Ma'lumot uchun: (78) 150-11-22

Aloqa markazi:  1233

Tranzaksiya amalga oshdi: OTP Bank Ipoteka-bankni sotib oldi

Nashr etilgan: 13 iyun, 2023

Oʻzbekiston bank sektorini xususiylashtirishda ishtirok etayotgan birinchi gʻarb banki sifatida OTP Bank, mamlakatning beshinchi yirik moliyaviy xizmatlar koʻrsatuvchi muassasasi – “Ipoteka-bank”ning asosiy aksiyadoriga aylandi. Bugun, bankni sotib olishning birinchi bosqichi yakunlandi, OTP Bank Ipoteka-bankning O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va Moliya vazirligiga tegishli aksiyalardan 75 foizini sotib oldi, qolgan 25 foizi 3 yillik muddatda sotib olinadi. O'zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasida OTP Guruh o'z faoliyatini yo’lga qo’yayotgan birinchi davlat bo’lib, o'zbek bank bozoriga kirish Guruh tarixida yangi sahifa ochadi. Ipoteka-bank aktivlari bo'yicha bank bozorining 7,6 foiz ulushiga hamda 1,5 millionga yaqin chakana mijozlarga ega. Ushbu (egalik huquqini o‘tkazish bilan bog‘liq) bitim Ipoteka-bank mijozlaridan hech qanday harakatni amalga oshirishni talab qilmaydi.

Budapesht, 2023-yil, 13-iyun – OTP Bank 2020-yil oxiridan buyon Oʻzbekiston hukumati bilan mamlakat bank sektorini xususiylashtirishda ishtirok etish imkoniyatlari boʻyicha muzokaralar olib borgan edi. 2022-yilning dekabr oyida, Toshkent shahrida tomonlar mamlakatning beshinchi yirik moliyaviy xizmatlar koʻrsatuvchi muassasasi – Ipoteka-bankning O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va Moliya vazirligiga tegishli aksiyalarining 100 foizini (umumiy bank aksiyalardagi ulushi taxminan 98 foiz) OTP Bank tomonidan sotib olish yuzasidan oldi-sotdi shartnomasini imzolagan edilar. Bugun moliyaviy amaliyot muvaffaqiyatli yakunlandi va OTP Bank Ipoteka-bankning qonuniy nazorat organiga aylandi. Natijada, OTP bank Ipoteka-bankning 73,71 foyiz egaligi bilan asosiy aksiyadoriga hamda bilvosita bankka tegishli moliyaviy lizing bilan shug‘ullanuvchi “Ipoteka lizing” va sug‘urta xizmatlarini taklif qiluvchi “Imkon-Sug‘urta” jamiyatlarining egasiga aylandi. Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) OTP Bank bilan hamkorlikda kelgusida Ipoteka-bankni moliyaviy va transformatsiya jarayonlarini qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradi.

“Oʻzbekiston bank bozorini xususiylashtirishda ishtirok etgan birinchi gʻarb vakili boʻlish OTP Guruhi uchun katta masʼuliyat va ulkan imkoniyatdir. Mamlakatda bozor iqtisodiyoti tobora ochiq va raqobatdosh bo'lib borishiga intilish amalga oshirilayotgan qat'iy siyosiy va iqtisodiy islohotlarda namoyon bo'lmoqda. Raqamlashtirish sohasidagi yutuqlar va infratuzilma uchun kiritilayotgan investitsiyalar O‘zbekiston iqtisodiyoti, hususan Ipoteka-bankni asosiy ishtirokchi sifatida kelgusi yillar va o‘n yilliklarda dinamik va barqaror o‘sishga erishishi uchun ajoyib asos bo‘lib xizmat qiladi. O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasidagi biz investitsiya kiritgan birinchi davlat bo’lib, biz ipoteka kreditlash bozorida yetakchilikka olib kelgan va mijozlarga yuqori sifatli xizmat ko‘rsatish strategiyasiga tayanamiz”, dedi OTP bank Boshqaruv raisi va bosh direktori Shandor Chan’i. “Ipoteka-bankning mahalliy tajribasi va OTP Guruhining 11 mamlakatdagi 23 dan ortiq banklarni sotib olishda to‘plagan bilimlarini bog‘lash orqali Ipoteka-bank mavqe’ini yanada mustahkamlashiga qat’iy ishonamiz. Bizning maqsadimiz mijozlarimizga keng filiallar tarmog‘i va yuqori sifatli raqamli xizmatlar orqali ham chakana, ham korporativ segmentlarda moliyaviy xizmatlarning to‘liq to‘plamini taklif qilishdir”, deya qo‘shimcha qildi u.

“OTP Bank kabi yirik xorijiy bankning mahalliy bozorimizga kirib kelishi raqobatni kuchaytirishga, korporativ boshqaruv standartlarini takomillashtirish va bank xizmatlari sifatini oshirishga xizmat qiladi”, – deya ta’kidladi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri Sherzod Kudbiyev.

“Biz barchamiz OTP Guruhi tomonidan Ipoteka-bank mijozlari, xodimlari va hamkorlariga taqdim etiladigan yangi imkoniyatlarni intiqlik bilan kutmoqdamiz. 2019-yildan buyon Ipoteka-bank uzluksiz transformatsiya jarayonlarini boshdan kechirmoqda, bu esa barqaror o‘sish va mahalliy banklar orasida kuchli pozitsiyani egallash imkonini bermoqda. Mazkur bitim, albatta, bizning tariximizda yana bir muhim bosqich bo‘ladi va shubhasiz, OTP Bank guruhining a’zosi sifatida mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatining yanada yuqori standartlarini taqdim eta olamiz hamda yangi raqamli texnologiyalar, mahsulotlar va boshqaruv tajribasi yordamida bank sektorida yetakchilikka erishamiz.”, - dedi Ipoteka-bank Boshqaruv raisi Elyor Inomjonov.

Tranzaksiya amalga oshgandan keyingi maqsad, bugundan boshlab muvaffaqiyatli integratsiya jarayonini o'tkazishdir: OTP Guruhi va Ipoteka-bank birgalikda mijozlar, xodimlar va hamkorlar ga yangi imkoniyatlarni taklif qilish maqsadida biznes amaliyotlari, filiallar tarmog’i, tizimlar, mahsulotlar va innovatsiyalarning turli jihatlarini sinchkovlik bilan o'rganib chiqadi. Ipoteka-bank mijozlaridan ushbu (egalik huquqini o‘tkazish bilan bog‘liq) bitim hech qanday harakatlarni amalga oshirishni talab etmaydi va ularga integratsiya jarayonlari bilan bog‘liq o‘zgarishlar haqida o‘z vaqtida ma’lumotlar taqdim etiladi.

Ipoteka bank haqida

Ipoteka-bank aktivlari hajmi bo'yicha 7,6 foiz bozor ulushiga ega O'zbekistonning beshinchi yirik banki hisoblanadi. Bank yirik korporativ mijozlarga ega bo'lishdan tashqari, chakana mijozlari soni 1,5 millionni tashkil etadi va 39 ta filiallar tarmog’i, 200 dan ortiq mijozlarga xizmat ko'rsatish markazlari orqali o’z faoliyatini amalga oshirib kelmoqda. Bank aktivlari, so‘nggi uch yilda kredit portfelida yillik o‘rtacha 20 foiz, depozit portfelida esa 24 foizga o‘sish hisobiga ko’payib, so‘nggi yillardagi sof foydasi ham doimiy ravishda yaxshilanib bormoqda.


OTP Guruhi haqida

OTP Guruhi, yuqori rentabellik, barqaror kapital va likvidlik pozitsiyasiga ega bo'lgan, Markaziy va Sharqiy Yevropa mintaqasidagi eng tez rivojlanayotgan va yetakchi bank guruhlaridan biri hisoblanadi. Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropaning 12 mamlakatida 41 000 dan ortiq xodimga ega bo'lgan guruh 17,5 milliondan ortiq mijozlarga universal moliyaviy xizmatlar ko'rsatadi. Markaziy va Sharqiy Yevropa mintaqasi bank sektoridagi eng faol moliyaviy birlashtiruvchi sifatida Guruh 2000-yillardan boshlab 23 ta bankni muvaffaqiyatli sotib oldi va birlashtirdi. Hozirgi vaqtda bank Vengriya, Bolgariya, Serbiya, Chernogoriya va Sloveniyada bozor yetakchisi hisoblanadi. OTP Guruhi bosh offisi Vengriyada joylashgan bo'lib, mulkchilikning diversifikatsiyalangan va shaffof tuzilmasiga ega. Bank Guruhi 1995 yildan beri Budapesht fond birjasida ro'yxatga olingan.