Joriy yilning 10 iyul kuni «Soyalar xabari» Telegram kanalida e’lon qilingan «Obunachilardan murojaat» sarlavhali maqolada keltirilgan holatlar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Mazkur murojaat bo‘yicha «Ipoteka-bank» ATIB Bosh ofisi mas’ul xodimlari tomonidan holat o‘rganildi.
O‘rganish natijasida mijoz bilan tuzilgan kredit shartnomasi amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq rasmiylashtirilgani, unda kreditning asosiy shartlari, jumladan, kredit summasi, muddati va yillik foiz stavkasi aniq belgilanganligi hamda shartnoma taraflar tomonidan imzolanganligi aniqlandi.
Mijozning qarzdorligi kredit shartnomasida nazarda tutilgan to‘lov jadvaliga belgilangan muddatlarda rioya qilinmaganligi natijasida shakllangan.
Shuningdek, bank tomonidan mijozga mavjud qarzdorlikni tartibga solish imkoniyatlari tushuntirilib, tegishli takliflar bildirildi.
Shu bilan birga, kredit shartnomasi, hisobvaraqlar, amalga oshirilgan operatsiyalar hamda mijozning qarzdorligi to‘g‘risidagi aniq ma’lumotlar «Bank siri to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq bank siri hisoblanadi. Mazkur Qonunning 3, 5 va 6-moddalari talablaridan kelib chiqib, Bank ushbu ma’lumotlarni ochiq manbalarda e’lon qila olmasligini ma’lum qilamiz.
Bank har bir murojaatni belgilangan tartibda sinchkovlik bilan o‘rganadi va mijozlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratadi.
Qo‘shimcha savollar yuzasidan Bankning aloqa markazi qisqa raqami 1233 orqali murojaat qilishingiz mumkin.