Ipoteka bank OTP Group YeTTB ko‘magida O‘zbekistonda mikroprotsessorli kartalar ishlab chiqarishni kengaytirishni moliyalashtirmoqda
04.09.2026

Ipoteka bank OTP Group YeTTB ko‘magida O‘zbekistonda mikroprotsessorli kartalar ishlab chiqarishni kengaytirishni moliyalashtirmoqda

Risklarni taqsimlash mexanizmi (Risk Sharing Facility) doirasidagi ilk subkredit Vades Group kompaniyasiga ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish hamda Toshkent viloyatida yangi ishlab chiqarish korxonasini barpo etish loyihasini amalga oshirish imkonini beradi.


Toshkent shahri, 2026-yil 2-sentabr.

Ipoteka bank OTP Group mikroprotsessor texnologiyalariga asoslangan mahsulotlar ishlab chiqaruvchi, 2005-yilda tashkil etilgan Vades Group LLC bilan kredit shartnomasini imzoladi. Dastlab SIM-kartalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kompaniya hozirda faoliyatini diversifikatsiya qilib, bank kartalari va shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar ishlab chiqarishni rivojlantirmoqda.

Mazkur bitim Ipoteka bank OTP Group va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) o‘rtasida amalga oshirilayotgan Risklarni taqsimlash mexanizmi (Risk Sharing Facility, RSF) doirasidagi ilk subkredit hisoblanadi. Ushbu mexanizmga muvofiq, YeTTB loyiha bo‘yicha kredit riskining 50 foizini o‘z zimmasiga oladi. Natijada, Ipoteka bank mahalliy biznes subyektlari hamda investitsiya tashabbuslarini moliyalashtirish imkoniyatlarini yanada kengaytirib, iqtisodiyotning real sektorini qo‘llab-quvvatlash salohiyatini mustahkamlaydi.

Ajratilgan mablag‘lar Vades Group tomonidan faoliyat ko‘lamini kengaytirish hamda Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida yangi ishlab chiqarish majmuasini rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Loyiha doirasida barpo etilayotgan zamonaviy korxona kompaniyaning bank kartalari va shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar ishlab chiqarish quvvatlarini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi. Shu bilan birga, mazkur investitsiya yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, import o‘rnini bosish va mahalliy sanoat rivojiga qo‘shimcha turtki berishga xizmat qiladi.


Ipoteka bank OTP Group Boshqaruv raisining o‘rinbosari, Korporativ bank xizmatlari va bozor instrumentlari bloki rahbari Irakli Elashvili:

"Ipoteka bank OTP Group uchun Risklarni taqsimlash mexanizmi (RSF) doirasidagi ilk bitimning imzolanishi muhim voqea hisoblanadi. Ushbu kelishuv YeTTB bilan strategik hamkorligimizni yanada mustahkamlab, O‘zbekistondagi biznes subyektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha imkoniyatlarimizni kengaytiradi.

Vades Group bilan amalga oshirilayotgan ushbu moliyalashtirish loyihasi kompaniyaning barqaror o‘sishi va ishlab chiqarish salohiyatini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Mazkur bitim Ipoteka bankning korporativ moliyalashtirish sohasidagi tajribasi hamda YeTTBning xalqaro moliyaviy resurslari va ekspertizasini uyg‘unlashtirgan holda, mahalliy biznesning uzoq muddatli taraqqiyotini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Vades Group tomonidan bildirilgan ishonch uchun minnatdormiz va kompaniyaning investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda kelgusi rivojlanish bosqichlarida ishonchli moliyaviy hamkor bo‘lib qolishdan mamnunmiz."


YeTTBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Andi Aranitasi:

"Bugungi imzolash marosimi YeTTB va Ipoteka bank OTP Group o‘rtasidagi hamkorlikda yangi bosqichni boshlab beradi. Risklarni taqsimlash mexanizmi (RSF) doirasida amalga oshirilayotgan ushbu ilk qo‘shma moliyalashtirish bitimi O‘zbekistonda xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash va mahalliy biznesning barqaror rivojlanishiga ko‘maklashish yo‘lidagi muhim qadamdir. Ushbu hamkorlik kelgusida mamlakat iqtisodiyoti uchun yuqori ahamiyatga ega bo‘lgan loyihalarni birgalikda moliyalashtirish bo‘yicha ko‘plab muvaffaqiyatli tashabbuslarga zamin yaratishiga ishonamiz.

Vades Group innovatsion va zamonaviy ishlab chiqarishga sarmoya kiritayotgan, mahsulot portfelini kengaytirayotgan hamda uzoq muddatli o‘sish strategiyasini izchil amalga oshirayotgan mahalliy kompaniyalarning yorqin namunasidir. Kompaniyaning ushbu loyihasi ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, mahalliy sanoatni rivojlantirish va iqtisodiy faollikni rag‘batlantirishga munosib hissa qo‘shadi."


Vades Group LLC direktori Igor Li:

"YeTTB va Ipoteka bank OTP Group bilan kredit shartnomasining imzolanishi Vades Group taraqqiyotidagi muhim bosqichlardan biridir. Ushbu moliyalashtirish kompaniyamizga ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, operatsion samaradorlikni oshirish hamda xalqaro sifat standartlariga mos innovatsion mahsulot va yechimlarni rivojlantirish bo‘yicha strategik rejalarni izchil amalga oshirish imkonini beradi.

Bizga bildirilgan ishonch, shuningdek, loyiha davomida ko‘rsatilgan professional yondashuv va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun YeTTB hamda Ipoteka bank OTP Group jamoalariga minnatdorlik bildiramiz. Mazkur hamkorlik nafaqat kompaniyamizning barqaror o‘sishi va raqobatbardoshligini mustahkamlashga, balki mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish va yangi imkoniyatlarni yaratishga ham xizmat qiladi."


Bitimning moliyaviy shartlari tomonlarning kelishuviga muvofiq oshkor etilmaydi. 


Ipoteka Mobile ilovasini yuklab oling va bankka bormasdan turib moliyangizni boshqaring

Oylik maosh, o‘tkazmalar, kreditlar va Ipoteka bank OTP Group’ning boshqa xizmatlari doimo qo‘l ostingizda

Ipoteka Mobile ilovasini yuklab oling
bg
Oxirgi yangilanish sanasi: 04.09.2026