Ma'lumot uchun: (78) 150-11-22

Aloqa markazi:  1233

Fuqaro murojaatlari – yangi bank xizmatlari yaratilishining asosi.

Nashr etilgan: 25 dekabr, 2019

Joriy yilning 25 dekabr kuni “Ipoteka-bank” aktsiyadorlik tijorat ipoteka banki majlislar zalida “Bank tizimida murojaatlar bilan ishlash masalalari”, “Bank tomonidan joriy etilgan va joriy etilishi rejalashtirilgan xizmat turlari” va “Bank tariflariga kiritilgan o‘zgartirishlar” mavzularida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda jismoniy shaxslar, yuridik shaxslarning vakillari, bank mijozlari, bank mutasaddi xodimlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Tadbirni bank Boshqaruvi raisi o‘rinbosari Maxmud Abduraxmanov kirish so‘zi bilan ochib berdi.

Tadbirda yurtimizda olib borilayotgan izchil iqtisodiy o‘zgarishlar hamda tadbirkorlik sub’ektlari va bank mijozlarining muammolarini hal etishda “Ipoteka-bank” ATIBning ham munosib xizmatlari borligi alohida e’tirof etildi.

Shuningdek, tadbirda Bank xizmatlari iste’molchilari huquqlarini himoya qilish va ularning murojaatlari bilan ishlash xizmati boshlig‘i G‘ulom Naliboev so‘zga chiqib, bank tizimiga kelib tushayotgan bank xizmatlari iste’molchilarining murojaatlari bilan ishlash, murojaatlarda ko‘tarilgan masalalarning hal etilishi va iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish usullari haqida ta’kidlab o‘tildi. Ipoteka-bank tomonidan 2019 yil davomida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, bank rahbariyati tomonidan fuqarolarni qabul qilish hamda ularni qabul jarayonida ko‘targan masalalariga xolis baho bergan holda ijobiy hal etish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Yil davomida Ipoteka-bank tizimiga kelib tushgan 2669 ta murojaatlardan 261 tasi qanoatlantirilgan bo‘lsa, 1872 tasi bo‘yicha tegishli tushuntirishlar berilgan, 523 tasi asossizligi sababli rad etilgan hamda 13 ta murojaat masalasidan kelib chiqqan holda tegishli tashkilotlarga yo‘llangan.  


Xususan, 59 ta tadbirkorlikni rivojlantirish uchun kredit olish, 27 ta ipoteka va iste’mol kreditlari olish, 18 ta plastik karta va terminallar olish masalalarida kelgan murojaatlar ijobiy hal etilib, ularda ko‘tarilgan masalalar yuzasidan tegishli chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Bosh ofis tomonidan muntazm ravishda hududlardagi filiallarda mijozlarning qabul qilinishi, ularga bank xizmatlari to‘g‘risidagi dastlabki axborot va maslahatlarni berilishi, sifatli xizmat ko‘rsatilishi hamda murojaatlar bilan ishlash holatlari o‘rganib borildi. O‘rganish mobaynida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rildi.

Shu bilan birga fuqarolar va bank mijozlarini hududlarda sayyor qabullar tashkil etilgan holda qabul qilishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

“Ipoteka-bank” ATIB Boshqaruv Raisi va uning o‘rinbosarlari tomonidan 2019 yil davomida jami 259 ta jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar vakillarining og‘zaki (bevosita) murojaatlari qabul qilindi.

Bank rahbarlari tomonidan Respublikamizning tuman (shahar)larida 69 marotaba o‘tkazilgan sayyor qabullar davomida 239 ta bank xizmatlari iste’molchilari qabul qilinib, qabullarda ko‘tarilgan 92 ta masalalar, jumladan, 44 ta kredit olish masalasi, 27 ta uy-joy uchun krediti olish, 7 ta bank xizmatlari yuzasidan ma’lumot olish hamda

14 ta boshqa xizmatlar bo‘yicha og‘zaki murojaatlar ijobiy hal etildi.


Shuningdek, bank rahbarlarining shaxsiy qabullari davomida 20 nafar jismoniy shaxslar hamda yuridik shaxslarning vakillari qabul qilinib, ularning 6 tasi tomonidan ko‘tarilgan masalalarni o‘z echimini topishga erishildi va ayrim savollar bo‘yicha qonuniy tushuntirishlar berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bank xizmatlari ommabopligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3620-sonli qarori orqali amalga oshirilgan islohotlar natijasida bankimizda xizmat ko‘rsatishning shaffofligi, mijozlarning bank binosiga erkin kirib chiqishi ta’minlandi va ularning bank xizmatlaridan qulay sharoitlarda foydalanishlari uchun yanada kengroq imkoniyatlar yaratildi.

Bundan tashqari, yuqoridagi qaror asosida Adliya vazirligi tomonidan 3030-son bilan ro‘yxatga olingan “Bank xizmatlari iste’molchilari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablar to‘g‘risidagi Nizom” esa bank xizmatlari iste’molchilarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, moliyaviy ochiqlikni kengaytirish, shuningdek xizmat ko‘rsatish madaniyati va mijozlarning bank tizimiga bo‘lgan ishonchini yanada oshirishda muhim normativ me’yor bo‘lib xizmat qilmoqda.

Mazkur nizom ijrosini ta’minlash barobarida bank mijozlaridan ayrim komission to‘lovlar va turli vositachilik haqlari undirilishi bekor qilinib, bank hamda mijoz o‘rtasida tuziladigan shartnomalarda bank xizmatlari iste’molchilari manfaatlariga zid keluvchi yohud shartnomani bank tomonidan bir taraflama bekor qiluvchi normalar chiqarib tashlandi. Bu boradagi ishlarni yanada jadallashtirish bo‘yicha bugungi kunda amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda va boshqa tarkibiy bo‘linmalarga kerakli tavsiyalar berilmoqda.

Bankimiz tomonidan “Ishonch telefon”lari va “Call-centre” xizmati orqali fuqarolar hamda mijozlarga ishonchli va to‘liq axborot berish xizmati yo‘lga qo‘yilgan

Bugungi kunda bank tizimida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga o‘z vaqtida javob berish, ularda ko‘tarilgan masalalarni ko‘rib chiqish, hal qilish hamda bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish va ularning buzilgan huquqlarini tiklash borasida o‘ziga xos tizim shakllantirilgan bo‘lib, joriy yil davomida bu borada samarali ishlar amalga oshirilgan.

Tadbirda so‘zga chiqqan Chakana xizmatlar departamenti direktori Dilshod Kutliev 2019 yil davomida Ipoteka-bank tomonidan joriy etilgan xizmat turlari xususida so‘z yuritdi.

Bank faoliyatining asosiy maqsadi asosan, mijozlarning taklif-istaklarini inobatga olingan holda, “Bank – mijoz uchun” shiori ostida, bank xizmatining bankka nafligi mezonida emas, balki o‘z mijozlariga qanchalik dolzarbligi mezoniga tayangan holda yangi xizmatlarni taqdim etishga qaratilgan. Zero, bankning bosh maqsadi, o‘z aktsiyadorlari va bank mijozlari uchun eng yuqori darajadagi sharoitlarni yaratishdan, sifatli xizmatlarni taqdim etishdan, yangicha fikrlashga yondashib, ijobiy munosabatlarni barqaror ushlab turishdan iborat. Bank tizimida kelgusi yilda ham mijozlar uchun eng qulay va arzon shartlarda yangidan-yangi xizmat turlarini joriy etish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.


Bundan tashqari, 2019 yil 5 dekabrdagi bank Boshqaruvi qaroriga muvofiq, “Ipoteka-bank” ATIB tomonidan milliy va xorijiy valyutadagi amaliyotlar bo‘yicha bank xizmatlari ko‘rsatish tariflariga 2020 yilning 1 yanvaridan o‘zgartirishlar kiritilayotganligi ma’lum qilindi.

Yangi tahrirdagi Tarifga asosan belgilangan komission to‘lovlari va bepul asosda ko‘rsatiladigan xizmat turlari bo‘yicha alohida to‘xtalib o‘tildi.

Umuman olganda, tadbirda inson manfaati, uning baxtli va farovon turmushini ta’minlash mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan sanaladi. Shu bois, shahar, tuman, olis qishloq va ovullarda yashab, faoliyat yuritayotgan fuqarolar hamda tadbirkorlik sub’ektlari uchun masofaviy, tezkor va sifatli bank xizmatlarini ko‘rsatish hamda ularni bank xizmatlaridan mamnun qilish muhim ahamiyat kasb etishi alohida e’tirof etildi. Sifatli bank xizmatlarini ko‘rsatish odamlar va bank mijozlarining tijorat banklariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash hamda o‘z faoliyatlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Tadbir ko‘tarinki ruhda va sermazmun bo‘lib, bildirilgan ma’lumotlar hamda bank tizimida olib borilayotgan ishlar tadbir qatnashchilari va OAV vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Matbuot anjumani tashkilotchilari hisoblangan bank xodimlari tomonidan tadbir ishtirokchilari va ommaviy axborot vositalari vakillarining mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javoblar berildi.