Ipoteka bank OTP Group O‘zbekistonda Private Banking xizmatini yo‘lga qo‘ymoqda
03.11.2026

Ipoteka bank OTP Group O‘zbekistonda Private Banking xizmatini yo‘lga qo‘ymoqda

Toshkent, 2026-yil 3-noyabr — Ipoteka bank OTP Group O‘zbekistonda Private Banking yo‘nalishini yo‘lga qo‘ydi. Belgilangan mezonlarga javob beradigan mijozlar uchun shaxsiy bank xizmati, individual moliyaviy yechimlar, shaxsiy yondashuv va bir qator qo‘shimcha imtiyozlar taqdim etiladi. Yangi yo‘nalish OTP Group’ning Private Banking sohasidagi qariyb 30 yillik tajribasiga tayanadi hamda O‘zbekiston bozorining o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga oladi.


Private Banking — bu kapitalni boshqarish, uni saqlab qolish va ko‘paytirishda shaxsiy ko‘mak muhim bo‘lgan, murakkabroq moliyaviy ehtiyojlarga ega mijozlar uchun mo‘ljallangan maxsus xizmat ko‘rsatish formatidir. Odatda, bunday format mijozlarning uzoq muddatli moliyaviy maqsadlariga erishishida yordam berib, bank va investitsiya xizmatlari, maslahatlar hamda shaxsiy yondashuvni o‘zida birlashtiradi.

Private Banking yo‘nalishining yo‘lga qo‘yilishi — Ipoteka bank rivojidagi muhim bosqichdir. U imtiyozli shartlar, shaxsiy yondashuv, ixtisoslashtirilgan Private Banking ofisida xizmatlardan foydalanish imkoniyati va qo‘shimcha imtiyozlar tufayli belgilangan mezonlarga javob beradigan mijozlarga shaxsiy bank xizmatini ko‘rsatishni yangi darajaga olib chiqadi.

“Private Banking’ning ishga tushirilishi Ipoteka bank OTP Group va O‘zbekistondagi eksklyuziv bank xizmatlarini rivojlantirishda muhim bosqich hisoblanadi. Biz uchun bu shunchaki yangi biznes yo‘nalishini ochish emas, balki Guruhning xalqaro standartlariga muvofiq mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini doimiy ravishda oshirishdir. Ishonchimiz komilki, OTP Group tajribasini mahalliy bozor haqidagi bilimlar va Ipoteka bank imkoniyatlari bilan uyg‘unlashtirish bizga uzoq muddatli istiqbolda mijozlarimizga foyda keltirish hamda O‘zbekistonda premium bank segmentini yanada rivojlantirishga hissa qo‘shish imkonini beradi”, — dedi Ipoteka bank OTP Group Boshqaruvi raisi Adam Sentpeteri.

“Tadbirkorlar, biznes egalari va yuqori bo‘g‘in rahbarlari orasida shaxsiy bank xizmatlariga bo‘lgan talab ortib borayotganini kuzatmoqdamiz. Ushbu mijozlarga nafaqat moliyaviy mahsulotlar, balki bank xizmatlaridan qulay foydalanish imkoniyati, imtiyozli shartlar va o‘z banki bilan barqaror munosabatlar ham zarur. Ipoteka Bank’dagi Private Banking individual yondashuv va yuqori darajadagi servisni o‘zida mujassam etgan alohida xizmat ko‘rsatish modeli tufayli ushbu talablarga to‘liq javob beradi”, — dedi Ipoteka bank OTP Group Private Banking departamenti rahbari Ruslan Lapin.


Shaxsiy hamrohlik va imtiyozli bank xizmatlarini ko‘rsatish shartlari

Shaxsiy maslahatchi mijozning bankdagi asosiy aloqa vakili sifatida ish yuritadi, uning so‘rovlari bo‘yicha jarayonlarni muvofiqlashtiradi hamda Ipoteka bank’ning Private Banking yo‘nalishi doirasida taqdim etiladigan mahsulot va xizmatlardan foydalanishda ko‘maklashadi.

Mijozlarga omonatlar bo‘yicha individual moliyaviy yechimlar va shartlar, bank operatsiyalari uchun imtiyozli tariflar, valyutalarni konvertatsiya qilishning maxsus shartlari hamda moliyaviy vositalar bo‘yicha maslahatlar taqdim etiladi.

Shuningdek, taklif premium Visa Infinite va Uzcard Sherdor to‘lov kartalarini ham o‘z ichiga oladi.

Mijozlarga Toshkentdagi OTP Group xalqaro standartlariga muvofiq tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan Private Banking ofisida xizmat ko‘rsatiladi. Ofisda individual xizmat ko‘rsatish va maxfiy maslahatlar berish uchun alohida muzokara xonalari ko‘zda tutilgan.


Kartalar bo‘yicha eksklyuziv imtiyozlar va qo‘shimcha afzalliklar

Belgilangan mezonlarga javob beradigan mijozlar uchun eksklyuziv to‘lov kartalari bo‘yicha ko‘zda tutilgan kundalik hayot va sayohatlarga oid bir qator imtiyozlar mavjud. Ushbu imtiyozlar tegishli to‘lov tizimlari va xizmat ko‘rsatuvchi hamkorlar bilan birgalikda taqdim etiladi. Tanlangan karta va amaldagi shartlarga qarab, ular konsyerj xizmati, sayohat sug‘urtasi, aeroportlarda Fast Track xizmatlari, biznes-klass transferlari, DragonPass dasturi bo‘yicha aeroportlarning biznes-zallariga kirish imkoniyati, shuningdek, xalqaro va mahalliy hamkorlarning maxsus takliflarini o‘z ichiga olishi mumkin.

“OTP Group uchun O‘zbekistonda Private Banking xizmatini yo‘lga qo‘yish, avvalo, mahalliy mijozlarimiz uchun yangi imkoniyatlar yaratish hamda mamlakatda kapitalni boshqarish xizmatlarini yanada rivojlantirishga hissa qo‘shish demakdir. O‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan birgalikda mahalliy bozor haqidagi bilimlarni OTP Group’ning Yevropa bozorlarida to‘plagan boy tajribasi va malakasi bilan birlashtirib, O‘zbekistondagi mijozlarning ehtiyojlarini inobatga olgan holda Private Banking taklifini ishlab chiqdik. Bu boradagi ilk muhim natijaga birgalikda erishganimizdan mamnunmiz. Bunday yaqin hamkorlik mijozlarimiz bilan ishlash uchun mustahkam poydevor yaratib, ularga yanada kengroq turdagi individual investitsion yechimlarni hamda mutaxassislarning shaxsiy ko‘magini taklif etish imkonini beradi”, — dedi OTP Group’ning global bozorlar bo‘yicha boshqaruvchi direktori Attila Banfi.


Ofis manzili va xizmat ko‘rsatish shartlari

Private Banking ofisi quyidagi manzilda joylashgan: Toshkent shahri, Mirobod ko‘chasi, 35-uy.

Umumiy qiymati kamida 750 million so‘m (50 000 yevro ekvivalentida) bo‘lgan aktivlarga yoki kamida 75 million so‘m (5 000 yevro ekvivalentida) miqdoridagi muntazam oylik daromadga ega mijozlar Private Banking xizmatlaridan foydalanishlari mumkin..

Xizmat ko‘rsatish shartlari va mijozlarga qo‘yiladigan talablar haqida batafsil ma’lumotni Ipoteka bank rasmiy veb-saytidan yoki bankning aloqa markazidan +998 (78) 150-18-88 telefon raqami orqali olish mumkin..


Ipoteka Mobile ilovasini yuklab oling va bankka bormasdan turib moliyangizni boshqaring

Oylik maosh, o‘tkazmalar, kreditlar va Ipoteka bank OTP Group’ning boshqa xizmatlari doimo qo‘l ostingizda

Ipoteka Mobile ilovasini yuklab oling
bg
↑
Oxirgi yangilanish sanasi: 03.11.2026