Nashr etilgan: 30 sentyabr, 2025
O‘zbekistonda e’lon qilingan Atrof-muhitni muhofaza qilish va “Yashil iqtisodiyot” yili doirasida Ipoteka Bank va OTP Group hamkorlikda “Eko Qog‘oz” tashabbusini amalga oshirdi. Bugungi kunga kelib bankning 80% dan ortiq filial va ofislari ekologik toza qog‘ozdan foydalanishga o‘tgan bo‘lib, bank bosqichma-bosqich to‘liq (100%) qamrovga erishishga intilmoqda. Yangi qog‘oz mas’uliyat bilan boshqariladigan o‘rmonlardan olingan yog‘ochdan ishlab chiqariladi, “O‘rmon standarti” tizimi bo‘yicha sertifikatlangan hamda pastroq uglerod iziga ega. Ushbu tashabbus Ipoteka Bankning atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirishga va barqaror rivojlanish tamoyillarini mustahkamlashga bo‘lgan sodiqligini namoyon etadi.
Har bir qog’ozda maxsus “Eco Paper / Eko qog‘oz” belgisi mavjud bo‘lib, u elektron hujjat aylanishi (EHA) tizimi va printer sozlamalariga ham integratsiya qilingan, hujjatlar chop etilganda avtomatik tarzda aks etadi. Ushbu yondashuv manfaatdor tomonlar orasida ESG madaniyatini oshirishga hamda mijozlarning kundalik hayotida tovar va xizmatlardan mas’uliyatli foydalanish masalalariga e’tiborini jalb etishga qaratilgan.
Bank xodimlari mijozlarni tashabbus haqida qo‘shimcha ravishda xabardor qilib, eko-qog‘ozga o‘tish Ipoteka Bankning “yashil” iqtisodiyot qadriyatlariga va kelajak avlodlar manfaatida resurslardan oqilona foydalanishga sodiqligini ta’kidlamoqdalar.