Ma'lumot uchun: (78) 150-11-22

Aloqa markazi:  1233

Tarixiy shaharlarga sayoxat

Nashr etilgan: 23 sentyabr, 2019

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 7 fevraldagi PQ-3514-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturini tegishli tartibda bajarish hamda ichki turizmni rivojlantirish maqsadida 2019 yilning boshidan boshlab “Ipoteka bank” ATIB tomonidan bu borada muayyan ishlar amalga oshirildi.

Vatanimizning tarixiy joylari va o‘tmish madaniyatini o‘rganish har bir insonning ma’naviy va madaniy dunyoqarashini kengaytirishda alohida ahamiyat kasb etishini inobatga olib, 2019 yilning 21 va 22 sentyabr kunlari Ipoteka bank xodimlari uchun Shahrisabz va Samarqand shaharlariga sayohat tashkil etildi.

Joriy yilning 21 sentyabr kuni xodimlar guruhi Shahrisabz shahriga tashrif buyurdi.

Shahrisabzga yo‘l Taxta – Qaracha tog‘ dovoni orqali o‘tadi. Tog‘li kesishmalardagi hayratomuz tabiat, shahar yo‘nalishidagi ajoyib manzaralar hamda ochiq va ko‘ngilchan odamlar – bularning barchasi Shahrisabz haqida.

Toshkentlik mehmonlar Shahrisabzga tashrifining birinchi kunida kirish peshtog‘i ravog‘i O‘rta Osiyoda eng yirik bo‘lgan sobiq saroy Oq saroy me’moriy yodgorligida bo‘ldilar. Ushbu balandligi 38 metr bo‘lgan inshoat bugungi kunda ham o‘zining xashamatini yo‘qotmagan.

Bank xodimlari tashrif buyurgan keyingi diqqatga sazovor joy Dorus-Saodat majmuasi bo‘ldi. “Hukmronlik maskani” ma’nosini anglatuvchi ushbu majmua XIV asrda Amir Temurning o‘g‘li Jahongir vafotidan so‘ng Temuriylar sulolasi uchun barpo etilgan. Majmua Jahongir, Umar va Temurlang maqbaralari hamda Hazrati Imom masjididan iborat. Bino balandligi 38 metrni tashkil etgan, tasvirlar hamda Qur’ondan parchalar keltirilgan arab yozuvlari yozilgan qirrali gumbazga ega.

Bundan tashqari, mehmonlar madaniy tadbirlarda ishtirok etish hamda Shahrisabz milliy taomlarini tatib ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. 


22 sentyabr kuni bank xodimlari moviy gumbazlar, go‘zalligida tengi yo‘q minoralar shahri, “Buyuk Ipak yo‘li” chorrahasi – Samarqand shahridagi o‘z ziyoratlarini Amir Temur va temuriylar xilxonasi xisoblangan Go‘ri Amir maqbarasidan boshladilar. 

So‘ngra sayyohlar Registon majmuasiga tashrif buyurdilar. Ushbu majmua o‘quv muassasalari sifatida xizmat qilgan Ulug‘bek madrasasi, Sherdor madrasasi va Tillaqori madrasasi kabi uchta hashamatli binolar ansamblini tashkil etadi. Samarqandning tarixiy markazi hisoblangan Registon maydoni o‘zining qadimiy me’morchiligi go‘zalligi va ulug‘vorligi bilan sayohlarimizni o‘ziga jalb etdi.


Shuningdek, bank xodimlari mashhur Hazrati Hizr masjidi yonida joylashgan O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘anievich Karimovning maqbarasini ziyorat qilib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirdilar.

Maqbara peshtoqlarida Qur’ondan suralar va oyatlar yozilgan bo‘lib, qurilishda milliy o‘zbek ijodiy an’analaridan foydalanilganligi yaqqol ko‘rinib turibdi.

Majmuani barpo etilishida O‘zbekistonning eng mohir ustalari o‘z hissalarini qo‘shganlar. 

Ekskursiya Shoxi Zinda majmuasiga tashrif bilan yakunlandi.

Shohi Zinda podshohlar xonadoniga mansub shaxslar va aslzodalar dafn etilgan joydir.

Muxtasar aytganda, yurtimizning tarixiy va ko‘xna hisoblanmish Samarqand va Shaxrisabz shaharlariga uyushtirilgan sayohatimiz taassurotlarga boy bo‘lib, maroqli yakuniga etdi.