Ipoteka bank OTP Group va O‘zbekiston Respublikasi Kiberxavfsizlik markazi mijozlarni kibertahdidlardan himoya qilish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirmoqda

Ipoteka bank OTP Group va O‘zbekiston Respublikasi Kiberxavfsizlik markazi moliyaviy sohada kibertahdidlarga qarshi kurashish bo’yicha hamkorlik memorandumini imzoladi. Mazkur hamkorlik raqamli xatarlar ortib borayotgan sharoitda mijozlar ma’lumotlari va moliyaviy mablag‘larini himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda kiberjinoyatlar, jumladan bank kartalari bilan bog‘liq firibgarlik holatlari va shaxsiy ma’lumotlar tarqalishi holatlari ortib bormoqda. Raqamli bank xizmatlari rivojlanishi bilan mijozlar xavfsizligini ta’minlash moliyaviy sektorning ustuvor vazifalaridan biriga aylanmoqda.

Memorandum kiberhujumlar bo‘yicha tezkor ma’lumot almashinuvi, yangi xavf-xatarlarni birgalikda tahlil qilish hamda mijozlar va bank tizimiga yetkazilishi mumkin bo‘lgan zararlarni oldini olish chora-tadbirlarini ishlab chiqishni nazarda tutadi.

“Raqamlashtirish sharoitida mijozlar xavfsizligini ta’minlash bizning asosiy vazifamizdir. Kiberxavfsizlik markazi bilan hamkorlik tahdidlarni tezkor aniqlash va moliyaviy operatsiyalarni himoya qilish imkoniyatini oshiradi”, — dedi Ipoteka bank OTP Group Boshqaruv raisi Sandro Rtveladze.

Tomonlar, shuningdek, mutaxassislarning professional salohiyatini oshirish va kiberxavfsizlik sohasida milliy standartlar asosini tashkil qilishi mumkin bo‘lgan ilg‘or tajribalarni joriy etish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldilar.

Hamkorlik moliyaviy tizim barqarorligini mustahkamlash va O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining manfaatlarini himoya qilish yo‘lida amaliy qadam sifatida baholanmoqda.


Ilovani yuklab oling

Ish haqi loyihasi va "Ipoteka-bank"ning boshqa xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga bir necha soniyada ega bo'ling

Ipoteka Retail ilovasini yuklab oling