Ipoteka bank OTP Group va Beelab AJ o’rtasida raqamli moliyaviy mahsulotlar sohasida strategik hamkorlik o‘rnatildi.
Nashr etilgan: 4 iyun, 2025

Ipoteka bank OTP Group va «Beelab» AJ (Beepul fintech-servisi ishlab chiqaruvchi) o‘zaro tushunish memorandumini imzolab, raqamli moliyaviy yechimlarni ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha strategik hamkorlikni boshlashdi. Tomonlar xususiy mijozlar hamda kichik biznes uchun mo‘ljallangan kreditlash, depozitlar va bank kartalari bo‘yicha integratsiyalashgan xizmatlar ustida birgalikda ishlashga kelishib oldi.
Hamkorlikning birinchi bosqichida 2025 yilning yaqin oylarida Beepul ilovasida foydalanishga topshiriladigan ko‘brend kartalar va raqamli mikrokreditlar joriy etilishi rejalashtirilgan. Keyinchalik tomonlar takliflar assortimenti — depozit mahsulotlari, shuningdek UZCARD va HUMO virtual hamda jismoniy kartalar chiqarishni kengaytirishni ko‘zda tutmoqda.
«Ipoteka bankning, ayniqsa OTP xalqaro bank guruhi tarkibiga qo‘shilganidan keyingi faol rivojlanish davri, asosiy hamkorliklar orqali imkoniyatlarimizni kengaytirishga xizmat qildi. Ushbu hamkorlikni zamonaviy raqamli yechimlar yordamida moliyalashtirish imkoniyatini oshirish uchun strategik imkoniyat deb hisoblaymiz. Bu qulay, texnologik va mijozga yo‘naltirilgan bank yaratish yo‘lida muhim qadamdir», — dedi Ipoteka Bank OTP Group Boshqaruvi Raisining o‘rinbosari Dmitriy Sapronov.
«Beepul allaqachon kundalik xarajatlarni boshqarish va to‘lovlar uchun qulay vositaga aylangan. Ipoteka Bank OTP Group bilan hamkorlik platformamiz ekotizimini kengaytirish va foydalanuvchilarga kreditlar, omonatlar hamda kartalarga raqamli formatda kirishni taqdim etish imkonini beradi. Biz moliyaviy xizmatlar qulay, shaffof va doimo qo‘l ostida bo‘lishini maqsad qilganmiz», — dedi Beelab AJ direktori Anatoliy Pavlinov (Beepul fintech-servisi).
Hamkorlik doirasida allaqachon qo‘shma loyiha jamoasi tuzilib, texnik integratsiya boshlangan. Kelajakdagi yo‘nalishlardan biri — «hozir sotib ol, keyin to‘la» (BNPL) formatidagi mahsulotlarni joriy etish va xalqaro to‘lov tizimlari ko‘brend kartalarini chiqarishdir.
Ipoteka bank OTP Group haqida
Ipoteka bank - O'zbekistondagi yetakchi bank muassasasi va 2023 yildan xalqaro OTP guruhining a'zosi sifatida faoliyat ko’rsatib keladi. Bank guruh tarkibiga kirgach keng ko‘lamli transformatsiya jarayonlari kuzatildi, xususan, ixtisoslashgan ipoteka muassasasidan rivojlangan raqamli va korporativ infratuzilmaga ega universal bankka aylanmoqda.
2024 yilda Ipoteka bank yuqori natijalarga erishdi: sof foyda 1,84 trillion so‘m (taxminan 145 million AQSh dollari), kapital rentabelligi (ROE) — 30%, xarajatlar daromadga nisbati esa 38% ga qisqardi. Bankning mijozlar bazasi esa 1,7 milliondan oshdi.