Ipoteka bank OTP Group IFC dan jalb qilingan mablag’larni kapitalga aylantirish orqali hamkorlikni mustahkamlamoqda
17.06.2026

Ipoteka bank OTP Group IFC dan jalb qilingan mablag’larni kapitalga aylantirish orqali hamkorlikni mustahkamlamoqda

23

Ipoteka bank OTP Group Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) dan jalb qilingan mablag’larni bank kapitaliga aylantirish jarayonini muvaffaqiyatli yakunladi.  Bu esa IFC bilan uzoq muddatli hamkorlikdagi yangi muhim bosqich bo‘ldi.

Ushbu kelishuv IFCning O‘zbekistonda xususiylashtirish islohotlarini qo‘llab-quvvatlashga hamda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish orqali bank tizimining raqobatbardoshligini oshirishga bo‘lgan intilishini namoyon etadi.

Toshkent shahri, 2026 yil 18 iyun — Ipoteka bank OTP Group va Jahon banki guruhi tarkibiga kiruvchi IFCning moliyaviy majburiyatlarini bank kapitaliga o‘tkazish jarayoni muvaffaqiyatli yakunlanganini ma’lum qildi. Ushbu kelishuv ikki moliyaviy institut o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikning muhim bosqichi bo‘lib, IFCning O‘zbekiston bank tizimini yanada isloh qilish va rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan sa’y-harakatlarini yana bir bor tasdiqlaydi.

Mazkur investitsiya IFCning Ipoteka bank OTP Group bilan o‘n yillik hamkorligini ifodalaydi. Ushbu hamkorlik 2016 yilda O‘zbekiston hukumati tashabbusiga muvofiq davlat banklarini xususiylashtirish jarayonini qo‘llab-quvvatlash maqsadida boshlangan. 2017 yilda konsalting xizmatlari bo‘yicha bitim imzolangach, IFC bankka korporativ boshqaruvni mustahkamlash, strategiyani rivojlantirish hamda xususiylashtirish jarayoniga tayyorgarlik ko‘rishda ko‘maklashdi.

Shu bilan birga, IFC bankka xususiylashtirish jarayonidan avval 35 million AQSh dollari miqdorida konvertatsiya qilinadigan qarz mablag’larini ajratib, uni kapitalga o‘tkazish imkoniyati Ipoteka bank OTP Group bilan kelishilgan transformatsiya bosqichlarining samarali amalga oshirilishiga chambarchas bog‘liq edi. Bank o‘z zimmasidagi majburiyatlarni to‘liq ado etib, ushbu qarzni kapitalga aylantirish jarayonini muvaffaqiyatli yakunladi va bu uzoq muddatli hamkorlik doirasida muhim natija sifatida baholandi.

Loyiha IFCning O‘zbekistonda xususiylashtirish jarayonlariga bo‘lgan sodiqligini, shuningdek, bank sohasiga xususiy sarmoyalarni jalb etishga qaratilgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaydi. Ilgari davlat mulki ustun bo‘lgan ushbu tarmoqda mazkur tashabbus raqobatga ochiq va bozor qoidalariga tayangan moliyaviy tizimni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Ipoteka bank OTP Group Markaziy va Sharqiy Yevropadagi yetakchi mustaqil moliyaviy guruhlardan biri hisoblangan OTP Group tarkibiga kiradi. Energetika, sanoat, qurilish, transport va telekommunikatsiya kabi ustuvor yo‘nalishlarni qo‘llab-quvvatlash orqali Ipoteka bank OTP Group hamda OTP Group O‘zbekistonda barqaror iqtisodiy rivojlanishga hissa qo‘shib, mamlakatga xalqaro kapital oqimini jalb etishga yordam bermoqda.

Ipoteka bank OTP Group Boshqaruv raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Adam Sentpeteri shunday dedi:
“Mazkur jarayon Ipoteka bank OTP Group uchun IFC bilan uzoq muddatli hamkorligimizdagi muhim bosqich hisoblanadi. So‘nggi yillarda bank katta o‘zgarishlar yo‘lini bosib o‘tdi: korporativ boshqaruvni kuchaytirdik, operatsion faoliyatni zamonaviylashtirdik, mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshiladik va O‘zbekiston iqtisodiy rivojiga qo‘shayotgan hissamizni kengaytirdik. IFC bu jarayonda turli bosqichlarda — maslahatchi, moliyaviy hamkor va hozirda aksiyador sifatida qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Biz ushbu ishonchni yuqori qadrlaymiz va mijozlar, biznes hamjamiyati hamda O‘zbekiston moliya sektori manfaatlari yo‘lida hamkorlikni yanada rivojlantirishni maqsad qilganmiz.”

IFCning Yaqin Sharq, Turkiya va Markaziy Osiyo bo‘yicha moliyaviy institutlar yo‘nalishi mintaqaviy direktori Momina Ayjazuddin quyidagilarni qayd etdi:

«O‘zbekiston bank tizimi muhim o‘zgarishlar bosqichini boshdan kechirmoqda va IFC tomonidan ko‘p yillar davomida amalga oshirilgan sa’y-harakatlarning aynan ushbu kapitalga konvertatsiya jarayonida o‘z samarasini berayotganini ko‘rish mamnuniyat uyg‘otadi. Yanada mustahkam va raqobatbardosh Ipoteka bank OTP Group mamlakat bo‘ylab tadbirkorlik subyektlari uchun moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi. Bu esa yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda iqtisodiy salohiyatni oshirish uchun muhim asos yaratadi. Bank o‘z rivojlanishining yangi bosqichiga qadam qo‘yar ekan, biz hamkorligimizni yanada mustahkamlashni katta qiziqish bilan kutmoqdamiz».

Ipoteka bank OTP Group haqida

Ipoteka bank OTP Group ipoteka kreditlash, uy-joy va savdo moliyalashtirish yo‘nalishlarida katta tajribaga ega moliyaviy institutdir. Bank 3 milliondan ortiq mijozlarga xizmat ko‘rsatib, 4,5 milliard AQSh dollaridan ziyod aktivlarni boshqaradi. Shuningdek, O‘zbekiston bo‘ylab 90 dan ortiq filial va xizmat ko‘rsatish nuqtalari orqali keng turdagi bank xizmatlarini taqdim etadi.

Qo‘shimcha ma’lumot uchun:

www.ipotekabank.uz

Instagram: www.instagram.com/ipotekabank.uz

Facebook: www.facebook.com/ipotekabankofficial

Telegram: https://t.me/ipotekabankofficial

IFC haqida
IFC — Jahon banki guruhi tarkibiga kiruvchi va rivojlanayotgan bozorlardagi xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlashga ixtisoslashgan eng yirik global rivojlanish institutlaridan biri. Tashkilot 100 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritib, o‘z kapitali, chuqur tajribasi va ta’sir imkoniyatlaridan foydalangan holda rivojlanayotgan davlatlarda yangi bozorlar hamda imkoniyatlarni shakllantiradi.
2025 yilda IFC rivojlanayotgan mamlakatlardagi xususiy kompaniyalar va moliyaviy institutlarni qo‘llab-quvvatlash uchun rekord darajada — 71,7 milliard AQSh dollari miqdorida moliyalashtirishni taqdim etdi. Bu orqali xususiy sektor yechimlari va kapitalini safarbar etish orqali kambag‘allikdan xoli, barqaror yashash uchun qulay muhit yaratish maqsadi ilgari surilmoqda.

Qo‘shimcha ma’lumot uchun: www.ifc.org
IFC yangiliklarini ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatib boring. 


Ipoteka Mobile ilovasini yuklab oling va bankka bormasdan turib moliyangizni boshqaring

Oylik maosh, o‘tkazmalar, kreditlar va Ipoteka bank OTP Group’ning boshqa xizmatlari doimo qo‘l ostingizda

Ipoteka Mobile ilovasini yuklab oling
bg