Ipoteka bank OTP Group O‘zbekistonda avtokreditlar bo‘yicha eng past stavkalarni taklif qilmoqda
Nashr etilgan: 8 iyul, 2025
2025-yil 2-iyuldan boshlab, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki bank kreditlarining turli turlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkalari haqida ma’lumotlarni e’lon qilishni boshladi. Sinov tariqasida joriy etilgan ushbu yangi mexanizm moliyaviy bozorning shaffofligini oshirish va raqobatni kuchaytirishga qaratilgan.
E’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, Ipoteka bank OTP Group mamlakatdagi barcha banklar orasida avtokreditlar bo‘yicha eng past foiz stavkasini — 21,1% taklif qilmoqda, bu esa bozor o‘rtacha ko‘rsatkichi bo‘lgan 24,1% dan ancha pastdir.
"Biz kredit bozori shaffofligini oshirish bo‘yicha Markaziy bank tashabbusini qo‘llab-quvvatlaymiz. Mijozlar uchun bu — moliyaviy qarorlarni ongli ravishda qabul qilish imkoniyati. Biz uchun esa — arzon moliyalashtirish siyosatimiz samaradorligining isboti», dedi Sandro Rtveladze, Ipoteka bank OTP Group Boshqaruvi raisi.
Ma’lumotlar Davlat kredit axboroti reyestri asosida e’lon qilinmoqda. Markaziy bankning ta’kidlashicha, dastlabki bosqichda ushbu mexanizm bozordagi ishtirokchilarning fikr-mulohazalari va takliflari asosida bosqichma-bosqich takomillashtirib boriladi.
Ipoteka bank, xalqaro OTP bank guruhiga a’zo bo‘lgan holda, O‘zbekistonda xususiy mijozlarni qo‘llab-quvvatlash va barqaror iste’mol kreditlarini rivojlantirish strategiyasini izchil amalga oshirib kelmoqda.