Ipoteka bank OTP Group va O‘zbekistonning Vengriyadagi elchixonasi  texnik ta’lim va mutaxassislarning kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlamoqda
09.09.2026

Ipoteka bank OTP Group va O‘zbekistonning Vengriyadagi elchixonasi texnik ta’lim va mutaxassislarning kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlamoqda

Qo‘shma tashabbuslar O‘zbekistonning uchta hududidagi texnik ta’lim muassasalarining moddiy-texnik salohiyatini mustahkamlash, shuningdek, mutaxassislar uchun Vengriyada stajirovka o‘tash va kasbiy malakani oshirish imkoniyatlarini kengaytirishni nazarda tutadi.

Toshkent, 2026-yil sentyabr. Ipoteka bank OTP Group va O‘zbekiston Respublikasining Vengriyadagi elchixonasi zamonaviy kasb-hunar ta’limini rivojlantirish hamda xalqaro tajriba almashinuvi orqali malakali kadrlar salohiyatini oshirishga qaratilgan hamkorlikni izchil kengaytirmoqda.

2026-yil 11-avgust kuni Ipoteka bank OTP Group Boshqaruv raisi Adam Szentpeteri O‘zbekiston Respublikasining Vengriyadagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Oybek Shaxavdinov bilan uchrashdi. Tomonlar muloqot davomida OTP Groupning O‘zbekistondagi faoliyati natijalari, o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari hamda texnik ta’limni rivojlantirish va malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar.

Ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish doirasida O‘zbekistonning hududiy texnik ta’lim muassasalarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Andijon viloyati Buloqboshi tumani 2-son texnikumi, Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani 2-son texnikumi hamda Jizzax viloyatidagi Abu Ali ibn Sino nomidagi Do‘stlik jamoat salomatligi texnikumi zamonaviy uskunalar bilan ta’minlanishi ko’zda tutilgan. Ushbu tashabbus texnik ta’lim sifatini yuksaltirish, amaliy tayyorgarlik imkoniyatlarini kengaytirish va malakali kadrlar tayyorlashga munosib hissa qo‘shishga qaratilgan.

Bundan tashqari, tomonlar O‘zbekistonning sog‘liqni saqlash, sud-huquq hamda madaniyat sohalarida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar uchun Vengriyada stajirovka va kasbiy rivojlanish dasturlarini tashkil etish istiqbollarini muhokama qildilar. 

Loyihalarni O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar doirasida OTP Group grant ko‘magida amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Tashabbuslar talabalar va mutaxassislar uchun zamonaviy uskunalardan foydalanish, amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish hamda xalqaro tajribani o‘zlashtirish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Ipoteka bank OTP Group Boshqaruv raisi Adam Szentpeteri:

“O‘zbekistonda kasb-hunar ta’limini rivojlantirish va yosh mutaxassislarning kasbiy salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatidan mamnunmiz. Zamonaviy uskunalar bilan ta’minlash va xalqaro tajriba almashinuvi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish ta’lim sifatini oshirish, malakali kadrlar tayyorlash hamda O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi samarali hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi”. 

Ta’lim sohasiga investitsiyalar Ipoteka bank OTP Groupning inson kapitalini rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash va O‘zbekistonning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga hissa qo‘shishga qaratilgan uzoq muddatli strategiyasining muhim qismidir.


Ipoteka Mobile ilovasini yuklab oling va bankka bormasdan turib moliyangizni boshqaring

Oylik maosh, o‘tkazmalar, kreditlar va Ipoteka bank OTP Group’ning boshqa xizmatlari doimo qo‘l ostingizda

Ipoteka Mobile ilovasini yuklab oling
bg
Oxirgi yangilanish sanasi: 09.09.2026