Kreditning o‘zi muammo tug‘dirmaydi. Qarzdorlik mablag‘lari masalani tezda hal qilishga yordam berishi ham, keyinchalik ortiqcha moliyaviy majburiyatlarga sabab bo‘lishi ham mumkin.
Asosiy qiyinchiliklar kreditni o‘ylab ko‘rmasdan, hisob-kitob qilmasdan va oqibatlarini anglamasdan olinganda yuzaga keladi.
Keling, kredit rasmiylashtirishdan oldin nimalarga ahamiyat berish zarurligini birgalikda ko‘rib chiqamiz.
Birinchi navbatda o‘z budjetingizni xolisona baholashdan boshlash lozim. Barcha doimiy daromadlar hamda majburiy xarajatlarni hisob-kitob qiling: ijara puli, kommunal xizmatlar, oziq-ovqat, transport, aloqa, ilovalar uchun to‘lovlar va boshqa muntazam sarflar. Shundan so‘nggina har oyda sizda erkin foydalanish uchun qancha mablag‘ ortib qolishini aniq tushunish mumkin bo‘ladi.
Mutaxassislar qarzlar bo‘yicha barcha oylik to‘lovlar barqaror daromadning 30–40 foizidan oshmasligini maslahat berishadi. Agar bu ko‘rsatkich yuqori bo‘lsa, istalgan kutilmagan holat moliyaviy barqarorlikni izdan chiqaradi. Ish haqi kechikishi, sog‘liq bilan bog‘liq muammo yoki uyda paydo bo‘lgan shoshilinch ta’mirlash – barchasi jiddiy qiyinchilikka aylanadi.
Agar sizda allaqachon kredit majburiyatlari mavjud bo‘lsa, yangi qaror qabul qilish jarayonida ularni albatta inobatga olish zarur. Barcha qarzlar, ularning muddati va foiz stavkalarini alohida qayd qilib chiqing. Ba’zan yangi qarz olishdan ko‘ra, avval mavjud qarzlarni tartibga keltirish yoki optimallashtirish ancha maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Ayrim vaziyatlarda kreditni qayta moliyalashtirish ham foyda berishi mumkin, biroq uning shartlarini ham batafsil tahlil qilish muhim.
Bugungu kunda keng tarqalgan xatolardan biri — faqat oylik to‘lov miqdoriga qarab baho berishdir. To‘lov qulay ko‘ringani bilan, uning ortida uzoq muddatli grafik yoki katta miqdordagi ortiqcha to‘lov yashiringan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun har doim kreditning yakuniy qiymatini va bankka to‘lashingiz kerak bo‘lgan umumiy summani solishtirib chiqing. Ko‘pincha farq kutganingizdan ham katta bo‘lib chiqadi.
Kredit doimiy yetishmayotgan pul oqimini yopish uchun mo‘ljallanmagan. Agar mablag‘ asosiy ehtiyojlarni qoplashga yetmayotgan bo‘lsa, qarz olish muammoni vaqtinchalik ortga suradi, xolos, va oxir-oqibat uni yanada qimmatga tushiradi. Bunday holatlarda avvalo budjetni qayta ko‘rib chiqish, daromad manbalarini tahlil qilish va ustuvor xarajatlarni aniqlab olish ma’qul.
Shuningdek, moliyaviy xavfsizlik yostig‘iga ega bo‘lish juda muhim. Eng maqbul zaxira — uch oylik daromadga teng jamg‘arma bo‘lib, u ish haqi kechikishi yoki boshqa kutilmagan vaziyatlarda ishonchli qo‘llab-quvvatlovchi vosita sifatida xizmat qiladi.
Eng asosiysi, agar hisob-kitoblar jarayonida sizda xavotir paydo bo‘lsa yoki o‘zingizga ortiqcha mas’uliyat yuklayotgandek his qilsangiz, bu signallarga quloq tutish lozim. Kreditni keyinroq ham olish mumkin, biroq shoshilinch qabul qilingan qarorning oqibatlari yillar davomida sezilib turishi mumkin.
Shuning uchun kredit rasmiylashtirishdan oldin oqibatlarni oldindan ko‘rib chiqish, imkoniyatlarni baholash va faqat shundan keyingina qaror qabul qilish kerak. Olingan qarz mablag‘lari puxta hisob-kitob va adolatli qarorlarni talab qiladi. Biz moliyaviy qarorlar qo‘shimcha bosim emas, balki rivojlanishga turtki bo‘lishini istaymiz. Shu maqsadda, Ipoteka bank OTP Group mas’uliyatli kreditlash tashabbusini ilgari surgan holda kreditga ongli yondashuv ahamiyatini alohida ta’kidladi.
Shu maqsadda, Ipoteka bank OTP Group mas’uliyatli kreditlash tashabbusini ilgari surgan holda, kreditga ongli yondashish, imkoniyatlarni to‘g‘ri baholash va moliyaviy barqarorlikni saqlashning muhimligini alohida ta’kidlaydi.
Biz uchun kredit — real imkoniyatlarga mos, tushunarli va bajara oladigan yechim bo‘lishi muhim. Axir, hatto jasur insonlar ham muhim qaror oldidan ikki marta o‘ylab ko‘rishadi.