Ipoteka Bank OTP Group Farg‘ona vodiysida yangi “Yangi Namangan” bank xizmatlari markazini ishga tushirdi

Nashr etilgan: 30 oktyabr, 2025

Ipoteka Bank OTP Group Namangan shahri, Yangi Namangan tumanida yangi bank xizmatlari markazini ishga tushirdi. Mazkur yangi ofis bankning mintaqaviy tarmoqlarini kengaytirish hamda zamonaviy xizmat ko‘rsatish standartlarini tatbiq etish yo‘nalishidagi strategik dasturining tarkibiy qismi hisoblanadi.

Markaz OTP Group’ning yangilangan brend dizayniga asosan yaratilgan bo‘lib, u zamonaviy dizayn yechimlari va qulay, funksional muhit bilan ajralib turadi. Bu yerda mijozlar — jismoniy hamda yuridik shaxslar — kredit va depozit mahsulotlarini rasmiylashtirish, maslahat xizmatlaridan foydalanish, shuningdek turli bank amaliyotlarini bajarish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Ipoteka Bank OTP Group Boshqaruv raisining o‘rinbosari Dmitriy Sapronov ta’kidlaganidek, yangi markazning ishga tushirilishi bankning mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga yo‘naltirilgan uzoq muddatli strategiyasining muhim bo‘lagi hisoblanadi:

«Biz o‘z tarmog‘imizni izchil kengaytirib, mijozlar uchun qulay, zamonaviy va texnologik muhit yaratishga intilyapmiz. Yangi Namangandagi markaz esa Yevropa standartlarini mahalliy ehtiyoj va madaniyat bilan uyg‘unlashtirishning yorqin namunasi bo‘lib xizmat qiladi».

“Yangi Namangan” markazining ochilishi — bu bankning mijozlarga yanada yaqin bo‘lish, ularga yuqori sifatli xizmatlar va zamonaviy moliyaviy yechimlarni taqdim etishga bo‘lgan intilishining navbatdagi isbotidir.

Manzil: Namangan viloyati, Namangan shahri, Yangi Namangan massivi, Islom Karimov ko‘chasi, 13-uy.