Ipoteka Bank OTP Group yillik UZCARD AWARD 2025 marosimida bir vaqtning o‘zida ikki mukofotni qo‘lga kiritdi va raqamli to‘lov yechimlari bo‘yicha yetakchiligini yana bir bor tasdiqladi. Natijalarga ko‘ra, bank «Eng yaxshi emitent» hamda «Sifatli emissiya» nominatsiyalari bilan taqdirlandi. Mazkur mukofotlar operatsion amaliyotlarning barqarorligi, texnologiyalarning ishonchliligi va mijozlarga ko‘rsatilayotgan xizmatning yuqori darajasi uchun beriladi.
«Ushbu mukofotlar samarali tashkil etilgan jarayonlar va texnologik yechimlarning yuqori natijadorligini tasdiqlaydi. Biz uchun bu jamoaviy hamkorlik hamda asosiy jarayonlarga tizimli yondashuvning samarasidir», — deya ta’kidladi Ipoteka Bank OTP Group Boshqaruv raisi o‘rinbosari, Operatsion blok rahbari Maksim Bikov.
Mukofotlar Ipoteka Bank OTP Group va Uzcard o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikni, to‘lov infratuzilmasini rivojlantirish va moliyaviy xizmatlar sifatini oshirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarni e’tirof etadi. Ushbu hamkorlik mijozlarga xalqaro standartlarga muvofiq zamonaviy va ishonchli to‘lov yechimlarini taqdim etishga xizmat qiladi.
Ilgari Ipoteka Bank OTP Group Financial Times guruhiga mansub The Banker nashri tomonidan O‘zbekistonda «Yil banki» sifatida, shuningdek Euromoney nashri tomonidan «O‘zbekistonda mijozlar uchun eng yaxshi bank» sifatida e’tirof etilgan. Ushbu mukofotlar jahon moliya sohasidagi eng nufuzli taqdirlovlardan hisoblanib, har yili barqaror moliyaviy natijalarga erishgan, texnologik rivojlanishni ta’minlagan va jamiyat taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shgan banklarga beriladi.