Ma'lumot uchun: (78) 150-11-22

Aloqa markazi:  1233

Oʻzbekiston – Vengriya: Strategik sheriklikning yangi bosqichi sari

Nashr etilgan: 21 may, 2025

Kuni kecha mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev OTP Group Boshqaruvi raisi Shandor Chani bilan uchrashdi. Ushbu muloqot Oʻzbekiston–Vengriya munosabatlarida muhim voqelik sifatida qayd etildi va ikki mamlakat oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Uchrashuv Vengriya ishbilarmon doiralari, yirik kompaniya va boshqa nufuzli korporasiyalar rahbarlari ishtirokida oʻtdi.

Prezidentimiz oʻz nutqida, Vengriya investisiyalarining Oʻzbekiston iqtisodiyotiga kirib kelishi jadal sur'atlarda davom etayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Xususan, “OTP Bank” tomonidan “Ipoteka Bank”ni sotib olinishi – mamlakat moliya bozoriga boʻlgan ishonchning yorqin namunasi sifatida e'tirof etildi.

Oʻz navbatida, Shandor Chani shunday dedi:

“Biz Oʻzbekistonda uzoq muddatli va barqaror sheriklikni rivojlantirishga katta qiziqish bildiramiz. Mamlakatdagi biznes muhiti va islohotlar etarlicha shaffof va ishonchli. Bu erdagi imkoniyatlar, ayniqsa bank, sanoat va infratuzilma sohalarida, juda katta. Biz nafaqat moliyaviy xizmatlar, balki kichik va oʻrta biznesni moliyalashtirish, soha innovasiyasini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ham faol ishtirok etishni rejalashtiryapmiz.”

Prezidentimiz tomonidan avtokreditlashni rivojlantirish, qoʻshma moliyalashtirish dasturlarini amalga oshirish, yirik parrandachilik klasterini qurish boʻyicha loyihalarga keng imkoniyatlar yaratilishi alohida ta'kidlandi.

Shavkat Mirziyoyev quyidagilarni ta'kidladi:

“Biz mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi mustahkam aloqalarni rivojlantirish uchun barcha sharoitlarni yaratamiz. Yangi imkoniyatlar va istiqbolli loyihalarga asoslangan sheriklik bizni kelajakda yanada yaqinlashtiradi.”

Tadbir yakunida ustuvor investisiyaviy loyihalarni amalga oshirish boʻyicha kelishuvlar va hamkorlik memorandumlari almashinuv marosimi bilan yakunlandi.