Ipoteka bank OTP Group hamda O’zshahar Qurilish Invest Yangi Toshkentdagi uy-joylar uchun foizsiz bo‘lib to‘lash imkoniyatini joriy etdi
Ipoteka bank OTP Group va O’zshahar qurilish invest birlamchi ko‘chmas mulk bozorida 5 yilgacha 0% li bo‘lib to‘lash asosida uy-joy sotib olish imkonini beruvchi yangi dasturni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuv imzoladi.
Dasturning birinchi loyihasi Yangi Toshkent hududida barpo etilayotgan Kelajak Residence turar-joy majmuasi hisoblanadi.
Mazkur dasturga ko‘ra, mijozlar bank tomonidan 1,3 milliard so‘mgacha moliyalashtirish imkoniga ega bo‘lib, bunda boshlang‘ich to‘lov eng kamida 20% tshkil etishi lozim. Qolgan miqdor esa belgilangan muddat davomida teng qismlarga bo‘linib, foizlarsiz va qo‘shimcha to’lovlarsiz to‘lab boriladi. Ushbu taklif yangi qurilayotgan uy-joylarni yanada ommalashtirishga xizmat qilib, zamonaviy majmuadan xonadon sotib olishni rejalashtirayotgan mijozlarga qulayliklar yaratadi.
“Ipoteka bank OTP Group O’zshahar qurilish invest bilan hamkorlikda uy-joy xaridi uchun shaffof va qulay moliyaviy yechimni taqdim etmoqda. 5 yilgacha 0%li bo‘lib to‘lash imkoniyati mijozlarga yangi qurilgan uy-joylarni yanada qulay shartlarda sotib olish imkonini beradi”, — dedi Ipoteka bank OTP Group ipoteka mahsulotlaru direksiyasi direktori Artyom Sarkisyan.
Mazkur dasturga oid batafsil shartlar, mijozlar uchun belgilangan talablar hamda ariza berish tartibi bankning rasmiy sahifalarida taqdim etiladi.