Ipoteka bank OTP Group O‘zbekiston korxonalarini yashil modernizatsiya qilishga qo‘shgan hissasi uchun YеTTB mukofotini qo‘lga kiritdi
Bankning yashil moliyalashtirish sohasidagi natijalari xalqaro e’tirofga sazovor bo‘ldi: Ipoteka bank OTP Group bir yarim yil ichida energiya tejamkor texnologiyalar va biznesni modernizatsiya qilishga sarmoya kiritayotgan 30 dan ortiq korxonani qo‘llab-quvvatlashga 10 million AQSH dollari yo‘naltirdi.
Ipoteka bank OTP Group Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YеTTB) tomonidan Toshkentda tashkil etilgan Uzbekistan GEFF Greening Financial Systems Launch and GEFF Awards Ceremony marosimi doirasida Ipoteka Bank Excellence in Green Finance for Industrial Modernization nominatsiyasi bo‘yicha mukofotga sazovor bo‘ldi.
Mazkur mukofot O‘zbekiston korxonalari uchun yashil moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan GEFF II dasturini amalga oshirishda bank erishgan natijalarni e’tirof etadi. Bir yarim yil ichida bank 10 million AQSH dollarlik kredit liniyasini to‘liq o‘zlashtirib, 30 dan ortiq korxonani moliyalashtirdi.
Dastur Toshkent shahri, Toshkent, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlaridagi sanoat, savdo va xizmat ko‘rsatish korxonalarini qamrab oldi. Mablag‘lar asosan energiya tejamkor uskunalar va elektromobillarni xarid qilishga yo‘naltirildi, bu esa korxonalarni texnologik yangilash va ularning atrof-muhitga ta’sirini kamaytirishga xizmat qildi.
GEFF dasturining hisob-kitoblariga ko‘ra, amalga oshirilgan loyihalar yiliga 129 950 GJ hajmdagi birlamchi energiyani tejash hamda CO₂ chiqindilarini yiliga 9 382 tonnaga kamaytirish imkonini beradi.
Farmatsevtika sohasidagi qiymati 2 million dollarlik loyiha buning yaqqol namunalaridan biri bo‘ldi. U hayot uchun muhim dori vositalarini ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan qon plazmasini saqlash uchun energiya tejamkor sovitish texnologiyalarini joriy etishni nazarda tutadi.
Loyihaning amalga oshirilishi har yili qariyb 3 497 GJ energiyani tejash va CO₂ chiqindilarini taxminan 145 tonnaga qisqartirish imkonini berishi kutilmoqda.
“Ipoteka bank OTP Group uchun mazkur mukofot yashil moliyalashtirishni rivojlantirish borasida erishilgan natijalarning e’tirofidir. YеTTB bilan hamkorlik tufayli biz O‘zbekiston korxonalariga xarajatlarni qisqartirish, operatsion samaradorlikni oshirish va biznesning raqobatbardoshligini mustahkamlashga xizmat qiladigan energiya tejamkor texnologiyalarga sarmoya kiritishda ko‘maklashdik. Biz kelgusida ham korxonalarning texnologik modernizatsiyasi va barqaror o‘sishini qo‘llab-quvvatlagan holda, ular uchun yashil moliyalashtirish imkoniyatlarini yanada kengaytirish niyatidamiz”, — deya ta’kidladi Ipoteka bank OTP Group’ning Biznes va mahsulotlarni rivojlantirish hamda global tranzaksion banking direksiyasi rahbari Jonon Jalalova.
Ushbu e’tirof Ipoteka bank OTP Group va YеTTBning energiya tejamkor texnologiyalarni ilgari surish borasidagi hamkorligi samaralarini aks ettiradi. Bank korxonalarni modernizatsiya qilish va O‘zbekiston iqtisodiyoti barqarorligini oshirishga qaratilgan investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlab, yashil kreditlashni yanada rivojlantirishni maqsad qilgan.
Ma’lumot uchun: GEFF II (Green Economy Financing Facility II) — YеTTBning yashil texnologiyalarni moliyalashtirish hamda energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan dasturidir.