Nima uchun g‘oyadan mijozgacha bo‘lgan yo‘l bankning raqobatbardoshligini belgilaydi
Bank faoliyati
20.07.2026
5 daqiqa o‘qish

Nima uchun g‘oyadan mijozgacha bo‘lgan yo‘l bankning raqobatbardoshligini belgilaydi

43
Dmitry Volchek
Boshqaruv Raisi o‘rinbosari, Axborot texnologiyalari bloki rahbari

Raqamli banklar an’anaviy banklardan nafaqat texnologiyalar hisobiga ustunlikka ega. Ularning asosiy afzalligi shundaki, ular g‘oyalarni tezkorlik bilan tayyor mahsulotga aylantirib, mijozlarga yetkazadi.

Har qanday yangi yechim bir xil bosqichlardan o‘tadi. Avval g‘oya paydo bo‘ladi, keyin uni amalga oshirish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi. Shundan so‘ng ishlab chiqish, sinovdan o‘tkazish va ishga tushirish jarayoni boshlanadi. Bu jarayon value stream, ya’ni qiymat yaratish oqimi deb ataladi. U mahsulotni yaratishning butun yo‘lini, ya’ni g‘oya paydo bo‘lgan paytdan boshlab mijoz yangi xizmat yoki takomillashtirilgan yechimdan foydalana oladigan vaqtgacha bo‘lgan barcha bosqichlarni qamrab oladi.

Value stream (qiymat yaratish oqimi) — bu mahsulot yoki xizmatni yaratish va uni mijozga yetkazish uchun zarur bo‘lgan barcha bosqichlar hamda harakatlar yig‘indisidir.

Shu bilan birga, ustunlikni shunchaki texnologiyalarning o‘zi, yoki alohida olingan to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan value stream ta’minlab bera olmaydi. Ustunlik texnologiyalar qiymat yaratishning har bir bosqichini — g‘oya paydo bo‘lishidan to mahsulotni bozorga olib chiqishgacha bo‘lgan jarayonni qo‘llab-quvvatlagan taqdirdagina yuzaga keladi.

Bugungi kunda zamonaviy texnologiyalar ko‘pchilik uchun mavjud. Biroq ularni biznesni haqiqatan ham tezlashtiradigan tarzda ushbu jarayonga integratsiya qilish hammaning ham qo‘lidan kelmaydi. Aynan shu jihat yangi yechimlarni shunchaki joriy etadigan kompaniyalar bilan ular yordamida tezroq rivojlanadigan kompaniyalar o‘rtasidagi asosiy farqni belgilaydi. Sun’iy intellekt rivojlanishi bilan bu tafovut yanada ortib boradi.

Ustunlik butun jarayon davomida shakllanadi

Bankdagi har qanday o‘zgarish bir xil yo‘lni bosib o‘tadi — g‘oyadan boshlab mijoz uchun tayyor yechimgacha. Shu sababli raqobat jarayonning faqat bitta bosqichida emas, balki uning barcha bosqichlarida yuz beradi.

Faqat yaxshi g‘oyalarni topishning o‘zi kifoya emas. Ularni to‘g‘ri ustuvorlashtirish, qarorlarni tez qabul qilish va sifatli amalga oshirish ham muhimdir. Har qanday bosqichdagi zaiflik butun jarayonni sekinlashtiradi.

Texnologiyalar bu jarayondan alohida mavjud bo‘la olmaydi. Ular yangi g‘oyalarni izlash, ma'lumotlarni tahlil qilish, mahsulotlarni ishlab chiqish va ularni bozorga olib chiqishga yordam beradi. Texnologiyalarsiz zarur tezlikni ta’minlashning ilojisi yo‘q. Biroq texnologiyalarning o‘zi raqobat ustunligini yaratmaydi. Agar jarayonlar samarali tashkil etilmagan bo‘lsa, eng zamonaviy platforma ham shunchaki sifati o‘rtacha bo‘lgan mahsulotni tezroq ishlab chiqarishga xizmat qiladi.

Shu sababli muvaffaqiyatni bitta kuchli bo‘g‘in emas, balki zaif bo‘g‘inlarning yo‘qligi ta’minlaydi. Zanjir doimo eng nozik joyidan uziladi. Ajoyib g‘oya to‘g‘ri saralashsiz natija bermaydi. To‘g‘ri qabul qilingan qaror uning amalga oshirilishi cho‘zilib ketsa, o‘z qiymatini yo‘qotadi. Texnologik rivojlanish darajasining yetarli emasligi esa hatto yaxshi yo‘lga qo‘yilgan jarayonlar uchun ham cheklovga aylanadi. Bankning raqobatbardoshligi g‘oyadan mijozgacha bo‘lgan butun yo‘l qanchalik samarali ishlashiga bog‘liq.

Tezlikni ta’minlaydigan mustahkam poydevor

Biz past nuqtadan boshladik. Jarayonning har ikkala tomoni ham zaif edi.Texnologiyalar darajasi bankning yetukligini ko‘rsatsa-da, buni birinchi navbatda texnologik bo‘lmagan omillar: bozor, davlatga qarashli o‘tmish, shular asosida shakllangan boshqaruv tizimi, korporativ madaniyat va oldingi rol belgilab berardi. Boshidanoq maqsad aniq edi — bankni tezlashtirish. Qarorlar tezroq qabul qilinishiga, o‘zgarishlar tezroq dasturchilarga yetib borishiga, yangi mahsulotlar esa tezroq mijozlarga taqdim etilishiga erishish kerak edi. Keyingi natija esa bajarilish sifatiga bog‘liq edi.

Biz bir vaqtning o‘zida bir nechta yo‘nalish bo‘yicha ish olib bordik va imkoniyatlarimiz darajasida imkon qadar tez harakat qildik. Yangi protsessing tizimi, kontakt-markaz, ma’lumotlar ombori, mobil ilova ishga tushirildi, kreditlash tizimi qayta yo‘lga qo‘yildi va o‘nlab boshqa tashabbuslar amalga oshirildi. Shu bilan birga, qiymat yaratish zanjirining barcha bosqichlari uchun jamoa shakllantirildi. Unga g‘oyalarni ishlab chiqadigan va qaror qabul qiladigan mutaxassislardan tortib, ularni amalda ro‘yobga chiqaradigan xodimlargacha kirdi.

Bu davr davomida butun tizim doimiy bosim ostida ishladi. U yuklamaga bardosh bera olardi, biroq o‘zgarishlar oqimi imkoniyatlarimizdan tezroq o‘sardi. Qarorlar amalga oshirish bosqichiga biz jamoani kengaytirish va texnologik bazani rivojlantirishga ulgurmasimizdan oldinroq yetib borardi. Yetishmayotgani faqat texnologik komponentlar emas, eng avvalo, malakali mutaxassislar edi.

Yana bir muhim omil bor edi — poydevor. Infratuzilma tanqidiy holatda edi. Barqarorlik va uzluksiz ishlashni ta’minlaydigan asosiy komponentlar, zarur quvvat zaxiralari yetishmas, ekspluatatsiya jarayonlari esa to‘liq yo‘lga qo‘yilmagan edi. Bu bir vaqtning o‘zida ham texnologiyalar rivojini, ham qiymat yaratish oqimini cheklardi. Texnologiyalar rivojlanishi uchun zarur asos yo‘q edi, yangi yechimlarni ishonchli joriy etish uchun esa yetarli infratuzilma mavjud emas edi. Shu sababli texnologik platformani rivojlantirish infratuzilmani modernizatsiya qilish bilan bir vaqtda olib borildi. Ishonchli poydevorsiz yuqori o‘zgarish sur’atini ta’minlab bo‘lmaydi.

Ushbu bosqichda bank yangi texnologik imkoniyatlarni rivojlantirish va infratuzilmani modernizatsiya qilish uchun qariyb 50 million AQSh dollari investitsiya kiritdi. Biroq hal qiluvchi omil investitsiyalarning o‘zi emas, balki inson kapitali bo‘ldi. Bir necha yil ichida IT jamoasi ikki baravardan ko‘proqqa oshdi — taxminan 120 nafar mutaxassisdan qariyb 300 nafargacha. Shu bilan birga, biz amaldagi tizimlarni qo‘llab-quvvatlashni, yillar davomida to‘plangan muammolarni bartaraf etishni va yangi mahsulotlarni ishga tushirishni parallel ravishda davom ettirdik. Aynan shu yondashuv nafaqat ishlab chiqish tezligini oshirish, balki keyingi o‘sish uchun mustahkam asos yaratish imkonini berdi.

Bitta vazifaning ikki tomoni

Infratuzilma bilan bog‘liq asosiy xavflarning katta qismi allaqachon bartaraf etildi, biroq bu bosqich hali yakuniga yetgani yo‘q. Oldinda ikkita yirik loyiha turibdi. Birinchisi — ikkinchi ma’lumotlar markazini (data-markazni) ishga tushirish. Ikkinchisi esa bankning texnologik yadrosi bo‘lib qolayotgan avtomatlashtirilgan bank tizimini (ABT) yangilashdir.

Bu har qanday yirik tashkilot uchun eng murakkab vazifalardan biridir. Asosiy tizimni bankning kundalik faoliyatini to‘xtatmagan holda almashtirish va shu bilan birga uning rivojlanishini davom ettirish talab etiladi. Mohiyatan, bu faoliyat yuritayotgan bino ostidagi poydevorni almashtirish bilan teng.

Shundan so‘ng bank uchun yangi bosqich boshlanadi. Agar ilgari ko‘plab qarorlar ancha ravshan bo‘lgan bo‘lsa, endi tanlov ancha murakkablashdi. Bozor hanuz ko‘plab imkoniyatlarni taklif qilmoqda, biroq raqobat kuchaydi, regulyator talablari yanada qat’iylashdi, tashabbuslar soni esa o‘sishda davom etmoqda. Bunday sharoitda ko‘proq ish qiladigan emas, balki kuchli boshqaruvni zamonaviy texnologik imkoniyatlar bilan uyg‘unlashtirib, g‘oyalarni tezda natijaga aylantira oladigan tashkilot ustunlikka erishadi.

Biznes nuqtai nazaridan asosiy vazifa ustuvor yo‘nalishlarni to‘g‘ri boshqarishdir. Ko‘plab tashabbuslar orasidan mijoz uchun haqiqatan ham qiymat yaratadiganlarini tanlash va ishlarni jamoalarning real imkoniyatlaridan kelib chiqib rejalashtirish zarur. Aks holda, qarorlar soni yana ularni amalga oshirish imkoniyatlaridan o‘zib ketadi. Bank transformatsiyaning avvalgi bosqichida aynan shu muammoga duch kelgan edi.

Yana bir muhim jihat shundaki, natija uchun javobgarlik aynan mijoz uchun qiymat yaratiladigan nuqtada jamlanishi kerak. Mahsulotni rivojlantirish bo‘yicha qaror qabul qiladigan mutaxassis nafaqat vakolatlarga, balki ularni amalga oshirish uchun zarur resurslarga ham ega bo‘lishi lozim. Shundagina g‘oyadan natijagacha bo‘lgan yo‘l uzluksiz bo‘ladi.

Texnologiyalar nuqtai nazaridan esa vazifa boshqacha ko‘rinadi. Bugungi kunda ishlab chiqish tezligini faqat jamoani kengaytirish hisobiga oshirishning imkoni yo‘q. Mutaxassislar sonining ko‘payishi muhimligicha qolmoqda, biroq muhandislik jarayonlarining sifati, o‘zgarishlarni ishonchli yetkazib berish va jamoalar o‘rtasidagi samarali hamkorlik tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Aslida esa gap bitta vazifa haqida bormoqda. Texnologik imkoniyatlarsiz kuchli boshqaruv baribir ijrodagi cheklovlarga duch keladi. Aniq ustuvor yo‘nalishlarsiz zamonaviy texnologiyalar ham yetarli samara bermaydi — ular faqat ikkinchi darajali vazifalarni tezroq bajarish imkonini beradi. Barqaror raqobat ustunligi faqat boshqaruv va texnologiyalar bir-birini to‘ldirgan holda, bir vaqtning o‘zida rivojlangandagina yuzaga keladi.

Sun’iy intellekt raqobat qoidalarini o‘zgartirmoqda

So‘nggi bir yarim yil ichida sun’iy intellekt tavsiyalar beruvchi vositadan ayrim vazifalarni mustaqil bajarishga, ayrim hollarda esa inson bilan birgalikda yoki uning o‘rniga qaror qabul qilishga qodir texnologiyagacha rivojlandi. Bu texnologiyalar rivojining mutlaqo yangi bosqichi va kelajakda mutlaqo yangi operatsion modelning asosi bo‘lishi mumkin.

Biz hali ham sun’iy intellekt ommalashishidan oldingi paradigma asosida raqamli bankni qurishni yakunlamoqdamiz, biroq bu vaqt ichida talablar darajasi allaqachon o‘zgardi. Agar ilgari raqamli banklarning asosiy ustunligi biznes va texnologiyalar o‘rtasidagi yaqin integratsiya bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda bu ustunlik avtomatlashtirishning yangi imkoniyatlari hisobiga yanada kuchaymoqda. Sekin ishlaydigan boshqaruv modellari tobora kamroq raqobatbardosh bo‘lib bormoqda. Byurokratiya, ustuvor yo‘nalishlarning noaniqligi, javobgarlik va ijroning bir-biridan ajralishi endi juda qimmatga tushadi. Shu sababli bugun amalga oshirayotgan o‘zgarishlar nafaqat bank samaradorligini oshiradi, balki uni rivojlanishning keyingi bosqichiga ham tayyorlaydi.

Bu yo‘nalish bilan alohida jamoa shug‘ullanmoqda. GPU asosidagi infratuzilma barpo etilmoqda, o‘z platformamiz yaratilmoqda, mutaxassislarning kompetensiyalari rivojlantirilmoqda, dastlabki prototiplar va amaliy natijalar paydo bo‘lmoqda. Shu bilan birga, mahsulotlarni ishlab chiqish jarayonining o‘zi ham o‘zgarib, jamoalar ichidagi rollar va hamkorlik tamoyillari yangilanmoqda. Yangi modelda tezroq ishlashni o‘zlashtira olganlar sezilarli raqobat ustunligiga ega bo‘ladi.

GPU (grafik protsessor) — bu parallel hisob-kitoblarni juda yuqori tezlikda bajarishga mo‘ljallangan maxsus protsessor bo‘lib, bugungi kunda sun’iy intellekt infratuzilmasining asosiy tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi.

Oxir-oqibat hammasi bitta tamoyilga borib taqaladi. Qiymat yaratish zanjirida zaif bo‘g‘inlar qolmasligi kerak. Shu sababli biz aniq ustuvor yo‘nalishlarga ega bo‘lgan yetuk boshqaruv tizimini shakllantirmoqdamiz, qaror qabul qilish va ularni amalga oshirish uchun javobgarlikni eng katta samara beradigan nuqtalarda birlashtirmoqdamiz, ishlab chiqish jarayonlarini takomillashtirmoqdamiz, jamoalar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirmoqdamiz hamda ishlarni jamoalarning real imkoniyatlaridan kelib chiqib rejalashtirmoqdamiz. Yangi texnologiyalar bu modelni yanada kuchaytiradi, ammo uning o‘rnini bosa olmaydi.

Oxirgi yangilanish sanasi: 20.07.2026