Ipoteka bank OTP Group qurilish kompaniyalari va developerlarga loyiha qiymatining 70 foizigacha moliyalashtirish imkoniyatini taqdim etadi
Ipoteka bank OTP Group «Ko‘chmas mulk qurilishini loyihaviy moliyalashtirish» mahsulotini joriy etganini ma’lum qiladi - bu developerlar, investorlar va qurilish kompaniyalari uchun bank moliyalashtirishini shaffof va nazorat qilinadigan shartlarda jalb etish imkonini beruvchi zamonaviy yechimdir.
Mahsulot turar joy hamda aralash turdagi ko‘chmas mulk loyihalarini (tijorat infratuzilmasiga ega turar joy obyektlari) moliyalashtirish uchun foydalanishga tayyor. Dastur doirasida bank loyiha budjetining 70 foizigacha qismini moliyalashtiradi. Bu esa o’z o’rnida, quruvchi kompaniyalargalarga zamonaviy qurilish loyihalarini amalga oshirish uchun yirik moliyaviy resurslardan foydalanish imkonini ta’minlaydi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda qurilish hajmlarining jadal o‘sishi va zamonaviy moliyalashtirish mexanizmlariga bo‘lgan talab ortib borayotgani sababli loyiha moliyalashtiruvi alohida dolzarblik kasb etmoqda.
Loyihaviy moliyalashtirish ko‘chmas mulk bozorining shaffofligini oshirish, xatarlarni kamaytirish hamda xaridorlar va investorlarning ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Tomonlarning kelishuviga ko‘ra, qo‘shimcha ravishda eskrou mexanizmi va davlat raqamli platformasi orqali nazorat tizimi qo‘llanilishi mumkin. Bu xaridorlar mablag‘larini eskrou hisobvaraqlarida saqlash va ulardan faqat maqsadli yo‘nalishda foydalanishni ta’minlaydi, shuningdek, loyiha amalga oshirilishini qurilishning barcha bosqichlarida nazorat qilish imkonini beradi.
«Ko‘chmas mulk qurilishini loyihaviy moliyalashtirish — bu bozorning yanada shaffof va barqaror rivojlanish modeliga o‘tishiga yordam beruvchi vositadir. Biz quruvchi kompaniyalar moliyalashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladigan, loyihalar esa har bir bosqichda nazorat ostida amalga oshiriladigan sharoitlarni yaratmoqdamiz», — dedi Ipoteka bank OTP Group Boshqaruvi Raisi o‘rinbosari Irakliy Elashvili.
Ipoteka bank OTP Group loyihaviy moliyalashtirishni rivojlantirishni qurilish sohasini qo‘llab-quvvatlash, developerlik loyihalariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash hamda O‘zbekistonda ko‘chmas mulkni moliyalashtirishning zamonaviy standartlarini joriy etishga qaratilgan muhim strategik qadam sifatida baholaydi.