Ipoteka bank OTP Group ipoteka kreditlashda daromadlarni baholash imkoniyatlarini kengaytirmoqda
14.10.2026

Ipoteka bank OTP Group ipoteka kreditlashda daromadlarni baholash imkoniyatlarini kengaytirmoqda

Ipoteka bank OTP Group ipoteka kreditlarini rasmiylashtirishda mijozlarning to‘lov qobiliyatini baholashga yanada moslashuvchan yondashuvni joriy etmoqda. Endilikda bankning birlamchi uy-joy bozori uchun mo‘ljallangan barcha ipoteka mahsulotlari bo‘yicha mijozlarning rasmiy va qo‘shimcha daromadlari, jumladan norasmiy daromad manbalari ham inobatga olinishi mumkin.

Yangi yondashuv, ayniqsa, o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar, tadbirkorlar va daromadi bir nechta manbadan shakllanadigan mijozlar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. Arizalarni ko‘rib chiqishda bank rasmiy ish haqi bilan bir qatorda tadbirkorlik, mustaqil faoliyat va boshqa muntazam daromad manbalarini ham hisobga olishi mumkin. Bunda mijozning rasmiy daromadga ega ekani qo‘shimcha daromadlarini inobatga olish imkoniyatini cheklamaydi.

Tanlangan ipoteka dasturiga qarab, foiz stavkasi yillik 0 foizdan 23 foizgacha, boshlang‘ich badal 15 foizdan 26 foizgacha, kredit muddati 20 yilgacha, maksimal kredit miqdori esa 1,7 milliard so‘mgacha ajratiladi. Aniq shartlar tanlangan ipoteka mahsuloti, hudud hamda arizani individual ko‘rib chiqish natijalariga qarab belgilanadi.

Yangi imkoniyatlar O‘zbekistonning barcha hududlaridagi mijozlar uchun amal qiladi va yashash joyidan qat’i nazar, uy-joy xarid qilish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi. Daromad mijozning arizasi hamda kreditni rasmiylashtirish imkoniyatini tasdiqlovchi ochiq manbalardagi ma’lumotlar asosida baholanadi.

Shu bilan birga, daromadlarni baholashda qo‘llanilayotgan yanada moslashuvchan yondashuv ipoteka krediti avtomatik tarzda tasdiqlanishini anglatmaydi. Har bir ariza mijozning to‘lov qobiliyati va tegishli ipoteka dasturi talablari asosida individual tartibda ko‘rib chiqiladi.

Ipoteka mahsulotlari shartlari, qarz oluvchiga qo‘yiladigan talablar va zarur hujjatlar ro‘yxati haqida batafsil ma’lumot olish, shuningdek ariza topshirish uchun Ipoteka bank OTP Groupning filiallariga murojaat qilish yoki onlayn tarzda ariza qoldirish mumkin.

Ipoteka Mobile ilovasini yuklab oling va bankka bormasdan turib moliyangizni boshqaring

Oylik maosh, o‘tkazmalar, kreditlar va Ipoteka bank OTP Group’ning boshqa xizmatlari doimo qo‘l ostingizda

Ipoteka Mobile ilovasini yuklab oling
bg
↑
Oxirgi yangilanish sanasi: 14.10.2026