Kredit imkoniyat bilan bi qatorda qo‘shimcha mas’uliyat ham yuklaydi. Aksariyat hollarda kredit bilan bog‘liq muammolar shunchaki rejasiz va oqibatlarini hisobga olmasdan olinganda yuzaga keladi.
Hozir kredit olishdan oldin nimalarga e’tibor berish kerakligini birgalikda ko‘rib chiqamiz. Avvalo, shaxsiy budjetingizni xolis va aniq baholash muhim. Buning uchun muntazam daromadlaringizni hamda doimiy xarajatlaringizni ko’rib chiqing: uy ijarasi, kommunal to‘lovlar, oziq-ovqat, transport, aloqa xizmatlari, ilovalarga obunalar va boshqa har oy takrorlanadigan sarflar. Shu tarzda, har oyda qo‘lingizda qancha mablag‘ ortib qolishi qolishini aniq bilib olasiz.
Agar haqiqatdan kredit olish zarurati tug‘ilgan bo‘lsa, masalaga shoshilmasdan, xotirjam va puxta o‘ylab yondashish muhim. Chunki ko‘plab moliyaviy qiyinchiliklar aynan qarorni o‘ylamasdan, shartlarni tushunmasdan yoki imkoniyatni noto‘g‘ri baholagan holda kredit olganda yuzaga keladi.
Kredit olishdan avval eng muhim qadam — budjetni real va xolis baholashdir. Bu sizga qaysi kredit hajmi va qay tarzdagi to‘lov grafigi mos kelishini aniqlashga yordam beradi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, barcha kreditlar bo‘yicha umumiy oylik to‘lovlar barqaror daromadning 30–40%idan oshmasligi kerak. Bu ko‘rsatkichdan yuqoriga chiqish moliyaviy xavflarni sezilarli darajada oshiradi.
Agar kredit yuklamasi haddan tashqari ko‘payib ketsa, eng oddiy kutilmagan holat ham moliyaviy muvozanatni izdan chiqarishi mumkin. Masalan, ish haqining kechikishi, sog‘liq bilan bog‘liq muammolar, avtomobil yoki uy-joyda shoshilinch ta’mir talab qilinishi — bularning barchasi yuqori kredit yuklamasi mavjud bo‘lganda odamni qiyin ahvolga solib qo‘yishi tabiiy.
Shuning uchun kredit olishda asosiy qoida — o‘zingizni qiynab qo‘ymaydigan, daromadingizga mos keladigan to‘lov miqdorini tanlashdir. Moliyaviy imkoniyatni to‘g‘ri baholash sizni ortiqcha stressdan himoya qiladi va kreditni hayotingizga yordam beruvchi vosita sifatida qabul qilish imkonini yaratadi.
Kredit tanlashda eng katta xatolardan biri — faqat oylik to‘lovga qarab qaror qilishdir. To‘lov kichik ko‘rinsa ham, bu ko‘pincha kreditning juda uzun muddatga cho‘zilganini va natijada ortiqcha to‘lov ancha katta bo‘lishini anglatadi. Shuning uchun har doim kreditning umumiy qiymati, qaytariladigan jami mablag’lar va ortiqcha xarajatlarni solishtirib ko‘ring — ba’zan ular kutilganidan ancha yuqori bo‘lib chiqadi.
Shuningdek, takliflarni taqqoslashda shoshilmaslik zarur. Kreditning haqiqiy qiymati barcha komissiyalar, shartlar va qo‘shimcha to‘lovlar hisoblanganidan keyingina yaqqol ko‘rinadi. Takliflarning har bir bandini solishtirib, shartlarni to‘liq anglab, moliyaviy yukni barcha bosqichlarda tahlil qilgan ma’qul.
Kredit doimiy pul yetishmovchiligini yopish uchun mo‘ljallanmagan, chunki agar asosiy ehtiyojlar uchun ham mablag‘ yetmayotgan bo‘lsa, qarz olish faqat muammoni vaqtincha kechiktiradi va yanada murakkablashtiradi. Bunday vaziyatlarda eng to‘g‘ri qadam — oila budjetini, daromad manbalarini va ustuvor xarajatlarni qayta ko‘rib chiqishdir.
Shu bilan birga, moliyaviy xavfsizlik yostig‘iga ega bo‘lish ham juda muhim. Eng maqbul variant sifatida zahiraning kamida uch oylik daromadga teng bo‘lishi tavsiya etiladi — bu maosh kechikishi yoki favqulodda holatlar yuzaga kelganda ishonchli himoya vazifasini bajaradi.
Eng asosiysi — hisob-kitob qilayotganingizda agar tashvish uyg‘onsa yoki o‘zingizni ortiqcha yuk ostida his qilsangiz, bunday belgilarni e’tiborsiz qoldirmang. Kreditni keyinroq olish har doim mumkin, lekin shoshma-shosharlik bilan va puxta o‘ylamasdan qabul qilingan qaror natijalari yillar davomida sezilishi mumkin.
Kredit shartnomasi — qarz oluvchining eng muhim hujjati bo‘lib, u bilan tanishib chiqish muhimdir. Matn uzoq yoki murakkab bo‘lib ko‘rinsa ham, barcha bandlarni diqqat bilan ko‘zdan kechirish kelajakdagi noqulayliklardan saqlaydi. Shartnomada foiz stavkasi talablari, muddatidan avval to‘lash tartibi, jarimalar qo‘llanishi mumkin bo‘lgan holatlar, qo‘shimcha to‘lovlar va boshqa majburiyatlar aniq ko‘rsatilgan bo‘ladi.
Shartnomani darhol imzolashga shoshilmang — hujjatni uyda yoki tinch sharoitda yana bir bor o‘qib chiqish, tushunarsiz bandlar bo‘lsa, mutaxassis yoki bank xodimidan izoh so‘rash to‘g‘ri yondashuvdir. Qaror qabul qilishda shoshilinchlik emas, balki puxta o‘ylangan va to‘liq tushungan holatda imzo qo‘yish sizni keyingi noqulayliklardan asraydi.
Kredit rasmiylashtirilgach, to‘lov jadvaliga qat’iy amal qilish juda muhim. Hatto kichik kechikishlar ham kredit tarixiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, kelgusida yangi kredit olish yoki qulay shartlarga ega bo‘lish imkoniyatini cheklashi mumkin.
To‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirish nafaqat intizom, balki moliyaviy mas’uliyatdir. Agar qo‘shimcha mablag‘ paydo bo‘lsa, kreditni muddatidan avval qisman yoki to‘liq yopish umumiy ortiqcha xarajatlarni kamaytiradi va foiz yukini yengillashtiradi.
Hatto dadil insonlar ham muhim qaror oldidan bir necha bor o‘ylab ko‘rishadi. Kredit — bu mas’uliyat. U bugungi ehtiyojni hal qiladi, ammo ertangi kun rejalaringizga ham ta’sir ko‘rsatadi.
Biz moliyaviy qarorlar odamga rivojlanishga yordam berishini, ortiqcha bosim yaratmasligini xohlaymiz, shu bois Ipoteka bank OTP Group mas’uliyatli kreditlash tamoyillarini qo‘llab-quvvatlab, mijozlarni imkoniyatlarini to‘g‘ri baholashga, puxta va ongli qaror qabul qilishga chorlaydi hamda kreditga ongli yondashish zarurligini alohida ta’kidlaydi.