Ipoteka bank OTP Group MHXS bo‘yicha 2026-yilning 9 oylik moliyaviy natijalarini e’lon qildi: sof foyda 56 foizga oshdi
11.11.2026

Ipoteka bank OTP Group MHXS bo‘yicha 2026-yilning 9 oylik moliyaviy natijalarini e’lon qildi: sof foyda 56 foizga oshdi

2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyi yakunlari bo‘yicha Ipoteka bank OTP Group 1,8 trln so‘m (151 mln AQSh dollari ekvivalentida) miqdorida sof foyda qayd etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 56 % ga o‘sishni ko’rsatib, bankning transformatsiya jarayoni va amalga oshirilayotgan strategiyaning samaradorligini tasdiqladi. 

  • Kapital rentabelligi (ROE) – 25,2% 

  • Kapitalning yetarlilik darajasi (CAR) – 21,1% 

  • Aktivlar rentabelligi (ROA) – 3,4% 

  • Risk qiymati (COR) – −0,6% 

Bankning jami aktivlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16 foizga oshib, 57,9 trln so‘mni (4,89 mlrd AQSh dollari ekvivalentida) tashkil etdi. Operatsion foyda esa 2,2 trln so‘mga (184,4 mln AQSh dollari ekvivalentida) yetib, yillik hisobda 39 foizga o‘sdi.


Barcha moliyaviy ko‘rsatkichlar Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS) talablariga muvofiq taqdim etilgan. 

Avvalroq Ipoteka bank OTP Group milliy buxgalteriya hisobi standartlari (MBHS) bo‘yicha ham moliyaviy natijalarini e’lon qilgan edi. Bank sof foyda hajmi bo‘yicha O‘zbekiston bank sektori yetakchisi sifatidagi mavqeini yana bir bor tasdiqlab, ketma-ket uchinchi chorak davomida ushbu pozitsiyani saqlab qoldi. 

“Bugungi kunda Ipoteka bank OTP Group O‘zbekiston bank sektori yetakchilari qatorida bo‘lib, foyda ko‘rsatkichlari bo‘yicha yuqori natijalarni namoyish etmoqda. Bu yutuqlar, eng avvalo, mijozlarimizning ishonchi hamda jamoamizning fidokorona va samarali mehnati samarasidir. Mijozlar bilan bevosita ishlayotgan yoki ichki jarayonlarning uzluksiz va sifatli faoliyatini ta’minlayotgan har bir xodim umumiy muvaffaqiyatimizga munosib hissa qo‘shmoqda. Aynan jamoamizning hamjihatligi va professional yondashuvi strategik maqsadlarimizga izchil erishish hamda barqaror o‘sishni ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda”, — dedi Ipoteka bank OTP Group Boshqaruv raisi Adam Sentpyeteri. 

Moliyaviy natijalar, eng avvalo, jamoamizning samarali faoliyati hamda mijozlarimiz ishonchining mustahkamlanib borayotganini aks ettiradi. Bu esa mijozlar bazasining kengayishi, mahsulot va xizmatlarga bo‘lgan talabning ortishi hamda asosiy biznes ko‘rsatkichlarining izchil o‘sishida o‘z ifodasini topmoqda. 

Joriy yilning uchinchi choragi yakunlariga ko‘ra, bank filiallarida xizmat ko‘rsatish sifatini baholovchi Mystery Shopping indeksi 93 foizga yetdi. Shu bilan birga, aloqa markazi faoliyati samaradorligini aks ettiruvchi Mystery Calling ko‘rsatkichi 92,7 foizni tashkil etdi.  

Mijozlarning bankni boshqalarga tavsiya etishga tayyorligini aks ettiruvchi NPS (Net Promoter Score) indeksi o‘tgan yilga nisbatan 58% dan 74% gacha oshdi. 

Mazkur natijalar mijozlar bank xizmatlari sifati, xizmat ko‘rsatish tezligi hamda kundalik mijozlar bilan ishlash jarayonlaridagi ijobiy o‘zgarishlarni yuqori baholayotganidan dalolat beradi. 

OTP Group miqyosida ham 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyi davomida barqaror moliyaviy natijalar qayd etildi. Hisobot davrida Guruhning sof foydasi 2,4 mlrd yevroni, kapital rentabelligi (ROE) esa 21,1 foizni tashkil etdi. Yil boshidan buyon amaldagi kredit portfeli 12 foizga o‘sdi. Bunda ipoteka kreditlari alohida o‘rin tutib, mazkur yo‘nalishdagi portfel hajmi 17 foizga oshganini ko'rsatmoqda.



Ipoteka Mobile ilovasini yuklab oling va bankka bormasdan turib moliyangizni boshqaring

Oylik maosh, o‘tkazmalar, kreditlar va Ipoteka bank OTP Group’ning boshqa xizmatlari doimo qo‘l ostingizda

Ipoteka Mobile ilovasini yuklab oling
bg
↑
Oxirgi yangilanish sanasi: 11.11.2026