Lola Saydalieva - «DIYORA CLINIC»
xususiy korxonasi asoschisi
Ayol bu mehr muhabbat javhari, ayol – go‘zallik va nafosat timsolidir. Ayollarimiz – harakat odamlari, faoliyat kishilari. Uning jamiyatdagi nufuzi va o‘rni beqiyosdir. Bunday ta'rifni tadbirkorlik sohasida muvaffaqiyatga erishgan Lola Saydalieva misolida ko‘rishimiz mumkin.
Ba'zan shifokorlarning so‘zlari bilan mo‘jizalar ham sodir bo‘ladi. Ular sababli qanchadan qancha umidsizlikka tushib qolgan ko‘ngillarga umid bag‘ishlanadi. Shu o‘rinda mamlakatimiz tibbiyoti haqida gap ketganda ko‘plab o‘zgarishlar, muvaffaqiyatlar va davlatimiz rahbariyati tomonidan bir qator islohotlar olib borilayotganligini e'tirof etish zarurdir. Xususan, sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘inini takomillashtirish hamda aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish chora-tadbirlari yuzasidan olib borilayotgan ustuvor islohotlar ishning ko‘zini biladigan, g‘ayratli, ishbilarmon, tibbiyot sohasida tahsil olgan va aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarziga o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan Lola Saydalievaga ham olam olam shijoat bag‘ishladi.
Qahramonimizning tibbiyot sohasiga bo‘lgan qiziqishini uning ota-onasi o‘z vaqtida anglagan va malakali shifokor bo‘lishi yo‘lida barcha sharoitlarni yaratib bergan. Hayot charxpalagining aylanishini qarangki, u endilikda o‘z farzandlarining kelajagi va qiziqishini aynan shu sohada ko‘rmoqda. Lola Saidalieva ilk bora 2007 yil Chirchiq shahar ko‘p tarmokli bolalar tibbiyot markazida o‘z faoliyatini boshlagan. Ko‘p yillik tajribasi samarasi o‘laroq, 2014 yilda Lola Saidalieva aynan shu markazda bosh shifokor etib tayinlandi. Xalqimizga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, sog‘lom avlod tarbiyasi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishida qahramonimizning ham hissasi bor. 2018 yilda qaharamonimiz uchun esda qolarli yil bo‘ldi. Uning yosh bolalar uchun maxsus ixtisoslashtirilgan klinik xizmat ko‘rsatuvchi tibbiyot markazini yo‘lga qo‘yish niyati amalga oshdi. Zamonaviy ilg‘or standartlar darajasida ta'mirlangan markazda bolalar tibbiyotining turli yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassis kadrlar Chirchiq shahar aholisiga xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Va nihoyat 2022 yil 19 mayda Toshkent viloyati Chirchiq tumanida joylashgan «DIYORA CLINIC» xususiy korxonasiga asos soldi. Dastavval faqatgina aholiga konsultativ va diagnostik xizmat ko‘rsatish maqsadida 4 ta tibbiyot xodimi bilan ish boshlagan tadbirkorimiz bugungi kunda 15 dan ortiq tibbiyot xodimlarini ish bilan ta'minlagan. Klinika tashkil etilganiga 5 oy bo‘lishiga qaramay aholiga konsultativ va diagnostik xizmati bilan bir qatorda emlash, operativ muolaja hamda yuqori malakaga ega bo‘lgan tibbiyot xodimlari tomonidan jarrohlik amaliyotlari ham amalga oshirilmoqda.
Xalq salomatligi yo‘lida, fidoyilik bilan mehnat qilayotgan qahramonimiz bemorlarga shifo berish davomiyligini ta'minlash maqsadida 25 o‘rindan iborat stasionar davolash xizmatini ham yo‘lga ko‘ygan. Tibbiyot xodimlari soni yetarli bo‘lishiga qaramay shogirdlar safi toboro kengayib bormoqda. Klinika laboratoriyasida zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar orqali turli tibbiy tahlillar o‘tkazib kelinmoqda.
Ziyoli oilada dunyoga kelgan yolg‘iz farzand bo‘lishiga qaramay Chirchiq shahrida ilk bolalar klinikasiga asos solgan va bugungi kunda turmush o‘rtog‘i bilan 3 farzandni tarbiyalayotgan Lola Saydalieva oilada moddiy qiyinchiligi bo‘lmasa-da, mehnat qilishni, bemorlar dardini yaqindan tushungan holda ularni davolashni istaydi. Oilasi ham uni doim qo‘llab-quvvatlaydi.
Lola Saydalieva 43 yoshni qarshilagan bo‘lsada, tibbiyot sohasida ellikdan ortiq shogird chiqargan. U qizi Diyora Saydalievani o‘zining murakkab, zahmatli, ko‘p mehnat va bilim talab qiluvchi tibbiyot yo‘lidan ketishini kutmagan bo‘lsada Diyora Saydalieva bugungi kunda Toshkent pediatriya tibbiyot instituti 2 kurs talabasi. Bu holatdan ilhomlangan Lola Saydalieva o‘z klinikasini «DIYORA CLINIC» deb nomlashga ahd qiladi.
Bugungi kun talabi hisoblangan onlayn veb sahifalar ochishga ulgurgan bu tadbirkorimiz “Ipoteka-bank” ATIB hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki “Markaziy Osiyoda biznesdagi ayollar” dasturi doirasida joriy etilgan “BETAKROR” biznes klubi a'zosi ekanligini va nomoliyaviy xizmatidan muntazam foydalanishini mamnuniyat bilan ta'kidlab o‘tdi.
Tadbirkorlarga berilayotgan imkoniyatlardan foydalanish maqsadida Lola Saydalieva “Ipoteka bank” ning Chirchiq filialiga imtiyozli kredit ajratilishi bo‘yicha murojjat qiladi natijada «DIYORA CLINIC» xususiy korxonasi moliyalashtiriladi. Klinika faoliyatining dastlabki kunlarini tibbiy jarrohlik asbob-uskunalarisiz boshlagan bo‘lsa, bugungi kunga kelib, “Ipoteka-bank” ATIB Chirchiq filiali tomonidan 103 500 AQSh dollari miqdorida imtiyozli kredit ajratilishi natijasida 9 ta tibbiy jarrohlik asbob-uskunalari sotib olishga erishdi.
Biror sohada ulkan tajribaga erishish, kasbning yetuk mutaxassisi bo‘lib shakllanish uchun tinimsiz izlanish, o‘qish va mehnat orqali qisqa vaqtda shu darajaga yetishgan Lola Saydalieva klinikamiz shiori “Har bir bemor shifo topib mamnun bo‘lib ketishi” deb ta'kidlaydi. Tadbirkorlik ayollar uchun oson soha emas, qiyinchiliklar bo‘lib turadi, ammo ayol uchun chinakam ilhom manbai, aniq maqsad va xech qanday bahonalarsiz harakat qilish deydi qahramonimiz.
Darhaqiqat, so‘zlari shifo bo‘lgan tibbiyot xodimlarini har qancha ta'riflasak, shuncha oz. Negaki, ular bemorlarni nafaqat dori-darmon, balki shirin so‘zlari, qaynoq mehri bilan darddan forig‘ etadi.
Ipoteka bank doim mijozlarini qo‘llab-quvvatlashga shay.