Xalqaro Fitch Ratings reyting agentligi seshanba kuni Ipoteka bank OTP Group reytingi bo‘yicha prognozni «Barqaror»dan «Ijobiy»ga ko‘tardi. Shu bilan birga, bankning uzoq muddatli defolt emitent reytingi (IDR) BB darajasida tasdiqlandi.
Agentlik, shuningdek, bankning hayotiylik reytingini (Viability Rating, VR) b darajasidan b+ darajasiga oshirdi. Ushbu ko‘rsatkich bankning ichki moliyaviy barqarorligini, ya’ni o‘z majburiyatlarini mustaqil ravishda bajarish va faqat o‘z moliyaviy imkoniyatlariga tayangan holda xatarlarga bardosh berish qobiliyatini baholaydi.
Fitch, shuningdek, aksiyadorlarni qo‘llab-quvvatlash reytingini (Shareholder Support Rating, SSR) bb darajasida tasdiqladi.
«Hayotiylik reytingining oshirilishi so‘nggi yillarda O‘zbekiston banklari uchun operatsion muhitning yaxshilangani, Ipoteka bank OTP Group tomonidan kredit portfeli sifatini yaxshilash va tarixiy muammoli aktivlar bilan bog‘liq xatarlarni bartaraf etish borasida erishilgan taraqqiyot, barqaror rentabellikka qaytish hamda kapitalizatsiyaning sezilarli darajada mustahkamlanishini aks ettiradi», — deya qayd etdi Fitch.
Agentlik, shuningdek, ushbu ijobiy o‘zgarishlar yaqin istiqbolda saqlanib qolishini kutmoqda.
«Fitch prognozining “Ijobiy”ga o‘zgartirilishi Ipoteka bank OTP Group transformatsiyasi natijalari va butun jamoamizning hissasining muhim e’tirofidir. Biz uchun bu bankni yanada kuchli va barqaror qilish uchun izchil amalga oshirib kelayotgan ishlarimizning e’tirofidir. Biz oldinga harakat qilishda va yangi natijalarga erishishda davom etamiz», — dedi Ipoteka bank OTP Group Boshqaruv raisi Adam Sentpetеri.
Bank reytingini belgilovchi asosiy omillar qatorida Fitch kredit portfeli sifatining yaxshilanishi, rentabellikning oshishi va kapitalning mustahkamlanishini qayd etmoqda.
Xususan, muammoli kreditlar (IFRS 9 bo‘yicha Stage 3) ulushi 2025-yil oxiriga kelib 19,7%gacha kamaydi, 2024-yilning birinchi yarmida esa bu ko‘rsatkich 23%ni tashkil etgan edi. Fitch 2026-yil oxiriga kelib ushbu ko‘rsatkich tarixiy muammoli kreditlar bilan bog‘liq masalalarning bosqichma-bosqich hal etilishi hisobiga 13%dan pastga tushishini kutmoqda.
Shu bilan birga, Ipoteka bank OTP Group yuqori rentabellikni namoyish etishda davom etmoqda. Fitch prognoziga ko‘ra, 2026-yilda bankning risk darajasiga moslashtirilgan aktivlarga (RWAs) nisbatan operatsion foydasi 6%dan oshadi. Bu bank o‘z faoliyati hisobidan samarali daromad olish va kapital shakllantirish qobiliyatini saqlab qolayotganini anglatadi.
Yana bir muhim omil — kapitalning sezilarli darajada mustahkamlanishi. Fitch Core Capital (FCC) koeffitsiyenti 2024-yildagi 12%dan 2025-yil oxiriga kelib 18,5%gacha oshdi. Fitch baholashiga ko‘ra, 2026-yil oxiriga kelib ushbu ko‘rsatkich qariyb 22%ga yetishi mumkin. Kapitalning yuqori darajasi bank uchun qo‘shimcha moliyaviy barqarorlik zaxirasini yaratadi va ehtimoliy yo‘qotishlarga yaxshiroq bardosh berish imkonini beradi.
Fitch, shuningdek, O‘zbekiston bank sektori faoliyat yuritayotgan sharoitlarning umuman yaxshilanganini qayd etmoqda. Bunga bank sektoridagi islohotlar, tartibga solish tizimining kuchaytirilishi va iqtisodiy o‘sishning barqarorligi yordam bermoqda. 2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekiston iqtisodiyoti yillik hisobda 8,5%ga o‘sdi.
Agentlik bunda OTP Bankning rolini ham alohida qayd etadi. Ipoteka bank OTP Group xalqaro bank guruhining bir qismi bo‘lib, bu bankka bosh bankning risklarni boshqarish va chakana kreditlash sohalaridagi tajribasidan foydalanish, shuningdek, uning ehtimoliy moliyaviy ko‘magidan foydalanish imkonini beradi.
Natijada Fitch bank yaqin yillarda aktivlar sifatini yaxshilashda davom etishini, yuqori rentabellikni saqlab qolishini va kapitalizatsiyani yanada mustahkamlashini kutmoqda.
Avvalroq Ipoteka bank OTP Group 2026-yilning birinchi yarmi yakunlari bo‘yicha moliyaviy natijalarini e’lon qilgan edi. Unga ko‘ra, bank ketma-ket ikkinchi chorakda O‘zbekistondagi eng yuqori sof foydaga ega bank bo‘ldi. Bankning IFRS bo‘yicha sof foydasi 1,24 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 43%ga oshdi.