Ipoteka bank OTP Group Euromoney Awards for Excellence 2025 mukofotlarida ikki nufuzli sovringa sazovor bo‘ldi

Nashr etilgan: 18 iyul, 2025

Toshkent, 2025 yil 18 iyul — Ipoteka bank OTP Group 2025 yil 17 iyul kuni Londonda bo‘lib o‘tgan Euromoney Awards for Excellence 2025 tantanali marosimida ikki nufuzli mukofot bilan taqdirlandi:

  • O‘zbekistondagi Eng yaxshi iste’mol banki
  • O‘zbekistondagi ESG sohasidagi eng yaxshi bank

Ushbu mukofotlar Ipoteka bank OTP Group’ning O‘zbekiston moliya sektorida innovatsiyalar, mijozlarga yo‘naltirilgan xizmat va barqaror rivojlanishga doimiy intilishini e’tirof etadi.

O‘tgan yil davomida Ipoteka bank OTP Group mijozlar tajribasini yangilashda sezilarli yutuqlarga erishdi. Bank turli mijoz toifalariga mos innovatsion mahsulotlarni ishga tushirdi, mobil ilovadagi foydalanuvchi yo‘lini yaxshiladi va filiallardagi xizmatlarni qayta ko‘rib chiqib, bank xizmatlarini yanada intuitiv va qulay qildi. Bu – mijozlar kutganidan ortiq xizmat ko‘rsatishga va sifatni uzluksiz oshirishga qaratilgan keng qamrovli strategiyaning bir qismidir.

ESG sohasida bank ekologik jihatdan mas’uliyatli loyihalar va bizneslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “yashil kredit” dasturlari orqali muhim natijalarga erishdi. Bundan tashqari, Ipoteka bank OTP Group o‘zining karbon izini kamaytirishga qaratilgan tashabbuslarni amalga oshirmoqda hamda O‘zbekistonda barqaror bank amaliyotini ilgari surish bo‘yicha yetakchilik qilmoqda. Jahon moliya maydonida ESG tamoyillarining ortib borayotgan ahamiyatini inobatga olgan holda, bank barqaror yondashuvni barcha yo‘nalishlarda rivojlantirib bormoqda.

Umuman olganda, OTP Group jami 16 ta nominatsiyada e’tirof etildi. Jumladan, OTP Group Markaziy va Sharqiy Yevropadagi eng yaxshi iste’mol banki deb topildi. Bu mukofotlar guruhning nafaqat kuchli moliyaviy ko‘rsatkichlarini, balki innovatsiyalar, raqamli transformatsiya, barqaror rivojlanish va sifatli mijoz tajribasiga sodiqligini ham tasdiqlaydi.

“11 ta davlatda 17 million mijozga xizmat ko‘rsatayotgan OTP Group sun’iy intellekt asosida yaratilgan, mijozga yo‘naltirilgan innovatsion yechimlarni joriy etmoqda. Mintaqaviy tajribamiz transchegaraviy hamkorlikni kengaytirishga imkon beradi. Ilg‘or raqamli xavfsizlik vositalari esa shaxsiylashtirilgan va ishonchli tajribani ta’minlaydi. Har bir bozor ehtiyojlariga mos keladigan texnologiyalar orqali biz bank sohasining kelajagini shakllantirmoqdamiz,” — dedi Péter Csányi, OTP Bank bosh direktori.

“Ipoteka bank OTP Group sa’y-harakatlarining xalqaro miqyosda e’tirof etilgani bizni quvontiradi. Bu mukofotlar O‘zbekistonda zamonaviy, barcha uchun ochiq va barqaror moliyaviy ekotizim yaratish yo‘lidagi sadoqatimizni aks ettiradi. Bizning eng muhim ustuvorligimiz — mijozlarga g‘amxo‘rlik qilish va ularning ehtiyojlariga mos, jamiyatimizning uzoq muddatli farovonligiga hissa qo‘shuvchi yechimlar yaratishdir,” — dedi Sandro Rtveladze, Ipoteka bank OTP Group bosh direktori.

Ushbu e’tirof Ipoteka bank OTP Group’ning O‘zbekiston bank sektorini modernizatsiya qilishdagi yetakchi rolini va xalqaro standartlarga intilishini yana bir bor tasdiqlaydi.