Nashr etilgan: 7 may, 2025

Joriy yilning 15 aprelidan 23 aprelgacha Ipoteka Bank OTP Group respublika boʻylab yuzlab oʻquvchilar uchun 23 ta maktabda ochiq darslar oʻtkazdi. Bank mutaxassislari va oʻqituvchilar nafaqat byudjet, tejamkorlik va kiberxavfsizlik kabi asosiy tushunchalar, balki jamgʻarishga nisbatan mas'uliyat, moliyaviy odatlar hamda moliyaviy sohadagi karera imkoniyatlari haqida oʻquvchilarga soʻzlab berishdi. Oʻquvchilar esa oʻz navbatida faollik koʻrsatishib, oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob olishib, qimmatli bilimlarga ega boʻlishdi.
Shuningdek, Toshkent shahrining 138 va 198-sonli maktab oʻquvchilari uchun San'at muzeyiga unutilmas ekskursiyalar uyushtirildi. Muzeyga sayyohat davomida bolalar qadimgi tangalardan tortib raqamli valyutagacha boʻlgan pullar tarixi bilan tanishishdi. Bu amaliy tajriba ularga moliyaviy vositalar qanday oʻzgarayotganini va bu jarayonda bankning oʻrni qanday ekanini anglashga yordam berdi.
22–23 aprel kunlari Buxoro va Namangan bank filiallari maktab oʻquvchilari bilan norasmiy uchrashuv oʻtkazishdi. Unda oʻquvchilar bankning ichki faoliyati, moliyaviy xizmatlar xavfsizligini ta'minlovchi zamonaviy texnologiyalar bilan tanishtirildi. Oʻquvchilar koʻproq raqamli mahsulotlar — mobil ilovalar va shaxsiy byudjetni boshqarish servislariga qiziqish bildirishdi. Ta'lim jarayoni yanada mazmunli oʻtishi uchun bank xodimlari tomonidan moliyaviy savodxonlik boʻyicha qiziqarli tanlovlar oʻtkazildi. Oʻquvchilar bilim va mantiqiy fikrlashda bellashib, nafaqat esdalik sovgʻalariga ega boʻlishdi, balki bilim olish qadrli va qimmatli ekanligiga ishonch hosil qilishdi.
Tadbirning asosiy qismi Yoshlar forumida davom etdi. Unda Ipoteka Bank OTP Group faol hamkor va spiker sifatida qatnashdi. Forum doirasida ish oʻrinlari yarmarkasi, bank sohasidagi karera rivoji boʻyicha maslahatlar va eng muhimi, moliyaviy hamda raqamli firibgarlikdan himoya qilish boʻyicha amaliy uchrashuv tashkil etildi. Bank vakillari tomonidan firibgarlikning koʻp uchraydigan tuzilmalari ochib berilib, oʻzini va yaqinlarini himoya qilish boʻyicha aniq tavsiyalar berildi.
Bugungi kunda har bir oʻsmir — xoh onlayn xaridlar orqali, xoh birinchi bank kartasi orqali boʻlsin, moliyaviy ekotizim ishtirokchisiga aylanmoqda. Shuning uchun ularning ongli moliyaviy xulq-atvor koʻnikmalariga ega boʻlishi juda muhim. Ipoteka Bank OTP Group aynan shu maqsadlarni koʻzlagan holda yoshlar orasida moliyaviy madaniyatni oshirishga qaratilgan global va mahalliy tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashda davom etmoqda. Bank barqaror iqtisodiyotning kelajagi ongli inson — oʻquvchi, talaba, yosh mutaxassisdan boshlanishiga ishonadi va bu jarayonga doimo oʻz samarasini beradigan investisiya sifatida qaraydi.
#GlobalMoneyWeek2025
#GMW2025
#ThinkBeforeYouFollow #WiseMoneyTomorrow
#LearnSaveEarn