Joriy yilning 27 iyulidan boshlab, Ádám Szentpéteri (Adam Sentpyeteri) Ipoteka bank OTP Group Boshqaruvi raisi etib tayinlandi. Adam 3-iyundan buyon Boshqaruv raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi sifatida samarali faoliyat yuritib kelayotgan edi va endilikda mazkur lavozimdagi faoliyatini rasmiy ravishda davom ettiradi.
Yangi lavozimida Ádám Szentpéteri Ipoteka bank OTP Group’ning strategik maqsadlarini amalga oshirish hamda biznesning barqaror o‘sishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratadi. Uning tayinlovi bankning strategik rivojlanish yo‘nalishlaridagi izchillikni saqlash, transformatsiya jarayonlarini davom ettirish va Ipoteka bank OTP Group’ning moliya bozoridagi yetakchi mavqeini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
“Ipoteka bank OTP Group’ga rahbarlik qilish men uchun katta sharaf. 2023-yilda bank jamoasiga qo‘shilganimdan buyon yuksak malakali mutaxassislar bilan birga ishlash va O‘zbekistonning ulkan salohiyatiga yaqindan guvoh bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Jamoamiz bilan birgalikda boshlangan transformatsiya va rivojlanish yo‘lini davom ettirayotganimizdan faxrlanaman. Oldimizda bankning yetakchi moliya institutlardan biri sifatidagi mavqeimizni yanada mustahkamlash, mijozlarimiz uchun zamonaviy va qulay bank xizmatlarini rivojlantirish, regulyatorlar hamda davlat organlari bilan ochiq va samarali hamkorlikni davom ettirish, shuningdek, O‘zbekiston moliya sektorining barqaror rivojlanishiga munosib hissa qo‘shish kabi muhim vazifalar turibdi. Ishonchim komilki, professional jamoamiz bilan birgalikda ushbu maqsadlarga muvaffaqiyatli erishamiz”, — dedi Ipoteka bank OTP Group Boshqaruvi raisi Ádám Szentpéteri.
2023-yil iyul oyida Ádám Szentpéteri Ipoteka bank OTP Group’ga Boshqaruv raisi o‘rinbosari va Strategiya hamda moliya bloki rahbari sifatida qo‘shildi. U 2023-yil sentyabridan boshlab, bank transformatsiya dasturiga rahbarlik qilib, biznesni modernizatsiya qilish, operatsion jarayonlarni takomillashtirish va barqaror o‘sishni ta’minlashda munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Ádám Szentpéteri o‘z professional faoliyatini 2005-yilda OTP Group’da makroiqtisodiy tahlilchi sifatida boshlagan. Faoliyati davomida u chakana biznes, kontrolling hamda strategik boshqaruv yo‘nalishlarida turli rahbarlik lavozimlarida muvaffaqiyatli ishlagan. Shuningdek, 2012–2018-yillarda Ukrainadagi OTP Bank Kuzatuv kengashi a’zosi, 2018–2022-yillarda esa Rossiyadagi OTP Bank Direktorlar kengashi a’zosi sifatida faoliyat yuritgan. 2022-yil avgustidan 2023-yil iyuniga qadar Albaniyadagi OTP Bank moliya direktori va Direktorlar kengashi a’zosi lavozimlarida ishlab, bankning moliyaviy boshqaruvi va rivojlanishiga munosib hissa qo‘shgan.
«Ádám Szentpéterining mazkur lavozimga tayinlanishi OTP Group’ning Ipoteka bank OTP Group tomonidan amalga oshirilayotgan strategik rivojlanish yo‘liga bo‘lgan yuksak ishonchini yana bir bor tasdiqlaydi. So‘nggi yillarda bank transformatsiya jarayonida muhim natijalarga erishib, bozordagi pozitsiyalarini sezilarli darajada mustahkamladi. Adam rahbarligi ostida bank strategik maqsadlarni izchil ro‘yobga chiqarish, mijozlar va hamkorlar uchun barqaror hamda uzoq muddatli qiymat yaratish, shuningdek, O‘zbekiston moliya sektorining rivojlanishiga munosib hissa qo‘shishni davom ettirishiga ishonamiz”, — dedi Ipoteka bank OTP Group Kuzatuv kengashi raisi va OTP Group bosh direktori o‘rinbosari László Wolf (Laslo Volf).
Avvalroq, Ipoteka bank OTP Group 2026-yilning birinchi choragi yakunlari bo‘yicha Xalqaro moliyaviy hisobot standartlari (MHXS) asosidagi moliyaviy natijalarini e’lon qilgan edi. Hisobot davrida bank 579,2 mlrd so‘m (47,7 mln AQSH dollari ekvivalenti) miqdorida rekord darajadagi sof foyda qayd etdi. Mazkur natija o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 32,9 foizlik o‘sishni ta’minlab, bankning barqaror rivojlanishi, kuchli biznes ko‘rsatkichlari hamda transformatsiya strategiyasining yuqori samaradorligini yaqqol namoyon etadi.