AKIB «Ipoteka-bank»da omonatlarni kafolatlash
AKIB «Ipoteka-bank»da joylashtirilgan mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 18-fevraldagi “Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq majburiy kafolatlash tizimiga kiradi. Davlat kafolati jismoniy shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslarning banklarda milliy hamda xorijiy valyutada joylashtirilgan omonatlariga tatbiq etiladi.
Kafolatlanadigan summa tarkibi
Kafolat miqdorini aniqlashda quyidagilar hisobga olinadi:
-
bank omonati yoki bank hisobvarag‘i shartnomasi bo‘yicha mablag‘lar qoldig‘i;
-
shartnoma shartlari bajarilgunga qadar alohida hisobvaraqlarda joylashtirilgan mablag‘lar (jumladan, eskrou hisobvaraqlari);
-
jamg‘arma yoki depozit sertifikatlari bilan tasdiqlangan mablag‘lar;
-
hisoblangan, ammo to‘lanmagan foizlar (agar shartnomada nazarda tutilgan bo‘lsa).
Davlat kafolati miqdori
Kompensatsiya bir omonatchiga bir bank doirasida quyidagicha to‘lanadi:
-
200 000 000 so‘mgacha — to‘liq miqdorda;
-
200 000 000 so‘mdan yuqori — faqat 200 mln so‘m doirasida.
Agar omonatchining bir bankda bir nechta omonatlari yoki hisobvaraqlari mavjud bo‘lsa, kompensatsiya umumiy summa bo‘yicha hisoblanadi va 200 mln so‘mdan oshmaydi.
Xorijiy valyutadagi omonatlar bo‘yicha to‘lovlar kafolat holati yuzaga kelgan sanadagi Markaziy bank kursi bo‘yicha milliy valyutada amalga oshiriladi.
Kafolatlanmaydigan mablag‘lar
Quyidagilar davlat kafolati doirasiga kirmaydi:
-
banklar, nobank kredit tashkilotlari, sug‘urta, lizing, investitsiya va boshqa moliyaviy tashkilotlar mablag‘lari;
-
davlat organlari, davlat tashkilotlari va korxonalari mablag‘lari;
-
bank bilan bog‘liq shaxslar omonatlari (qonunda ko‘rsatilgan istisnolar bundan mustasno);
-
xorijdagi filial va sho‘ba banklardagi mablag‘lar;
-
individual pensiya jamg‘armalaridagi mablag‘lar;
-
noqonuniy faoliyatdan kelib chiqqan mablag‘lar (sud qarori bilan tasdiqlangan).
Omonat hisoblanmaydigan mablag‘lar
Quyidagilar omonat sifatida qaralmaydi:
-
bank kapitaliga kiritilgan aksiyalar va boshqa instrumentlar;
-
bank tomonidan chiqarilgan obligatsiyalar va veksellar;
-
subordinatsiyalangan majburiyatlar;
-
bank seyflarida saqlanayotgan mablag‘lar;
-
derivativ moliyaviy instrumentlar bo‘yicha talablar;
-
ishonchli boshqaruvga berilgan mablag‘lar va mulk.
Kompensatsiya qachon to‘lanadi
Kafolat holati — bu O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan bank litsenziyasining bekor qilinishi hisoblanadi.
Shundan so‘ng:
-
2025-yildan — 20 ish kuni ichida;
-
2026-yildan — 15 ish kuni ichida;
-
2027-yildan — 7 ish kuni ichida kompensatsiya olish imkoniyati yaratiladi.
Kompensatsiya o‘z vaqtida olinmagan taqdirda ham, omonatchi uni keyinchalik talab qilish huquqiga ega.
Kompensatsiya olish uchun hujjatlar
-
bank omonati yoki hisobvaraq shartnomasi;
-
shaxsni tasdiqlovchi hujjat.
Qo‘shimcha shartlar
Agar omonat garov sifatida ishlatilgan bo‘lsa, u majburiyatni qoplashga yo‘naltiriladi.
Kafolat holati yuzaga kelgandan so‘ng, omonatchining talab huquqi kafolatlangan summa doirasida Agentlikka o‘tadi. Shu bilan birga, omonatchi ortiqcha summa bo‘yicha bankdan talab qilish huquqini saqlab qoladi.