Ipoteka bank OTP Group bankning keyingi rivojlanishi va o‘sishi doirasida boshqaruv jamoasi tarkibidagi o‘zgarishlar haqida ma’lum qiladi.
Ipoteka bank OTP Groupda Boshqaruv raisining o‘rinbosari, Korporativ bank xizmatlari va bozor instrumentlari bloki rahbari Irakli Elashvili hamda Boshqaruv raisining o‘rinbosari, Operatsion blok rahbari Maksim Bykov o‘z faoliyatini yakunlamoqda. Operatsion blokni boshqarish vazifalari Boshqaruv raisining o‘rinbosari Dmitriy Volchekka yuklatildi.
Irakli Elashvili 2025-yildan buyon Boshqaruv raisining o‘rinbosari, Korporativ bank xizmatlari va bozor instrumentlari bloki rahbari lavozimida faoliyat yuritib kelgan edi. Faoliyati davomida Irakli bankning korporativ biznesini rivojlantirish, korporativ mijozlar va hamkorlar bilan munosabatlarni mustahkamlashga katta hissa qo‘shdi.
«Iraklining professionalligi va Ipoteka bank OTP Group rivojiga qo‘shgan hissasi uchun samimiy minnatdorchiligimni bildiraman. Bankdagi faoliyati davomida u korporativ biznesni rivojlantirish va mijozlarimiz hamda hamkorlarimiz bilan munosabatlarni mustahkamlashda muhim rol o‘ynadi. Biz uning bank faoliyatiga qo‘shgan hissasini yuqori baholaymiz va unga kelgusidagi faoliyatida muvaffaqiyatlar hamda eng ezgu tilaklarimizni bildiramiz», deya ta’kidladi Adam Szentpeteri.
Yaqin vaqt ichida bank korporativ bank xizmatlari uchun mas’ul bo‘lgan Boshqaruv raisining o‘rinbosari lavozimiga tanlov e’lon qiladi. Yangiliklarni bankning rasmiy resurslarida kuzatib boring.
Shuningdek, Boshqaruv raisining o‘rinbosari, Operatsion blok rahbari Maksim Bykov ham Boshqaruv tarkibini tark etmoqda. Maksim ushbu lavozimda 2025-yil aprelidan buyon faoliyat yuritib, bankning operatsion faoliyati va jarayonlar samaradorligi uchun mas’ul bo‘lib kelgan edi.
«Maksimning yetakchiligi, natijaga sodiqligi va jamoa faoliyatiga qo‘shgan hissasi uchun minnatdorchilik bildiraman. Bankdagi faoliyati davomida Maksim jamoa bilan birgalikda bankning operatsion samaradorligini sezilarli darajada mustahkamladi. Uning ishtirokida erishilgan natijalar va yo‘lga qo‘yilgan jarayonlar biznes barqarorligini yanada oshirish uchun ishonchli asos bo‘lib xizmat qiladi. Maksimga professional faoliyatining keyingi bosqichida muvaffaqiyatlar tilayman hamda uning mehnati va umumiy tariximizga qo‘shgan hissasi uchun minnatdorchilik bildiraman», dedi Adam Szentpeteri.
Avvalroq xalqaro reyting agentligi Fitch Ipoteka bank OTP Group reytingi bo‘yicha prognozni «Barqaror»dan «Ijobiy»ga yaxshilaganini ma’lum qilgan edi. Agentlik bankning moliyaviy natijalari barqarorligini qayd etdi.
Ipoteka bank OTP Group ketma-ket ikkinchi chorak davomida O‘zbekiston banklari orasida sof foyda bo‘yicha yetakchilikni saqlab qolmoqda. 2026-yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga ko‘ra, bankning MHXS bo‘yicha sof foydasi 1,24 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 43 foizga ko‘pdir.
Ipoteka bank OTP Group ushbu natijalarga qanday erishgani haqida batafsil bankning maxsus materialida o‘qing.