S&P Global Ratings "Ipoteka-bank" ATIB reytingini 'BB' darajasiga ko'tardi, reyting istiqboli – "Barqaror"
“S&P Global Ratings” xalqaro reyting agentligi “Ipoteka-bank” ATIB kredit reytingini oshirdi. 2026-yil 15-maydan boshlab reyting agentligi “Ipoteka-bank” ATIB ning uzoq muddatli emitent kredit reytingini «BB-» dan «BB» darajasiga ko'tardi, qisqa muddatli reytingi «B» darajasida tasdiqlandi. Reyting bo'yicha istiqbol – «Barqaror». Reytingning oshirilishi bankning kapitallashuv ko'rsatkichlarining yaxshilanishini, OTP Group bilan integratsiyaning asosiy qismi yakunlanishini, shuningdek O'zbekistonning o'sib borayotgan bank bozorida barqaror moliyaviy natijalarni aks ettiradi.
Reytingning oshirilishidagi asosiy omil Ipoteka-bankning kapitallashuv ko'rsatkichlarining yaxshilanishi bo'ldi. 2026-yil 31-mart holatiga ko'ra bankning regulyativ kapital monandligi ko’rsatkichi (CAR) 19,1% ni tashkil etdi – bu O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 13% minimal talabidan sezilarli darajada yuqori hisoblanadi. S&P Global Ratings metodologiyasi bo'yicha tavakkalchilikni inobatga olgan kapital ko'rsatkichi (Risk adjusted Capital - RAC) 2025-yil yakunida 11,7% ga o’sdi, bu bir yil oldingi 9,5% ko'rsatkichidan ancha balanddir. Ushbu yaxshilanish bankning kapital va daromadlilik bahosini «Yetarli» darajadan «Kuchli» darajasiga ko'tarilishiga olib keldi.
Bundan tashqari, Ipoteka-bank OTP Group ning bir qismi bo’lganidan beri bank muhim operatsion va boshqaruv o'zgarishlarini amalga oshirdi. S&P Global Ratings hozirda ushbu integratsiya jarayonining asosiy qismi yakunlanganini ta’kidladi. Bank OTP Group ko’magida risk-menejment tizimlarini, komplayens tartib-taomillarini, qarzlarni undirish jarayonlarini hamda kiberxavfsizlik va axborot texnologiyalari infratuzilmasini takomillashtirdi. S&P Global Ratings ushbu o’zgarishlar Ipoteka-bankni O'zbekiston bank sektori ishtirokchilari orasida ijobiy tomondan ajratib turishini ta'kidladi. Reyting agentligi shuningdek, Ipoteka-bank OTP Group ko'magida muammoli kreditlarni izchil kamaytirayotganini qayd etadi va bank aktivlari sifati keyinchalik yanada yaxshilanishi kutilayotganini qayd etdi.
2025-yil yakunlariga ko'ra Ipoteka-bank yuqori moliyaviy natijalarni qayd etdi: bank kapitalining rentabelligi (ROE) 28,1% ni tashkil etdi, sof foyda esa xalqaro moliyaviy hisobotlar standartlari (XMHS) bo’yicha 2 047 milliard so'mni tashkil qildi. 2025-yil oktyabr oyida bank 300 million AQSh dollari miqdorida, shuningdek milliy valyutada 1,2 trillion so'mlik evroobligatsiyalarni joylashtirdi, bu esa bankining moliyalashtirish bazasini kengaytirish va xalqaro kapital bozorlarida ishtirokini mustahkamlash imkonini berdi.