar hamda yangi xodimlar uchun tayyorlangan materiallarda aks ettiriladi. Biroq, amaliyotda ular doimo xizmat sifati, jamoa rivoji yoki biznes samaradorligiga bevosita ta’sir qiluvchi omilga aylanavermaydi.

4 500 nafardan ortiq xodimdan iborat jamoani boshqarish tajribasi shuni ko‘rsatadiki, barqaror natijalarga erishish kompaniya tamoyillari kundalik faoliyatga aylanganida va boshqaruv qarorlarida aniq aks etgandagina ish beradi.

Ipoteka bank OTP Group’da xizmat ko‘rsatish madaniyati bankning umumiy taraqqiyot tizimiga izchil singdirilgan. Bunday yondashuv xodimlarning kasbiy ko’nikmalarini rivojlantirish, mijozlar tajribasini yanada yaxshilash va uzoq muddatli barqaror o‘sish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.

Xodimlarning rivojlanishi biznes jarayonlarining ajralmas qismiga aylanganida

Uzoq muddatli o‘sishga yo‘naltirilgan har qanday tashkilot vaqt o‘tishi bilan inson kapitalini rivojlantirishga tizimli yondashuv zarurligini anglab yetadi. Faqat alohida tashabbuslarni amalga oshirish yoki kadrlar bilan bog‘liq masalalarni hal qilish yetarli bo‘lmaydi. Xodimlar o‘zlaridan nimalar kutilayotganini aniq biladigan, rivojlanish imkoniyatlarini ko‘ra oladigan va professional o‘sishi uchun zarur sharoitlar shakllantirilgan muhitda rivojlanishni istashadi.

Aynan shu maqsadda bir necha yil avval Ipoteka bank OTP Group’da hodimlar salohiyatini boshqarish tizimini bosqichma-bosqich rivojlantirish yo‘lga qo‘yildi. Ushbu tizim negizida tadbirkorlik vazifalari, lavozimga qo‘yiladigan talablar hamda xodimlarning kasbiy rivoji o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik yotadi.

Muhim tarkibiy qismlardan biri — grеydlar tizimi bo‘lib, u karyera imkoniyatlarining yanada ochiqligi va shaffofligini ta’minladi. Natijada xodimlar qaysi ko‘nikmalarni rivojlantirishi zarurligini, keyingi bosqichda qanday natijalar kutilishini hamda bank ichida professional o‘sish qanday shakllanishini aniq anglay boshladi.

Shu bilan birga, xodimlarni o‘qitish tizimi ham takomillashtirildi. Hozirda rivojlanish dasturlari umumiy yondashuv asosida emas, balki biznes vazifalari va jamoalarning amaliy ehtiyojlarini inobatga olgan holda shakllantiriladi. Bu esa mavjud resurslardan samarali foydalanish va eng katta natija beradigan yo‘nalishlarga e’tibor qaratish imkonini beradi.

Natijada xodimlar salohiyatini rivojlantirish bank strategiyasining ajralmas qismiga aylanib, xizmatlar sifatini yaxshilash, jamoalar samaradorligini oshirish va barqaror o‘sish uchun zamin yaratdi.

Mazkur yondashuvning O‘zbekiston bozori uchun ustunlik jihatlari

Bugungi kunda O‘zbekiston bank sektori jadal rivojlanish bosqichini boshdan kechirmoqda. Raqamli transformatsiya sur’atlari ortib, raqobat tobora kuchaymoqda, mijozlarning xizmat ko‘rsatish tezligi, servis sifati hamda bank bilan o‘zaro muloqot darajasiga bo‘lgan talablari muntazam o‘sib bormoqda. Shu bilan birga, tashkilotlarga qo‘yiladigan ichki talablar ham sezilarli darajada o‘zgarib bormoqda.

Biroq, bozorning rivojlanish sur’atlari zarur bilim, ko‘nikma va malakalarning shakllanish tezligidan yuqori bo‘lib qolmoqda. Zamonaviy kasbiy bilimlarga, boshqaruv qobiliyatlariga hamda mijozlar bilan samarali ishlash ko‘nikmalariga ega mutaxassislar soni hali ham cheklangan, ularga bo‘lgan ehtiyoj esa muntazam ortib bormoqda.

Bunday sharoitda bankning ichki tajribasini rivojlantirish salohiyati barqaror o‘sishni ta’minlovchi muhim omilga aylanadi. Tashqi bozorda cheklangan kadrlar resursi uchun raqobatlashish ma’lum vaqtgacha natija berishi mumkin, biroq uzoq muddatda eng samarali yondashuv — xodimlar biznes bilan uyg‘un rivojlanadigan ichki muhitni tizimli ravishda shakllantirishdan iborat.

Shu sababli, Ipoteka bank OTP Group’da xodimlarni rivojlantirishning kompleks tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur tizim yangi xodimlarni moslashtirish, professional sertifikatsiya dasturlari, boshqaruv kompetensiyalarini rivojlantirish hamda ichki kadrlar zaxirasini shakllantirishni o‘z ichiga oladi.

Bunda asosiy e’tibor amalga oshirilgan dasturlar soniga emas, balki ularning biznes natijalari va jamoalar faoliyati sifatiga ko‘rsatgan real ta’siriga qaratiladi.

Bank o‘sishiga qanday omillar ta’sir qiladi?

Moliyaviy ko‘rsatkichlar bank faoliyati samaradorligini baholashning asosiy mezonlaridan biri hisoblanadi. Ular biznesning amaldagi holatini tahlil qilish va erishilgan natijalarni aniqlash imkonini beradi. Shu bilan birga, tashkilotning kelgusidagi o‘sishni ta’minlash salohiyati hamda o‘zgaruvchan sharoitlarda xizmat sifati barqarorligini saqlab qolish darajasini baholash ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Yangi xodimlar qanchalik tez samarali ishlashni boshlaydi? Jamoa kengaygan taqdirda servis sifati saqlanib qoladimi? Bank ichida strategiyani amalga oshirish uchun yetarli boshqaruv va professional ekspertiza mavjudmi? Ko‘p jihatdan aynan shu savollarga berilgan javoblar tashkilotning uzoq muddatli istiqbolda rivojlanish qobiliyatini belgilaydi.

Yangi xodimlarning faoliyati o’z samarasini qanchada ko’rsatadi? Jamoa kengaysa,xizmat sifati pasaymaydimi? Bankda strategiyani amalga oshirish uchun yetarli darajada boshqaruv va professional tajriba mavjudmi? Shu bois xodimlarni rivojlantirish tizimining sifati operatsion va moliyaviy ko‘rsatkichlar qatori ustuvor strategik omil hisoblanadi. Kompetensiyalarni rivojlantirish bank faoliyatiga tizimli ravishda integratsiya qilinganda, tashkilot qisqa vaqt ichida raqobatchilar uchun takrorlash qiyin bo‘lgan barqaror ustunlikni ta’minlaydi.

Barqaror o‘sish ichki rivojlanishdan boshlanadi

Ipoteka bank OTP Group’da biz xodimlarni rivojlantirishni biznesning barqaror o‘sishini ta’minlovchi eng muhim omillardan biri deb bilamiz.

Shu sababli inson kapitalini rivojlantirish biz uchun faqat ta’lim yoki kadrlar bilan bog‘liq jarayonlar bilan cheklanmaydi. Biz xodimlar o‘z salohiyatini anglaydigan, rivojlanish istiqbollarini aniq ko‘ra oladigan va umumiy natijaga munosib hissa qo‘shadigan tizimli muhitni shakllantirishga intilamiz.

Top-menejerlarni tanlashdan front-liniya xodimlarini rivojlantirishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar yagona boshqaruv modeliga birlashtirilgan bo‘lib, unda har bir daraja biznesning strategik maqsadlariga xizmat qiladi.

Aynan shunday yondashuv kuchli jamoalarni shakllantirishga, xizmat sifatini saqlashga hamda mijozlar, hamkorlar va bozor ishonchini mustahkamlashga ko’maklashadi.