Ipoteka bank OTP Group qanday qilib 2026-yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra mamlakatdagi eng daromadli bankka aylandi
2026-yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra sof foyda 579,2 mlrd so‘mni tashkil etdi, bu 47,7 mln AQSH dollari ekvivalentiga teng. Bank kapitali 9,37 trln so‘mga yetdi. Kapital rentabelligi ko‘rsatkichi — ROE 25,9% ni, kapital yetarliligi ko‘rsatkichi — CAR esa 19,1% ni tashkil etdi.
Barcha moliyaviy ko‘rsatkichlar Xalqaro moliyaviy hisobot standartlari (XMHS) asosida taqdim etilgan.
Birinchi qarashda, bunday o‘sish juda qisqa vaqt ichida yuz bergandek tuyulishi mumkin. Ammo jamoa uchun bu bir necha yil davom etgan keng ko‘lamli va izchil transformatsiyaning natijasidir. Ushbu o‘zgarishlar bankning deyarli barcha asosiy jarayonlarini qamrab oldi.
Bu o‘zgarishlar tarixi ilk kuchli moliyaviy natijalar paydo bo‘lishidan ancha oldin boshlangan edi. Bank qanday yo‘lni bosib o‘tgani, nimalar o‘zgargani va yangi rivojlanish bosqichiga chiqishga qanday qarorlar yordam bergani haqida so‘zlab beramiz.
O‘zgarishlar qayerdan boshlangan edi
Ipoteka bank transformatsiyasi OTP Group bilan tuzilgan bitimdan so‘ng boshlandi. 2022-yil dekabr oyida, ikki yillik muzokaralar yakunida, OTP Bank va O‘zbekiston hukumati bankni sotib olish bo‘yicha kelishuvni imzoladi. Oradan ko‘p o‘tmay, 2023-yil iyun oyida OTP Group Ipoteka bank aksiyalarining 73,71 foizini qo‘lga kiritib, bankning asosiy aksiyadoriga aylandi.
Bitim qiymati 324 million AQSH dollarini tashkil etdi. Bu mamlakat tarixida ilk bor shunday yirik bank xususiylashtirilishi xalqaro strategik investor ishtirokida amalga oshirilgan holat bo‘ldi. Ushbu bitim 2022-yilda davlat mulkini sotishdan tushgan mablag‘larning qariyb uchdan bir qismini tashkil etdi.
OTP Group uchun O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi ilk faoliyat bozori bo‘ldi, Ipoteka bank esa guruh tarkibidagi birinchi Yevropa xususiy bankiga aylandi. Yangi aksiyador bilan birga bank xalqaro tajriba, zamonaviy boshqaruv yondashuvlari va bank transformatsiyasi bo‘yicha ekspertizaga ega bo‘ldi.
O‘zgarishlar keskin emas, bosqichma-bosqich boshlandi. Asosiy maqsad esa o‘zgarmadi — bankni tezroq, samaraliroq va mijozlar uchun qulayroq qilish.
Bank ichida nimalar o‘zgardi
O‘zgarishlar mijozlarga juda tez sezila boshladi. Filiallar yangilandi, xizmat ko‘rsatish formati o‘zgardi va yanada qulay hamda zamonaviy muhitlar paydo bo‘ldi.
Ammo eng katta o‘zgarishlar bank ichida yuz berdi. Jamoalar yillar davomida o‘zgarmay kelgan jarayonlarni qayta ko‘rib chiqishni boshladi. Asosiy e’tibor ish tezligi, qarorlar samaradorligi va mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatiga qaratildi.
Vaqt o‘tishi bilan korporativ madaniyat ham o‘zgara boshladi. Bankda yanada ochiq va jamoaviy ish uslubi shakllantirildi, jamoalar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun o‘quv dasturlari yo‘lga qo‘yildi, xodimlarning jalb etilishi oshirildi va barcha yo‘nalishlar uchun aniq hamda tushunarli maqsadlar belgilandi.
Shu bilan birga, ichki optimizatsiya bo‘yicha ham katta ishlar amalga oshirildi. Bek-ofis markazlashtirilgandan so‘ng ma’muriy yuklama taxminan 20 foizga kamaydi. Xodimlarning bir qismi mijozlar bilan ishlovchi yo‘nalishlarga o‘tkazildi, IT qo‘llab-quvvatlash va resurslarni rejalashtirish jarayonlari esa yanada samarali bo‘ldi.
Kassa operatsiyalari va xarajatlarni boshqarishga ham alohida e’tibor qaratildi. Ayrim operatsiyalar raqamli kanallarga o‘tkazildi, kassa infratuzilmasi yangilandi va valyuta bilan bog‘liq jarayonlar birlashtirildi. Bu kundalik ish jarayonlarini tezroq va qulayroq qilishga yordam berdi.
Bank moliyaviy ko‘rsatkichlarni qanday yaxshiladi
Vaqt o‘tishi bilan o‘zgarishlar moliyaviy natijalarda ham aks eta boshladi.
2026-yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, Ipoteka bank OTP Group 846,4 mlrd so‘m sof foyda oldi. Bir yil avval shu davrda bank 30,7 mlrd so‘m zarar qayd etgan edi.
Asosiy omillardan biri kredit portfeli sifatining yaxshilangani bo‘ldi. 2025-yil aprel oyida muammoli kreditlar ulushi 10,2 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bir yil o‘tib bu ko‘rsatkich 2,6 foizgacha kamaydi. Bu O‘zbekiston bank sektori bo‘yicha o‘rtacha daraja — 3,2 foizdan ham past hisoblanadi.
Ipoteka bank OTP Group bank va ijtimoiy risklarni boshqarish direksiyasi rahbari Aziz Yuldashevning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda bank qarz oluvchilarni baholash va risklarni boshqarish yondashuvlarini qayta ko‘rib chiqqan.
Yangilangan tizim mijozlarning moliyaviy barqarorligi va kredit yuklamasini qoplash imkoniyatini aniqroq baholay boshladi. Bu esa yangi kreditlarni ajratishda yanada muvozanatli yondashuvni saqlab qolish va ishonchli mijozlar bilan ishlashni kengaytirishga yordam berdi.
Muammoli qarzdorlik bilan ishlashga ham alohida e’tibor qaratildi. Jamoa mijozlar bilan faol ishladi, qarzlarning bir qismini restrukturizatsiya qildi va undirish jarayonlarini kuchaytirdi. Natijada muammoli kreditlar darajasini sezilarli kamaytirishga erishildi.
Bank uchun bu natija katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Muammoli kreditlarning kamayishi zaxiralar hajmini qisqartirish va moliyaviy ko‘rsatkichlarni mustahkamlash imkonini berdi.
Mijoz birinchi o‘rinda
Moliyaviy ko‘rsatkichlar bilan bir qatorda bank mijozlar tajribasi sifatiga ham katta e’tibor qaratishda davom etmoqda. Bankni boshqalarga tavsiya qilishga tayyorlikni aks ettiruvchi NPS mijozlar sodiqligi indeksi bugungi kunda qariyb 59,2 foizni tashkil etadi.
Xizmat sifatini baholash vositalaridan biri sifatida Mystery Shopping va Mystery Calling dasturlari joriy etildi. Ular xizmat ko‘rsatishga mijoz nigohi bilan qarash, ish tezligini, kommunikatsiya sifatini baholash va yaxshilash kerak bo‘lgan yo‘nalishlarni aniqlash imkonini beradi.
2026-yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra Mystery Shopping ko‘rsatkichi 89 foizga yetdi. Bu filiallardagi xizmat sifati va mijozlar bilan o‘zaro ishlash darajasini aks ettiradi.
O‘zgarishlar kontakt-markaz faoliyatiga ham ta’sir qildi. Mystery Calling natijalariga ko‘ra, 2025-yilning to‘rtinchi choragida operator javobini kutishning o‘rtacha vaqti 24 soniyagacha qisqardi. Ikkinchi chorakda bu ko‘rsatkich qariyb to‘rt daqiqani tashkil etgan edi. Natijada kutish vaqti taxminan 90 foizga kamaydi.
Bank Genesys tizimini joriy etib, kontakt-markaz platformasini ham yangiladi. Bu kiruvchi murojaatlarni qayta ishlash va chiquvchi kommunikatsiyalar sifatini yaxshilash, shuningdek xizmat sifati bo‘yicha tahlil imkoniyatlarini kengaytirishga yordam berdi.
Loyihaning keyingi bosqichlarida ijtimoiy tarmoqlar va chatlarni integratsiya qilish, mijozlarni jalb qilishning tashqi kanallari bilan ishlashni yaxshilash hamda bankning ichki tizimlari bilan integratsiyani kengaytirish rejalashtirilgan.
Bu ko‘rsatkichlarning barchasi o‘zgarishlar mijozlar tajribasida qanday aks etayotganini baholashga yordam beradi. Gap xizmat sifati, xizmat ko‘rsatish tezligi va bankning kundalik ishida mijozlar bilan o‘zaro munosabatlar darajasi haqida bormoqda.
Raqamlar bilan tasdiqlangan o‘sish
Bankning moliyaviy natijalari faqat kredit portfeli sifati yaxshilangani bilan bog‘liq emas. Shu bilan birga asosiy operatsion ko‘rsatkichlar ham o‘sishda davom etdi.
-
Bir yil ichida foizli daromadlar qariyb 16 foizga oshib, 3,1 trln so‘mga yetdi. Kredit portfeli esa 35,6 trln so‘mgacha kengaydi.
-
Sof foizli foyda 1 trln so‘mdan oshdi. Foizsiz daromadlar hajmi 1,36 trln so‘mga yetdi.
-
Investitsiyalar hajmi ham sezilarli darajada o‘sdi. Bir yil davomida bu ko‘rsatkich 4,2 trln so‘mdan 10,4 trln so‘mgacha ko‘paydi.
Ipoteka bank OTP Group boshqaruv raisi Sandro Rtveladzening ta’kidlashicha, bank transformatsiyasining birinchi bosqichi allaqachon yakunlangan. Asosiy e’tibor ichki jarayonlarni takomillashtirish, samaradorlikni oshirish va barqaror ish tizimini shakllantirishga qaratilgan edi.
Keyingi bosqich esa mijozlar uchun yangi yechimlar va mahsulotlarni rivojlantirishga qaratiladi.
«Bank katta o‘zgarishlar bosqichidan o‘tdi va bugun bu ishlarning natijalarda qanday aks etayotganini ko‘ryapmiz. Keng ko‘lamli transformatsiyadan so‘ng Ipoteka bank OTP Group barqaror va foydali o‘sish bosqichiga chiqdi. Biz raqamli servislarni rivojlantirishni, mijozlar tajribasini yaxshilashni va korporativ mijozlar, kichik hamda o‘rta biznes, shuningdek chakana segment uchun yangi yechimlarni ishga tushirishni davom ettirmoqdamiz. Biz uchun bu o‘sish va rivojlanishning yangi sahifasi bo‘lib, u yangi darajadagi vazifalar, yuqori sur’at va mijozlar ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan yangi yondashuvlarni anglatadi», — dedi Sandro Rtveladze.
Rivojlanishning yangi bosqichi
Bank transformatsiyasi ichki o‘zgarishlardan boshlandi. Vaqt o‘tishi bilan jarayonlar yangilandi, risk-menejment kuchaytirildi va operatsion samaradorlik oshdi. 2026-yilda bank korporativ segment, kichik va o‘rta biznes, shuningdek chakana mijozlar uchun yangi mahsulotlarni ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Asosiy e’tibor esa o‘zgarmay qolmoqda — mijozlar uchun qulay, zamonaviy va tushunarli moliyaviy yechimlarni yaratish.
Bu natijalarning ortida katta jamoaviy mehnat turibdi. Mijozlarga bo‘lgan e’tibor, mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga tayyorlik, jarayonlarni yaxshilash va umumiy natija uchun ishlash vaqt o‘tishi bilan barqaror o‘sish va kuchli ko‘rsatkichlarni shakllantiradi.
Ipoteka bank OTP Group bank bozordagi o'rnini mustahkamlab, oldinga harakat qilishida o‘z hissasini qo‘shayotgan har bir xodimga professionalligi, hissasi va mehnati uchun minnatdorlik bildiradi.