Ipoteka bank OTP Group Xalqaro moliyaviy hisobot standartlari (XMHS) asosida 2026-yilning birinchi yarim yilligi yakunlari bo‘yicha moliyaviy natijalarini e’lon qildi. Hisobot davrida bankning sof foydasi 1,24 trln so‘mni (102,7 mln AQSh dollariga ekvivalent) tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 43 foizga o‘sishni qayd etdi. Mazkur natija bankning barqaror rivojlanishi, operatsion samaradorligi va transformatsiya dasturining muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini tasdiqlaydi. Shuningdek, Ipoteka bank OTP Group ketma-ket ikkinchi chorak davomida milliy buxgalteriya hisobi standartlari (MSBU/НСБУ) asosida shakllantiriladigan banklar rentabelligi reytingida yetakchi o‘rinni saqlab qolmoqda. Bu esa bankning moliyaviy barqarorligi va biznes modelining yuqori samaradorligini yana bir bor namoyon etadi.
“Biz ketma-ket ikkinchi chorak davomida sof foyda bo‘yicha bozordagi yetakchi pozitsiyamizni saqlab qolmoqdamiz. Bu natija transformatsiya dasturining muvaffaqiyatli amalga oshirilishi, doimiy takomillashtirish ishlari va jamoamizning samarali mehnati samarasidir. Biz mijozlar tajribasini yanada yaxshilash va bankning barqaror rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan xizmatlar sifatini izchil oshirishda davom etamiz”, — dedi Ipoteka bank OTP Group Boshqaruvi raisi Adam Szentpéteri.
• Bankning jami kapitali o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 20 foizga oshib, 9,5 trln so‘mni (787,5 mln AQSH dollari ekvivalenti) tashkil etdi. Operatsion foyda esa 1,39 trln so‘mga (115 mln AQSH dollari ekvivalenti) yetib, yillik hisobda 37 foiz o‘sishni qayd etdi.
• Xususiy kapital rentabelligi (ROE) — 26,2%
• Kapital yetarliligi ko‘rsatkichi (CAR) — 22%
• Aktivlar rentabelligi (ROA) — 5,8%
• Risk qiymati (Cost of Risk) — 0,1%
Barcha moliyaviy ko‘rsatkichlar Xalqaro moliyaviy hisobot standartlari (MHXS)ga muvofiq taqdim etilgan.
Moliyaviy natijalar bilan bir qatorda mijozlar tajribasini aks ettiruvchi ko‘rsatkichlar ham ijobiy dinamikani namoyon etmoqda. 2026-yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga ko‘ra, Ipoteka bank OTP Group mijozlar sodiqligi indeksi (NPS) bo‘yicha bank sektorida yetakchi o‘rinni egalladi. Mazkur ko‘rsatkich mijozlarning bank xizmatlaridan qoniqishi hamda uni boshqalarga tavsiya etishga tayyorligini aks ettiradi. Hisobot davrida NPS 66 foizni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 24 foiz bandga oshdi.
Bank filiallari va Kontakt-markazida mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifati ko‘rsatkichlari ham sezilarli darajada yaxshilandi. Hisobot davri yakunlariga ko‘ra, Mystery Shopping indeksi 91,8 foizni, Mystery Calling ko‘rsatkichi esa 94,1 foizni tashkil etdi. Ushbu natijalar mijozlar xizmat ko‘rsatish sifati, operativlik va bank bilan kundalik muloqot jarayonlaridagi ijobiy o‘zgarishlarni bevosita his qilayotganini tasdiqlaydi.
OTP Group ham 2026-yilning birinchi yarim yilligini mustahkam moliyaviy va operatsion ko‘rsatkichlar bilan yakunladi: sof foyda 1,56 mlrd yevroni tashkil etdi, xususiy kapital rentabelligi (ROE) 21 foizga yetdi, kapital yetarliligi darajasi (CAR) esa 20,3 foizgacha oshdi.
Shuningdek, yaqinda 2026-yil 27-iyuldan boshlab, Adam Szentpéteri Ipoteka bank OTP Group Boshqaruvi raisi etib tayinlangani ma’lum qilingan edi. U 2023-yildan buyon bank transformatsiyasi dasturiga rahbarlik qilib, Boshqaruv raisining o‘rinbosari hamda Strategiya va moliya bloki rahbari lavozimlarida faoliyat yuritgan.