Ipoteka bank OTP Group va Webster universiteti ta’lim va rivojlanish imkoniyatlarini kengaytirmoqda
Ipoteka bank OTP Group’da kuchli mutaxassislarni shakllantirish sifatli ta’limdan boshlanishiga ishonadi. Shu bois bank mamlakatning yetakchi universitetlari bilan hamkorlikni izchil kengaytirib bormoqda. Toshkent shahridagi Vebster universiteti bilan yo‘lga qo‘yilgan sheriklik bu boradagi navbatdagi qadam bo‘ldi.
Tegishli memorandum Ipoteka bank OTP Group nomidan Chief HR Officer Venera Erzina va Webster universiteti nomidan Qabul, marketing va biznesni rivojlantirish bo‘limlari direktorining o‘rinbosari Mirjalol Mirsobitov tomonidan imzolandi.
Kelishuv ta’lim va amaliyot o‘rtasidagi aloqani mustahkamlashga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishni ko‘zda tutadi. Bunday hamkorlik talabalarga zamonaviy mehnat bozori talablarini yaxshiroq tushunish, real biznes jarayonlari bilan tanishish hamda moliya sohasidagi faoliyat haqida tasavvurga ega bo‘lish imkonini beradi.
Ipoteka bank OTP Group uchun uzluksiz ta’lim va professional rivojlanish nafaqat tashqi faoliyat yo‘nalishi, balki korporativ madaniyatning muhim qismidir. Avvalroq bankda «O‘z maoshingizni oshiring» dasturi amalga oshirilgan bo‘lib, u xodimlarga o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli yakunlagani uchun ish haqiga qo‘shimcha ustama olish imkoniyatini yaratgan.
Agar siz talaba bo‘lsangiz va Ipoteka bank OTP Group jamoasining bir qismiga aylanishni, amaliy ish tajribasiga ega bo‘lishni hamda bank sohasini ichidan o‘rganishni istasangiz, Career Path stajirovka dasturiga ariza topshiring.